بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Hadisi Sharif bilan
Allohning rahmati va azobi
Aziz muxlislar, “Hadisi Sharif bilan” nomli ruknimizning yangi sonini samimiy salomlar bilan boshlaymiz. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.
Imom Ahmad o‘zining “Musnad”ida “Agar mo‘min Alloh huzuridagi azob qandayligini bilganda edi, jannatga intilmas edi…”, degan hadisni rivoyat qilgan.
حَدَّثَنَا أَبُو عَامِرٍ حَدَّثَنَا زُهَيْرٌ عَنِ الْعَلَاءِ عَنْ أَبِيهِ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ لَوْ يَعْلَمُ الْمُؤْمِنُ مَا عِنْدَ اللَّهِ مِنْ الْعُقُوبَةِ مَا طَمِعَ فِي الْجَنَّةِ أَحَدٌ وَلَوْ يَعْلَمُ الْكَافِرُ مَا عِنْدَ اللَّهِ مِنْ الرَّحْمَةِ مَا قَنَطَ مِنْ الْجَنَّةِ أَحَدٌ خَلَقَ اللَّهُ مِائَةَ رَحْمَةٍ فَوَضَعَ رَحْمَةً وَاحِدَةً بَيْنَ خَلْقِهِ يَتَرَاحَمُونَ بِهَا وَعِنْدَ اللَّهِ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ رَحْمَةً
Abu Omir bizga Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Agar mo‘min Alloh huzuridagi azob qandayligini bilganda edi, hech kim jannatga intilmas edi. Agar kofir Allohning huzuridagi rahmat nimaligini bilganda edi, hech kim jannatdan umidini uzmasdi. Alloh Taolo yuzta rahmat yaratib, bitta rahmatni maxluqotlariga berdi. Ular u bilan bir-birlariga rahm-shafqat qiladilar. Allohning huzurida to‘qson to‘qqiz rahmat bor”.
“Agar kofir Allohning huzuridagi rahmat nimaligini bilganda edi, hech kim uning jannatidan umidini uzmasdi” degan so‘z kofirga tegishlidir. Ammo mo‘min uchun buning aksi bo‘ladi. “Jannatdan umidini uzmasdi” deganining ma’nosi shundan iboratki, agar kofir Alloh Taoloning rahmati kengligini bilganda edi, uning rahmati u bilgan buyuk azobni yo‘q qilishini umid qilib, jannatga intilardi. U Zotning rahm-shafqati kengligini bilgan kishi uning aksi bo‘lgan azob-uqubatlarga e’tibor bermay, rahm-shafqatga intiladi.
Al-Muborakpuriy aytadi: “Mo‘min kishi jannatga intilish uchun tanlab olingan”. Shuning uchun u intilishini yo‘qotsa, hamma narsasini yo‘qotadi. Xuddi shunday, kofirda umidsizlik tabiati borligi sababli, undan noumidlik olib tashlansa, hamma narsadan qutuladi. Hadisda Alloh Taoloning rahmati va azobining buyukligi bayon qilingan. Toki, mo‘min Allohning rahmatiga aldanib, azobiga duchor bo‘lmasin, kofir esa Allohning rahmatidan umidini uzib, rahmat eshigini tark etmasin”.
Aziz birodarlar!
Rahmdillik Alloh Taoloning sifatlaridan biridir. Bu esa, musulmonni Allohning rahmati va marhamatidan umidini uzishga yo‘l qo‘ymaydi. Inson Allohning rahmdil, mehribon, tavbani qabul qiluvchi, shafqatli, mag‘firatli, ayblarni yashiruvchi va duolarni ijobat qiluvchi sifatlarini bilib, unga imon keltiradi. Gunoh qilsa, Alloh Taolodan rahm-shafqat qilishini, kechirishini va tavbasini qabul qilishini so‘rab, Allohning mumin bandalariga bo‘lgan rahmatiga umid bog‘lab duo qiladi. Bu Allohga qaytishga va har doim gunoh qilganda, Unga tavba qilishga olib keladi. Umidsizlik uning qalbiga yo‘l topolmaydi. Sabr va matonatga ishongan odam qanday qilib umidsizlikka tushadi? Inson Alloh Taoloning Rahim, Karim va Halim sifatlarini bila turib, qanday qilib Uning rahmatidan umidini uzishi mumkin?
Avvalgilarning ahvoli umid va qo‘rquvdan iborat edi. Shuning uchun hamisha Alloh Taolo haqida yaxshi gumonda bo‘lish lozim. Chunki banda Robbisi haqida qanday gumonda bo‘lsa, Robbisini shunday topadi.
Aziz birodarlar, navbatdagi «Hadisi Sharif bilan» nomli ruknimizgacha Alloh Taoloning panohida bo‘ling. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.
22 Robius Sani, 1446h yil.
25 oktyabr, 2024m yil.