Xalqaro moliyaviy tashkilotlar nima uchun Qambar ota-1 GESiga qiziqmoqda?

30
0

Xalqaro moliyaviy tashkilotlar nima uchun Qambar ota-1 GESiga qiziqmoqda?

Qirg‘iziston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Adilbek Qosimaliyev Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani bilan Qambar-Ota-1 GESi qurilishini muhokama qildi. Bu haqda 26-oktabr kuni hukumatga qarashli axborot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, uchrashuv Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchilarining yillik uchrashuvi doirasida bo‘lib o‘tgan. Bassani o‘z nutqida Qambar-Ota-1 qurilish loyihasini qo‘llab-quvvatlashini bildirib: “Qambar-Ota GES-1 loyihasini amalga oshirishda Jahon banki Qirg‘izistonga har tomonlama yordam berishga tayyor”, dedi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, GES qurilishiga 4 milliard dollardan ortiq mablag‘ kerak bo‘ladi.

Izoh:

Bundan avval Xalqaro valyuta jamg‘armasi vakili ham Bosh vazir Aqilbek Japarov bilan uchrashib, Qambar-Ota-1 GESi qurilishi haqida ma’lumot olgan va bu borada Qirg‘iziston bilan hamkorlikni kuchaytirishini ma’lum qilgan edi. Ma’lumki, Rossiya mazkur loyihani amalga oshirishga to‘sqinlik qilib kelmoqda. Biroq u hozirgi kunda Ukraina botqog‘iga botib qolganligi va o‘z ta’siri ostidagi mintaqalarda avvalgidek siyosat olib bora olmayotgani sababli, Qirg‘iziston boshqa manbalar yordamida Rossiya manfaatlariga zid strategik loyihalarni amalga oshirishga harakat qilmoqda.

Xalqaro moliyaviy tashkilotlarning manfaatlariga kelsak, bu tashkilotlar mamlakatda elektr tariflarini oshirish talabi bilan kreditlar beradi. Masalan, o‘tgan yili Jahon banki Qirg‘izistonga 20 million dollar bermoqchi bo‘lganida, bankning sobiq vitse-prezidenti Anna Berde: “Arzon tariflar keragidan ko‘ra ko‘proq elektr iste’mol qilishga undaydi. Biz buning o‘zgartirilishi tarafdorimiz”.

Jahon banki va boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlar mustamlakachilarning quroli ekanligida hech shubha yo‘q. Mustamlakachilar ularning yordamida mamlakatlarni qarzga botirib, o‘zlarining siyosiy va iqtisodiy manfaatlarini amalga oshiradilar. Qolaversa, energetika tarmog‘ini isloh qilish bahonasida xususiy shaxslarga o‘tkazib berish ortida ham moliyaviy tashkilotlarning manfaati yotadi. Shuningdek, ular xususiylashtirish va elektr tariflarining narxini oshirish orqali o‘lkamizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar tannarxi ko‘tarilishini xohlashadi. Natijada mahalliy tadbirkorlar chet el kapitalistlarining arzon narxlardagi tovarlari qarshisida raqobatlasha olmay qoladi. Xalqaro moliyaviy tashkilotlar shu tariqa kapitalistik tuzumning zulmlarini amalga oshirib beradi.

Aslini olganda, elektr energiyasi omma xalqning mulki bo‘lib, unga davlat yoki xususiy kompaniyalar egalik qilishi Islomda joiz emas. Uning o‘zi ham, undan tushgan daromad ham Ummatga tegishli bo‘lib, har bir fuqaroga taqsimlanishi kerak.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar:

اَلْمُسْلِمُونَ شُرَكَاءُ فِى ثَلاَثٍ فِى الْمَاءِ وَالْكَلَإِ وَالنَّارِ

“Musulmonlar uch narsada – suvda, yaylovda va olovda sherikdirlar”. Anas roziyallohu anhu ham bu hadisni Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilib, “uning puli haromdir” degan so‘zni ilova qilgan. Binobarin, umumiy mulk yoki undan olinadigan daromad har bir fuqaroga yetib borishini ta’minlash davlatning burchidir.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, O‘rta Osiyo xalqlari, shu jumladan Qirg‘iziston ham avvalo bu kapitalistik tuzilmadan voz kechib, mustamlakachilarni quvib chiqarmagunicha o‘z mulkiga o‘zi egalik qila olmaydi. Ularni quvib chiqara oladigan va xalq manfaatlarini himoya qiladigan tuzum esa faqat Islomda mavjud. Shunday ekan, ey xalq va uning boshida turganlar, keling, shu yo‘lda harakat qilaylik!

Nurdin Asanaliyev

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.