Allohning saxovati cheksizdir

32
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Hadisi Sharif bilan

Allohning saxovati cheksizdir

Aziz muxlislar, «Hadisi Sharif bilan” nomli ruknimizning yangi sonini samimiy salomlar bilan boshlaymiz. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.

Ibn Hajar al-Asqaloniyning “Fath ul-Boriy – sharhi Sahihi ul-Buxoriy” asarida “yaxshilik yoki yomonlikni niyat qilganlar” bobida shunday deyiladi:

حدثنا أبو معمر حدثنا عبد الوارث حدثنا جعد بن دينار أبو عثمان، حدثنا أبو رجاء العطاردي عن ابن عباس رضي الله عنهما عن النبي صلى الله عليه وسلم فيما يروي عن ربه عز وجل قال: “إن الله كتب الحسنات والسيئات ثم بين ذلك، فمن هَمَّ بحسنة فلم يعملْها كتبها الله له عنده حسنة كاملة، فإن هو همَّ بها فعملها كتبها الله له عنده عشر حسنات إلى سبع مائة ضعف إلى أضعاف كثيرة، ومن همَّ بسيئة فلم يعملْها كتبها الله له عنده حسنة كاملة، فإن هو همَّ بها فعملها كتبها الله له سيئة واحدة”.

Abu Muammar bizga Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Robbisidan rivoyat qilib aytadilar: «Alloh Taolo yaxshilik va yomonlikni yozdi, so‘ng uni bayon qildi. Kim bir yaxshilik qilishni niyat qilsa-yu, biroq uni qilmasa, Alloh Taolo o‘zining huzurida uning uchun to‘liq bir yaxshilik yozadi. Agar yaxshilikni niyat qilib, uni amalga oshirsa, Alloh taolo uni o‘n barobardan yetti yuz barobargacha ko‘paytirib yozadi. Kimki yomonlik qilishni niyat qilsa-yu, biroq uni qilmasa, Alloh Taolo o‘zining huzurida uning uchun to‘liq bir yaxshilik yozadi. Agar yomonlikni niyat qilsa va uni amalga oshirsa, Alloh Taolo uning uchun bitta yomonlik yozadi”.

Aziz muxlislar! Bu Allohning adolati va saxovatidir. Alloh Taolo biz bir yaxshilikni qilmasak ham yaxshilik qildi, deb yozib qo‘yadi, agar qilsak, bir necha barobar ko‘paytirib yozadi. Aksincha, yomonlikdan saqlansak, U Zot yana yaxshilik qildi, deb yozadi. Agar yomonlikni qilsak, uni ko‘paytirmay, bitta yomonlik qildi, deb yozadi. Bu qanday ham go‘zal saxovatpeshalikdir!!! Biz ezgulik yo‘lini ta’lim beruvchi oliyhimmat Alloh bilan munosabatdamiz. U Zot bizga yomon narsalardan qanday qutulishni va yaxshi narsalarni ko‘paytirishni o‘rgatmoqda.

Ey musulmonlar!

Har birimiz bir musulmonning qalbiga surur, yuziga tabassum olib keladigan bitta savobli ish qilsak, bizga beriladigan ajrning ko‘lamini tasavvur ham qila olmay qolamiz. Hech shubha yo‘qki, buning mukofoti juda ulkandir. Shunday ekan, o‘zimizga bir savol beraylik: kunini har xil ishlar bilan o‘tkazadigan odam qanday yaxshiliklarni to‘plamoqda? Kunlarini, hatto umrini yer yuzidagi eng sharafli ishlardan birini bajarish bilan o‘tkazadigan odam haqida nima deyish mumkin? Odamlar o‘rtasida Muqaddas Qur’on hukmlariga amal qilib yashashni qayta tiklashga harakat qilishning savoblari haqida nima deyish mumkin? Bu yerdagi savoblarning miqdori aqlga sig‘may qolishi shubhasizdir.

Allohim, musulmonlarni birlashtirib, ularni boshiga tushgan balolardan qutqaruvchi Payg‘ambarlik Minhoji asosidagi Xalifalik davlatining tiklanishini tezlashtirgin… Allohim, saxovatli yuzing nuri bilan yer yuzini munavvar qilgin. Allohumma amin.

Aziz birodarlar, navbatdagi «Hadisi Sharif bilan» nomli ruknimizgacha Alloh Taoloning panohida bo‘ling. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.

11 Robiul-avval, 1446h yil.

14 Sentyabr,           2024m yil.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.