Qizil-Ompol koni ishga tushirildi

77
0

Qizil-Ompol koni ishga tushirildi

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasining Raisi Akilbek Japarov Issiq-ko‘l viloyatidagi Qizil-Ompol uran konini ishga tushirish bo‘yicha tamal toshini tashladi. Tadbir davomida kondan titanomagnetit ishlab chiqarishni davlat o‘z zimmasiga olib, loyihani moliyalashtiruvchi manbalar aniqlanishini ma’lum qildi.

Qizil-Ompolda taxminan 14 million 757 ming tonna mineral resurs mavjud. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning aytishicha, ularning qiymati 300 milliard dollarga yetadi. Mineral resurslar orasida 13 ming tonna uran va 29 ming 252 tonna toriy zaxirasi bor. Titan-magnetitning hajmi esa, 14 million tonna deb hisoblangan.

Avval xabar qilganimizdek, Qizil-Ompol bo‘yicha bahslar 2019 yilda keskinlashgan edi. O‘sha yili Putin boshchiligidagi rus delegatsiyasi davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonga keldi. Tashrif chog‘ida ko‘plab ochiq va maxfiy kelishuvlarga imzo chekildi. Natijada, iqtisodiy jihatdan barcha yer osti boyliklar Rossiyaga taqdim qilinib, undan ortgani boshqalarga berilishi mumkin bo‘ldi. Biroq Sooranbay Jeyenbekov hukumati Rossiyaga bergan va’dalarini bajara olmadi va xalqning qarshiliklari tufayli Jeyenbekov Qirg‘izistonda uran qazib olishga moratoriy e’lon qilishga majbur bo‘ldi.

Hozirgi kunda Japarov hukumati ushbu konni ishga tushirishga kirishmoqda. Qizil-Ompolda aholi salomatligi uchun xavfli moddalar mavjudligiga qaramay, uning foydasi e’tiborga olinmoqda. Biroq, uran qazib olish xalq uchun haqiqiy muammodir. Uranni boyitish jarayonida undan qoldiqlar chiqadi. Ularning radiatsiyasion xatari bir necha ming yillargacha davom etaveradi. Zarari esa, suv va shamol orqali har yerga tarqaladi. Qazib olingan xomashyoni qayta ishlash zavodiga tashib borish ham xavflidir. Agar uran ortilgan konteynerlar avariyaga uchrasa, uning zararsizligini aytib xalqni aldab qo‘yaverishadi, lekin baribir xalq uning zararidan azob chekaveradi. Barskoondagi siyanid avariyasida ana shunday hodisaga guvoh bo‘ldik.

Aslida, uran ham, boshqa narsalar kabi, insoniyat manfaati uchun Allohning bergan ne’matidir. Ammo uni Alloh buyurganidek foydalanmasak, bu insoniyat uchun ne’mat emas, balo bo‘ladi. Hozir kapitalistik tuzumda bu uran konini ishga tushirishda undan tushadigan foyda e’tiborga olinib, mustamlakachilarning xususiy shirkatlariga berilmoqda. Uning odamlarga zararlari esa, aslo hisobga olinmayapti. Ularning “zararsiz usullar bilan qazib olamiz” degan da’volari yolg‘ondan boshqa narsa emas. Chunki ular uchun foyda bo‘lsa bo‘lgani, boshqa hech narsa haqida o‘ylamaydilar. Islom esa bunga iqtisodiy muammo emas, balki insoniy muammo deb qaraydi. Shuning uchun uran inson uchun zararsiz bo‘lgandagina qazib olinadi.

Qolaversa, Shariatga ko‘ra, yer osti boyliklari xalqning umumiy mulki hisoblanadi. Ularning o‘zi yoki foydasi har bir fuqaroga yetib borishi kerak. Kapitalizmda esa, yer osti boyliklaridan foydalanish uchun faqat bir hovuch kapitalistlarga sharoit yaratib beriladi. Shuning uchun foydali qazilmalarni kofir davlatlarga va ularning shirkatlariga berish harom hisoblanadi.

Mumtoz Mavarounnahriy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.