بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Hadisi Sharif bilan
Xiyonat va sadoqat bayrog‘i
Aziz muxlislar, «Hadisi Sharif bilan” nomli ruknimizning yangi sonini samimiy salomlar bilan boshlaymiz. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.
عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه، أن النبي صلى الله عليه وسلم قال: ”لكل غادر لواء عند استه يوم القيامة يرفع له بقدر غدره، ألا لا غادر أعظم غدرًا من أمير عامة” رواه مسلم.
Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: “Har bir xoin uchun qiyomat kuni orqasida bir bayroq bo‘ladi. U bayroq xoinning xiyonatiga qarab baland ko‘tariladi. Ogoh bo‘lingki, omma amirining xiyonatidan ko‘ra kattaroq xiyonat bo‘lmaydi. (Muslim rivoyati).
Aziz birodarlar!
So‘zlarning eng yaxshisi Allohning Kalomidir. Yo‘llarning eng to‘g‘risi esa Allohning Rosuli Muhammad ibn Abdulloh sollallohu alayhi vasallamning yo‘lidir.
Yuqoridagi hadisi sharifda xoinning oxiratda boshqalardan ajralib turishi bayon etilgan. Shuningdek, xiyonatning eng yuqori pog‘onasini ham tasvirlab berilgan. Shu sababli, xiyonat nafsi kasal bo‘lgan odamlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri hisoblanadi. U musulmonlarni yo‘ldan ozdirib, ularga zarar yetkazishni ko‘zlaydi. Alloh Taolo bu xislatni yomon ko‘radi va qiyomat kunida buning uchun azoblaydi.
Islom Ummati hozirda mavjud bo‘lgan va yaqin kelajakda erishiladigan eng yuqori darajalarga loyiqdir. Bu Ummat bundan oldin ham o‘zga ummatlarga va insoniyatga juda ko‘p yaxshiliklar taqdim qildi. Kelajakda ham, hatto qiyomatgacha Islom hidoyatini yoyish orqali insoniyatga yaxshiliklarni taqdim qilishda davom etadi. U insoniyatga Islomning hilpirayotgan bayrog‘ini ko‘tarib, qalbida chin ixlosi bor insonlarni ummat ichidagi har bir xoindan xalos qilishga qodirdir. Bugun biz bu Ummatga nisbatan juda ko‘p xiyonat qilinayotganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmiz. Xoinlarning boshlari ko‘tarilib, ovozlari baland chiqib, bayroqlari hilpirab turibdi. Bu narsa bu dunyoda ham, oxiratda ham jazosiz qolmaydi. Bu hadisi sharifda qiyomatda bunday kishilarni boshqalardan ajratib turadigan hamda ularning xiyonatini va azobga qolishini bildirib turadigan baynrog‘i bo‘lishi aytilmoqda. Dunyodagi jazoga kelsak, Alloh Taolo ularni sharmanda qilib, boshqalarga ibrat qilishni kafolatlagan.
Hadisi sharifning oxirida eng xiyonatkor kimsalar tilga olinmoqda. Bu kimsalar musulmonlarning ishlarini adolat bilan boshqarish va ularning og‘irlarini yengil qilish o‘rniga, o‘z kursilarini saqlab qolish uchun Ummat boyliklarini qoqi bahosida dushmanlarga taqdim qilgan, o‘z xalqini esa qashshoqlikka mahkum qilgan xoin hukmdorlardir. Hadisi sharif xalqqa hukmronlik qilganlarning xiyonati eng katta xiyonat ekanini bayon qilib, bundan qattiq ogohlantirmoqda.
Biz musulmonlar, ishlarimizni boshqarish va bizga rahnamolik qilish uchun eng munosib kishilarni tanlashimiz kerak. Toki, Amirimiz bizni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirmasin, hayotimizni, dinimizni buzmasin, qiyomat kunida xiyonat bayrog‘ini ko‘tarib keluvchilardan bo‘lmasin. Biz Amirimizning ongli, ixlosli va taqvodor bo‘lishiga katta e’tibor qaratishimiz kerak. Shuningdek, Amirimiz Islomga yorqin fikr bilan ergashgan va barcha amallariga Islomni asos qilib oladigan adolatli, ahdiga sodiq rahbar bo‘lishi lozim. Bu Ummat ichida bunday sifatlarga ega insonlar juda ko‘p. O‘z diniga fidoiy, Ummatga xolis xizmat qilishni xohlaganlar, dunyo yetakchiligini o‘z qo‘liga olib, insoniyat boshi uzra haqiqat bayrog‘ini ko‘tarmoqchi bo‘layotganlar bu Ummat ichida talaygina.
Allohdan Ummat boshiga falokat keltirayotgan xiyonatkor, adashgan kimsalardan bu Ummatni qutqarishini va bizlarni haq dinning vorislari qilishini so‘raymiz.
Aziz birodarlar, navbatdagi «Hadisi Sharif bilan» nomli ruknimizgacha Alloh Taoloning panohida bo‘ling. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.
13 Robiul-avval, 1446h yil.
16 Sentyabr, 2024m yil.