بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Hadisi Sharif bilan
Muloyimlik
Aziz muxlislar, “Hadisi Sharif bilan” nomli ruknimizning yangi sonini samimiy salomlar bilan boshlaymiz. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: “إِنَّ اللَّهَ تَعَالَى رَفِيقٌ يُحِبُّ الرِّفْقَ، وَيُعْطِي عَلَى الرِّفْقِ مَا لَا يُعْطِي عَلَى الْعُنْفِ، وَمَا لَا يُعْطِي عَلَى مَا سِوَاهُ” رَوَاهُ مُسْلِمٌ، وَفِي رِوَايَةٍ لَهُ: قَالَ لِعَائِشَةَ: “عَلَيْكِ بِالرِّفْقِ، وَإِيَّاكِ وَالْعُنْفَ وَالْفُحْشَ، إِنَّ الرِّفْقَ لَا يَكُونُ فِي شَيْءٍ إِلَّا زَانَهُ، وَلَا يُنْزَعُ مِنْ شَيْءٍ إِلَّا شَانَهُ“.
Oisha onamiz roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganliklarini rivoyat qildi: “Albatta, Alloh Taolo muloyimdir, muloyimlikni yaxshi ko‘radi. Qo‘pollikka va boshqalarga bermagan narsani muloyimlikka beradi”. (Musulmon rivoyati). Boshqa bir rivoyatda Oisha roziyallohu anhoga shunday dedilar: “Muloyim bo‘l, qo‘pollik va fahshdan saqlan, muloyimlik nimada bo‘lsa, uni go‘zal qiladi, muloyimlik bo‘lmagan har qanday narsa nuqsonli bo‘ladi”.
Muloyimlik qo‘pollikning ziddidir. Muloyim bo‘lish – bu do‘stlar bilan xushmuomalada bo‘lish, har bir ishni eng yaxshi va eng qulay uslub bilan hal qilishdir.
“Albatta, Alloh Taolo muloyimdir” degan so‘zning ma’nosi shuki, U Zot bandalariga mehribondir, ular uchun yengillikni xohlaydi, qiyinchilikni xohlamaydi, ularni kechiradi va ularga qo‘llaridan kelmagan mas’uliyatni yuklamaydi, bandalarining bir-biriga yaxshilik qilishlarini sevadi va bundan mamnun bo‘ladi, bandalari o‘zaro bir-biriga muloyim bo‘lishini xohlaydi.
“Muloyimlikka beradi”, ya’ni, ajr-savob beradi va orzu qilingan maqsadlarni amalga oshiradi.
“Qo‘pollikka bermagan narsa” ya’ni, qo‘pollik bilan erishilmagan narsaga yumshoqlik bilan erishiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Oisha roziyallohu anhoga aytgan: “Muloyim bo‘l, qo‘pollik va fahshdan saqlan”, degan gaplariga kelsak, bu qo‘pollikdan kelib chiqadigan narsadir. Darhaqiqat, har qanday narsada muloyimlik bo‘lsa, ya’ni uning mohiyati va xususiyatlari bo‘lsa, uni go‘zallashtirib, nuqsonlarini ketkazadi. Muloyimlik nimada bo‘lishidan qat’iy nazar uning aybini yashiradi.
Sufyon as-Savriy aytadi: “Muloyimlik nima ekanligini bilasizmi? Muloyimlik – bu narsalarni o‘z o‘rniga qo‘yishdir. Qattiqqo‘llikni o‘z o‘rniga, rahm-shafqatni o‘z o‘rniga, qilichni o‘z o‘rniga, qamchini o‘z o‘rniga qo‘yishdir”.
G‘azzoliy aytadi: “Muloyimlik maqtovga loyiq bo‘lib, uning aksi qo‘pollikdir. Qo‘pollik g‘azab va odobsizlikdan kelib chiqadi. Muloyimlik va nafosat yaxshi xulq-atvordan kelib chiqadi. Muloyimlik faqat yaxshi xulq-atvorning samarasidir. Xarakterni faqat g‘azab va istak kuchini boshqarish va ularni nazorat qilish orqali yaxshilash mumkin. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muloyimlikni ulug‘lab, maqtaganlar. Boshqacha aytganda: Alloh Taolo bandalariga mehribondir, ular uchun yengillikni xohlaydi, qiyinchilikni xohlamaydi, ularga qo‘lidan kelmagan mas’uliyatni yuklamaydi, aksincha, ularni mag‘firat qiladi va ularga yaxshilik qiladi. Muloyimlik – bu dunyoda go‘zallik, maqtov va o‘z maqsadlariga erishishda qulaylik yaratadigan, oxiratda esa, buyuk ajrga sabab bo‘ladigan xislatdir. Ya’ni qo‘pollikka berilmagan narsa, muloyimlikka berildi. Har bir ishda muloyimlikni izlashimiz uchun Alloh Taolo bizlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlab, O‘zini muloyim deb sifatladi.
Ey Musulmon birodarim!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ishtiyoqida bo‘lganlaridek, buzuq voqelikni o‘zgartirishga intilayotganlarning birinchi vazifasi shuki, Islom Ummati siz ularning hizmatida ekanligingizni va ularning dunyo va oxiratda baxtli bo‘lishiga ishtiyoqmand ekanligingizni, bu ularning ham asosiy tashvishi ekanligini his qilishi lozimdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning orzusi odamlarni jahannamdan qutqarib, oxiratda jannat bilan xursand qilish edi. Da’vatchilar har qanday takabburlikdan, manmanlikdan va qo‘pollikdan o‘zlarini tiyib, muloyimlik va rahm-shafqat bilan Ummatni qo‘lidan tortish uchun bel bog‘lashgan. Ular hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘yishga intilishadi. Agar ulardan Ummat manfaati uchun qattiqqo‘llik talab qilinsa, kofirlarning Ummat manfaatlariga zid harakatlarini fosh qilishda qattiqqo‘l bo‘ladilar. Shuning uchun ular Islom Ummatining ajralmas qismi bo‘lib, uning manfaatlarini qabul qilganlar. Chunki ular Alloh Taoloning yordami bilan Islom Ummatini yuksaklikka olib chiqish va uni dunyo va oxirat azizligiga yetkazish uchun doimiy muloyimlik ko‘prigi bo‘ldilar.
Aziz birodarlar, navbatdagi «Hadisi Sharif bilan» nomli ruknimizgacha Alloh Taoloning panohida bo‘ling. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.
05 JUmmadul Ula, 1446h yil.
07 Noyabr, 2024m yil.