Sug‘urta xalqning g‘azabini qo‘zg‘atmoqda
Qirg‘izistondagi sug‘urta shirkatlarining daromadi so‘nggi besh yilda ikki barobardan oshib ketdi. Ularning daromadi 2019 yilda 1,6 milliard somni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yil yakuniga ko‘ra 3,8 milliard somni tashkil qildi. 2024 yilda esa, sug‘urta shirkatlarining daromadi yanada ortishi kutilmoqda. Chunki hozirda uy-joy va avtomobillarni majburiy sug‘urta qilish talab qilinmoqda. 2024 yil 1 sentyabrgacha uy-joy sug‘urtasi bo‘yicha 159 ming 331 nafar shartnoma imzolangan. Bu o‘tgan yilga nisbatan ancha ko‘pdir. Vazirlar mahkamasining raisi 2024 yil oxirigacha barcha uy-joylarni, jumladan, xavfli hududlarda joylashgan uylarni ham sug‘urta qilish xaqida topshiriq berdi. Uy-joy va avtomobillarni majburiy sug‘urta qilish jarayoni bir oydan buyon davom etib kelmoqda.
Hukumat Hozirgi kunda xalqlarning noroziligiga qaramay, majburiy sug‘urta qilish talab qilmoqda. Xalqni tinchlantirish uchun esa uy-joy yoki avtomobil sug‘urta qildirish narxini past qilib ko‘rsatmoqda. Biroq sug‘urta qonunlari to‘liq amalga oshirilgach, bu miqdor yil sayin ortib, xalq uchun og‘ir yukka aylanishi turgan gap.
Bugungi kundagi xalqning qonini so‘ruvchi kapitalizm tizimida sug‘urta to‘lovlari va soliqlarni ko‘paytirish orqali iqtisodiy taraqqiyotga erishishga harakat qilinadi. Shu bois majburiy sug‘urta joriy etilib, soliqlarning yangi-yangi turi va miqdori ortib bormoqda. Xususiy shirkatlar odamlarning uy-joylarini sug‘urtalash orqali katta foyda ko‘rayotgan bo‘lsa, davlat esa, sug‘urta tizimi orqali soliqlar bilan budjetni to‘ldirishga hamda tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan odamlarga yordam berish mas’uliyatidan qutulishga harakat qilmoqda. Bu ham yetmaganday, amaldorlar xalqni kelajakdagi falokatlardan ko‘rqitib, ularni sug‘urta qonuniga rioya qilishga majburlash bilan, ham davlat shirkati orqali, ham o‘z shaxsiy shirkatlari orqali xalqning orqasidan boylik to‘plashmoqda.
Eng muhimi, majburiy sug‘urta musulmonlar uchun haromdir. Avvalambor bu bitimdir. Chunki bu ikki tomon o‘rtasidagi shartnoma bo‘lib, taklif va qabul qilishni o‘z ichiga oladi. Taklif sug‘urta qildiruvchi tomonidan, qabul esa sug‘urta shirkati tomonidan bo‘ladi. Demak, bu bitim shariatga to‘g‘ri kelishi uchun bitimning shartlari shar’iy bo‘lishi kerak. Shar’iy bitim narsaning o‘zi yoki manfaati asosida tuziladi. Ammo davlat ilgari surayotgan sug‘urta majburiy bo‘lganligi uchun haydovchilar bundan manfaatdor emas, ular buni taklif ham qilmagan.
Shunday ekan, Qirg‘iziston hukumati musulmonlarning mablag‘larini kapitalistlarga topshirish o‘rniga sanoatga, ishlab chiqarishga, zavod va fabrikalar qurishga yo‘naltirishi lozim! Bundan tashqari, sug‘urta shirkatlari tovon pulini osongina to‘lab bermaydi. Tovon puli berilishi uchun baxtsiz hodisa shartnomada ko‘rsatilgan shartlarga to‘g‘ri kelishi kerak. Shu sababdan sug‘urta tizimi mavjud mamlakatlarda sug‘urta shirkatlarini sudga berayotganlar juda ko‘plab topiladi.
Aslida, Alloh Taolo hukmdorlarga xalqni g‘amxo‘rlik bilan boshqarishni buyurgan. Bu kapitalistik hukumatlar esa xalq manfaatlariga qarshi, hukm yuritib, xalqning bor-budini tortib olishmoqda.
Alloh Taolo aytadi:
وَمَنْ لَمْ يَحْكُمْ بِمَا أَنزَلَ اللَّهُ فَأُوْلَئِكَ هُمْ الظَّالِمُونَ
“Kimda-kim Alloh nozil qilgan din bilan hukm qilmas ekan, bas, ular zolimlardir”.
Horun Abdulhak