“Xavfsiz shahar” loyihasi chekka hududlarda ham amalga oshiriladi

19
0

“Xavfsiz shahar” loyihasi chekka hududlarda ham amalga oshiriladi

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi “Xavfsiz shahar” loyihasini mamlakatning barcha hududlarida amalga oshirishni boshlaydi. Bu haqda 19 sentyabr kuni vazir Ulan Niyazbekov ma’lum qildi. 18 sentyabr kuni prezident Sadir Japarov “Xavfsiz shahar” loyihasini amalga oshirishni Raqamli rivojlanish vazirligiga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorga imzo chekkan edi.

Qirg‘izistonda yo‘l harakatini nazorat qilish uchun “Xavfsiz shahar” loyihasi 2019 yilda amalga oshirila boshlangan edi. Loyiha Rossiyaning “Vega” konserni tomonidan amalga oshirilgan. O‘sh shahridagi “Xavfsiz shahar” loyihasi esa, joriy yilning 16 sentyabr kuni to‘liq ishga tushdi. O‘tgan yilning dekabr oyida shahar hokimiyati tanlov e’lon qilgan va unda Rossiyaning “Megafon” kompaniyasi yakka o‘zi qatnashib, g‘olib bo‘lgan edi. Kompaniya besh yil ichida 2,5 milliard som daromad olishni maqsad qilgan.

Bundan avval raqamli rivojlanish vazirligi “Xavfsiz shahar-2” loyihasida g‘olib chiqqan Xitoyning Shenzhen Sunwin Intelligent kompaniyasini, loyihani belgilangan muddatda amalga oshirmagani uchun sudga bergan edi.

Ma’lumki, dunyo bo‘ylab amalga oshirilayotgan “Aqlli shahar”, “Xavfsiz shahar” va shu kabi loyihalar BMTning “Aholi punktlari bo‘yicha dastur” doirasidagi ishlar sirasiga kiradi. Qirg‘izistonda “Xavfsiz shahar” loyihasi 2010 yil Ichki ishlar organlarida islohot o‘tkazish bahonasida boshlangan edi. 2011 yil yanvar oyida Bishkekda Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va ko‘chalarga videokameralar o‘rnatishni ham o‘z ichiga olgan “Xavfsiz shahar” dasturi ishga tushirildi.

2012 yilda Babanov bosh vazir, Risaliyev esa Ichki ishlar vaziri bo‘lib turgan paytda “Xavfsiz shahar” bo‘yicha tender e’lon qilindi. Biroq tender yakunida tenderda ishtirok etmagan Xitoyning “Beijing Construction Engineering Group International” kompaniyasi g‘olib chiqdi. Mazkur kompaniya Bishkek, O‘sh shaharlari hamda Bishkek-Qorako‘l yo‘lida videoga va rasmga oluvchi moslamalarini o‘rnatib, qonun buzilishi holatlarini qayd etish bo‘yicha yagona elektron markaz yaratmoqchi edi. Bu Xitoyning ushbu sohada Qirg‘izistonga kirib kelayotgan dastlabki qadami edi. Biroq 2013 yilda “Ata Meken” fraksiyasi bu masalani ko‘tarib, kelishuvni bekor qilishga muvaffaq bo‘ldi. Chunki Xitoyning Qirg‘iziston xavfsizlik tarmog‘iga kirib kelishi Amerikaning manfaatlariga zid edi.

“Xavfsiz shahar” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tender 2014 yil avgust oyida qayta e’lon qilindi. 2015 yil yanvar oyida tender bo‘yicha komissiya Rossiyaning “Stilfost-Bishkek” kompaniyasini tanladi. Biroq 2016 yilda o‘sha paytdagi Ichki ishlar vaziri Turganboyev ushbu kompaniya bilan shartnoma imzolashdan bosh tortdi. U “Xavfsiz shahar” loyihasi bo‘yicha dunyoda Xitoy va Janubiy Koreya peshqadamligini ma’lum qildi. Shu bilan Rossiyaning ushbu sohaga kirib kelishi bekor bo‘ldi. Shundan so‘ng loyihani amalga oshirish Ichki ishlar vazirligidan hukumatga o‘tkazildi.

2017 yilning aprel oyida prezident ma’muriyatining o‘sha vaqtdagi rahbari Sapar Isakov davlatni yuqori texnologiya orqali rivojlantirishga mo‘ljallangan “Toza jamiyat” milliy loyihasini e’lon qildi. 2018 yil yanvar oyida “Xavfsiz shahar” loyihasi o‘rniga uning kengaytirilgan shakli sifatida “Aqlli shahar” loyihasi amalga oshiriladigan bo‘ldi. Bu vaqtda Sapar Isakov bosh vazirlikka tayinlangan edi. 11 yanvar kuni Qirg‘iziston hukumati Xitoyning “Huawei Technologies” kompaniyasi bilan “Aqlli shahar” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Ammo mart oyi boshida Qirg‘iziston hukumati Xitoy kompaniyasi bilan shartnomani bir tomonlama bekor qilishga majbur bo‘ldi. Bu bilan Xitoyning ushbu sohaga kirib kelishga bo‘lgan ikkinchi urinishi ham bekor bo‘ldi.

Sapar Isoqov bosh vazirlikdan ketgach, “Xavfsiz shahar” loyihasining birinchi bosqichi bo‘yicha tender yana qayta o‘tkazildi va 4 sentyabr kuni Rossiyaning “Vega” konserni tenderda g‘olib chiqdi. Undan boshqa yana ikkita kompaniya: Qirg‘izistonning “Alfa-Telekom” va Rossiyaning “Axborot tizimi xavfsizligi” kompaniyasi faqat nomigagina tanlovda qatnashib qo‘ydi. Chunki, qonunga ko‘ra, tenderda kamida uch ishtirokchi ariza berishi kerak edi.

G‘olib chiqqan “Vega” kompaniyasi – axborot urushi doirasida – AQSHning sanksiyalariga duchor bo‘lgan korporatsiyalar tarkibiga kiradi. U SSSR davrida harbiy tadqiqot instituti bo‘lgan va 2004 yilda qayta tashkil etilgan. So‘nggi yillarda “Vega” radiotexnika konserni asosan Rossiya Mudofaa vazirligi, Federal xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi bilan ko‘proq hamkorlik qilmoqda. Qirg‘izistonda “Xavfsiz shahar” loyihasining birinchi bosqichi doirasida umumiy hisobda 800dan ortiq yuzni tanish funksiyasiga ega videokuzatuv kameralari o‘rnatildi.

Bundan tashqari, Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi va Xitoyning CEIEC davlat kompaniyasi o‘rtasida kelishilgan loyiha doirasida mamlakatda yuzni tanish tizimlari joriy etildi.

AQSH esa Kanada, Turkiya, Amirlik kompaniyalari orqali kirib kelishga harakat qilmoqda, ammo ular tenderlarda g‘alaba qozona olmayapti. Qolaversa, Jahon banki orqali tiqishtirayotgan AQSHning “Digital CASA” loyihasi ham amalga oshmayapti.

Mana shulardan ma’lum bo‘lishicha, Qirg‘izistonda “Xavfsiz shahar” loyihasi hech qanday yo‘l harakati xavfsizligi yoki fuqarolar xavfsizligi uchun joriy qilinmagan. Ammo amaldorlarimiz arzimagan pulga aldanib, tender e’lon qilish bilan, Qirg‘izistonni yirik davlatlar uchun kurash maydoniga aylantirib berishmoqda.

Bunga qo‘shimcha ravishda, “Xavfsiz shahar” loyihasi Ichki siyosatdagi muxolif siyosatchilar bilan birga musulmonlarni ham nazorat qilishga xizmat qiladi. “Videotasmada ko‘rinib turibdi, sen soqol qo‘ygan ekansan, birgalashib juma namoziga borayotgan ekansilar, dindan ta’lim olgan ekansilar, sen esa, niqob taqib yurgan ekansan” kabi bahonalar bilan musulmonlarga ekstremizm tamg‘asi bosiladi. Demak, o‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki “Xavfsiz shahar” loyihasi musulmonlar xavfsizligi uchun emas, balki ularni xor qilish uchun xizmat qiladigan loyihadir!

Mumtoz Mavarounnahriy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.