بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Hadisi Sharif bilan
Alloh sheriklarga muhtoj emas
Aziz muxlislar, “Hadisi Sharif bilan” nomli ruknimizning yangi sonini samimiy salomlar bilan boshlaymiz. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.
Ibn Mojaning “Sunan” kitobida “Xo‘ja ko‘rsinga qilingan amallar” mavzusida shunday deyiladi:
حَدَّثَنَا أَبُو مَرْوَانَ الْعُثْمَانِيُّ حَدَّثَنَا عَبْدُ الْعَزِيزِ بْنُ أَبِي حَازِمٍ عَنْ الْعَلَاءِ بْنِ عَبْدِ الرَّحْمَنِ عَنْ أَبِيهِ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: قَالَ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ أَنَا أَغْنَى الشُّرَكَاءِ عَنْ الشِّرْكِ فَمَنْ عَمِلَ لِي عَمَلًا أَشْرَكَ فِيهِ غَيْرِي فَأَنَا مِنْهُ بَرِيءٌ وَهُوَ لِلَّذِي أَشْرَكَ
Abu Marvon Usmoniy aytadi: Abdulaziz ibn Abu Hozim bizga Alo ibn Abdurrohmandan, u otasidan, otasi esa, Abu Hurayra roziyallohu anhudan Rosululloh rning shunday deganligini rivoyat qildi: Alloh Taboraka va Taolo dedi: “Menga sherik qilingan narsalardan behojatman, bas, kim bir amalni qilar ekan, boshqani Menga sherik qilsa, Men undan pokman. Qilgan amali o‘sha sherik qilgan narsasi uchun bo‘la qonsin”.
Imom at-Termiziyning “Sunanut Termiziy” asarining sharhi uchun yozilgan “Tuhfatul Ahvaziy” kitobida shunday deyiladi: “Menga sherik qilingan narsalarga muxtoj emasman”. Ya’ni, Alloh ularning sherik qilgan narsasidan Ulug‘dir.
“Menga sherik qilsa” degani, biror ishni qilishda Allohdan boshqa narsani o‘rtaga sherik qilish, demakdir. Alloh Taolo O‘zining roziligi uchun qilingan xolis amaldan boshqa hech narsani qabul qilmaydi.
Bu hadisni Termiziy Alloh Taoloning ushbu kalomini tafsirida keltirgan:
{فَمَنْ كَانَ يَرْجُو لِقَاءَ رَبِّهِ فَلْيَعْمَلْ عَمَلًا صَالِحًا وَلَا يُشْرِكْ بِعِبَادَةِ رَبِّهِ أَحَدًا}.
“Bas, kim Parvardigoriga ro‘baro‘ bo‘lishidan umidvor bo‘lsa, u holda yaxshi amal qilsin va Parvardigoriga bandalik qilishda biron kimsani (unga) sherik qilmasin! (Ya’ni, qiladigan barcha amallarini yolg‘iz Alloh uchun qilsin)”. (Kahf: 110).
Bu hadisi sharifda musulmon kishining niyati Alloh uchun xolis bo‘lishi lozimligi va xuja ko‘rsin uchun (riyo uchun) bo‘lmasligi haqida ogohlantirish bor.
Musulmonni Allohning rizoligidan boshqa maqsadda ibodat qilishdan qaytargan ko‘plab nususlar kelgan. Bu eng katta gunohlardan bo‘lib, shirk hisoblanadi. Chunki bu iymonga ziddir. Bu esa musulmondan o‘z ish-harakatlarida sherigi bo‘lmagan Yolg‘iz Allohga tavakkal qilishni talab qiladi. Alloh Taolo aytadi:
{وَمَا أُمِرُوا إِلاَّ لِيَعْبُدُوا اللَّهَ مُخْلِصِينَ لَهُ الدِّينَ}
“Holbuki ular faqat yagona Allohga, u zot uchun dinni xolis qilgan hollarida ibodat qilishga buyurilgan edilar”. (Bayyina: 5).
Ulamolar riyoga (xuja ko‘rsin uchun qilingan amalga) turli ta’riflar berishgan hamda bu ta’riflar faqat bir narsa atrofida talqin qilingan.
Inson Alloh Taologa yaqinlashtiradigan ibodatlarni qilar ekan, faqat Alloh Taoloning roziligini ko‘zlashi kerak. Qandaydir bir foyda yoki dunyoviy manfaatni ko‘zlab qilishi aslo joyiz emas.
Allohdan amallarimiz O‘zi uchun xolis bo‘lishini va O‘z dargohida qabul qilishini so‘rab qolamiz.
Aziz birodarlar, navbatdagi «Hadisi Sharif bilan» nomli ruknimizgacha Alloh Taoloning panohida bo‘ling. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.
13 Robius Sani, 1446h yil.
16 oktyabr, 2024m yil.