Bangladesh bosh vazirasining iste’fo berib, xorijga qochib ketishi

52
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Savolga javob

Bangladesh bosh vazirasining iste’fo berib, xorijga qochib ketishi

Savol:

2024 yil 5 avgust kuni Bangladesh bosh vazirasining iste’fo berib, xorijga qochib ketganligi e’lon qilindi. Bu davlat sektorida talab qilinadigan ish o‘rinlari uchun qabul qilingan kvota tizimiga qarshi o‘tgan oy boshidan beri bo‘layotgan norozilik namoyishlari ortidan ro‘y berdi. Hukmron partiya tarafdorlari namoyishchilar bilan to‘qnash kelgani sababli, namoyishlar o‘tgan oy o‘rtalaridan beri qonli tus oldi. Armiya hokimiyatni qo‘lga olayotganini bildirdi. Mamlakat prezidenti ham parlament tarqatib yuborilib, muvaqqat hukumat tayinlanishini ma’lum qildi. Savol shuki, bu norozilik namoyishlari rejalashtirilganmidi? Armiyaning aralashuvi kelishuv bilan amalga oshdimi? Hodisaning mamlakatdagi xalqaro kurashga aloqasi bormi?

Javob:

Yuqoridagi savollarga tiniqroq javob berish uchun quyidagilarni ko‘rib chiqish lozim:

Bangladesh islomiy yurt bo‘lib, musulmonlar milodiy XIII asrning dastlabki yillarida Bengaliya yurtlarini fath qilishgan. Bu 1192 yil oxirlarida Muhammad G‘uriyning butun Shimoliy Hindistongacha yetib borgan yurishlari orqali amalga oshgan… Aholi soni bo‘yicha dunyoda sakkizinchi o‘rinda turadigan, taxminan 171 million aholiga ega bo‘lgan Bangladesh Janubiy Osiyoda joylashgan bo‘lib, Myanma va Hindiston bilan chegaradosh. Aholisining 90 foizdan ortig‘i musulmonlar bo‘lib, mamlakatning rasmiy dini Islom hisoblanadi. Inglizlar malayi shayx Mujiburrahmon boshchiligidagi Sharqiy Pokistonni qarorgoh qilib olgan Avomi Ligasi 1971 yilgi Pokiston bilan bo‘lgan urushdan so‘ng – Britaniyaning «bo‘lib tashla, hukmron bo‘lasan» siyosatining bir qismi sifatida – o‘zining Pokistondan mustaqilligini e’lon qildi.
Bangladesh bosh vazirasi Hasina mamlakatning qadimgi mustamlakachisi bo‘lgan Britaniyaga malaylikni otasidan meros qilib olgan. Avomi Ligasining rahbari bo‘lgan otasi Mujiburrahmon o‘ziga qarshi inqilob qilgan zobitlar tomonidan 1975 yilda oila a’zolari bilan birga qatl qilingan edi. Hasina esa, inqilob vaqtida xorijda bo‘lgani uchun qutulib qolgan. 1981 yilda mamlakatga qaytish va siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat berilguniga qadar Britaniyada yashab keldi. Dastlab 1996-2001 yillarda, keyin esa 2009 yildan hozirga qadar bosh vazir lavozimida ishladi. Hozir esa, shu yil boshida o‘tkazilgan saylovlarni soxtalashtirishda ayblanmoqda. Partiyasi Avomi Ligasi tomonidan tuzilgan parlamentda mutlaq ko‘pchilikni qo‘lga kiritgan edi. Natijada, 300 a’zolik parlamentda 233 o‘rinni, ittifoqchi partiya esa 9 o‘rinni qo‘lga kiritdi. Boshqa partiyalar bunday natijalarni rad etib, saylovni soxta deb baholadi. Amerika ham tanqid qildi. Biroq rejim Hasinaning g‘alabasini rasman e’lon qildi!
Hasina o‘z hukmronligi davrida Amerika malaylariga zarba berish hamda armiya, siyosiy doira, sud tizimi va boshqa muassasalarda Britaniyaning nufuzini mustahkamlash ustida ishladi. U muxolafat partiyasi rahbari, Bangladesh Milliy Partiyasi (BNP)ning yetakchisi Xolida Ziyo bilan raqobatlashardi. Xolida Ziyo Amerikaga malaylikni o‘zining eri general Ziyourrahmondan meros qilib olgan. 1977 yilda hokimiyatga kelgan Ziyourrahmon 1981 yilda inglizlar malaylari tomonidan suiqasdga uchragan. Rafiqasi Xolida Ziyo hukumatni ikki muddatda, ya’ni 1991-1996 va 2001-2006 yillarda boshqardi. Keyinchalik korrupsiya va o‘z mansabini suiiste’mol qilishda ayblanib, ustidan sud hukmi o‘qildi. Hasina 2024 yil 5 avgustda qochib ketganidan keyin so‘nggi namoyishlar chog‘ida Xolida va boshqa mahbuslar ozodlikka chiqarildi. Shuning uchun kuchli nufuzga ega bo‘lgan eski mustamlakachi Britaniya bilan uning raqibi yangi mustamlakachi Amerika o‘rtasida Bangladeshda xalqaro kurash ketmoqda. Amerika o‘zining malayi general Ziyourrahmon 1977 yilda hokimiyat tepasiga kelgandan boshlab armiyada malaylarni paydo qilish orqali mamlakatda o‘z nufuzini o‘rnatdi. Shuningdek, unga siyosiy doirada ham, ayniqsa, general Ziyoning rafiqasi hamda Bengal Milliy partiyasidan malaylar topildi… Shunga qaramay, mamlakatdagi asosiy nufuz Britaniya nufuzi hisoblanadi.
Hasina va uning hukumati Islomni hokimiyatga qaytarishga intilayotganlarga qarshi kurash olib bordi. Chunki Hasina ilmoniy-sekulyar kimsadir. Partiyasi ham ilmoniy va millatchi partiyadir. Siyosiy jihatdan esa, Islomga va uning hokimiyatga qaytishiga qarshi kurashayotgan mustamlakachi G‘arbga tobe. Hasina, shuningdek, 2009 yil 22 oktyabrda Hizb ut-Tahrirni – roshid Xalifalik davlatini barpo etish orqali Islomning hokimiyatga qaytishini talab qilgani uchun – taqiqladi. Holbuki, u Hizb ut-Tahrirning mabdai Islom bo‘lgan siyosiy partiya ekanini, o‘ziga moddiy faoliyatni yo‘l qilib olmaganini, balki fikriy va siyosiy kurash bilan shug‘ullanishini yaxshi biladi. Hasina, shuningdek, boshqa to‘rtta islomiy jamoani ham taqiqladi. Hizb ut-Tahrir va boshqa jamoalarning ko‘plab a’zolarini qamoqqa tashlab, ba’zi islomiy yetakchilarni qatl qildi. (Hasina Vazed 2013 yilda Jamoati Islomiyani Bangladesh mustaqilligini rad etgan harbiy jinoyatchilar, degan bahona bilan siyosiy jihatdan yo‘q qilishni boshladi. Maqsad islomiy harakatdan qutulish edi. Jamoati Islomiya rahbarlari orasida qamoqqa tashlangan, qatl etilgan yoki qamoqxonada vafot etgan taniqli shaxslar ichida yetti nafar katta olimlar bor edi. Ulardan besh nafari osib o‘ldirilgan, ikkitasi o‘lim jazosiga hukm qilinishidan oldin qamoqda vafot etgan… https://alestiklal.net, 2024 yil 6 avgust). Hasina Islomga va uning hokimiyatga qaytishiga hamda musulmonlarning bitta davlatda birlashishi uchun da’vat olib borayotganlarga nisbatan qattiq dushman edi. U otasi asos solgan ilmoniy partiyani boshqarib keldi. Otasi katta xiyonatga qo‘l urib, 1971 yilda Britaniya va uning Hindistondagi malaylari ko‘magida Sharqiy Pokiston (Bangladesh)ni G‘arbiy Pokistondan ajratib olgan.
Bangladesh uyg‘onish yo‘qligi hamda tashqi siyosiy va iqtisodiy kuchlar bilan aloqasi sababli juda og‘ir krizislardan aziyat chekib kelmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 18 millionga yaqin bangladeshlik yoshlar ish izlamoqda, universitetlarni bitirgan yoshlar ham diqqatni jalb qiladigan darajada ishsizlikka yuz tutishgan! 15 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan aholining 40 foizdan ortig‘i na ishlaydi va na ta’lim oladi. Britaniyaga qarashli Bi-Bi-Si radiosi 2024 yil 5 avgustda Bangladeshdagi iqtisodiy ahvol to‘g‘risida olgan intervyusini efirga uzatdi. Unda London iqtisod fakultetiga tashrif buyurgan professor Lutfiy Siddiqiy bunday dedi: «Bangladeshdagi rejim o‘zgarishi iqtisodiy jihatdan muqarrar ish bo‘lib, vaqt masalasi qoldi, xolos. Hasina hukumati boshqaruvdagi o‘zining huquqi va kuch-qudratini yo‘qotgan ko‘rinadi. Tez orada buni amalga oshirish uchun resurslari ham tugaydi. Bangladesh iqtisodiy tanazzul yoqasida». Ma’lumki, Hasina hukumati mamlakat iqtisodiyoti va resurslarini xorijiy kompaniyalarga, xususan, Britaniya, AQSH, Xitoy va Hindiston kompaniyalariga garov qilib bergan. Bengal hukumati Xitoyning Osiyo taraqqiyot banki bilan bir qatorda Amerikaning hukmronligi ostidagi Xalqaro Valyuta Fondi va Jahon Bankining adolatsiz shartlariga rioya qilgan holda, sudxo‘rlik kreditlariga tayanadigan bo‘lib qoldi. Bu esa Bangladeshdagi vaziyat juda qaltis va portlash arafasida ekanini anglatadi.
O‘tgan oy boshidan (2024 yil 1 iyuldan) buyon Bangladeshda talabalarning bandlik tizimiga qarshi norozilik namoyishlari to‘lqini kuzatila boshladi. Namoyishlar davlat sektoridagi ish o‘rinlarining 56 foizga yaqinini muayyan maxsus guruhlarga ajratishni nazarda tutgan kvota tizimini bekor qilishga qaratildi. Chunki bosh vazira va uning atrofidagilar bundan foydalanib, o‘z qarindoshlari va tarafdorlarini ish o‘rinlari bilan ta’minlab, raqiblarini bundan mahrum qilishayotgan edi… Ishga joylashtirilgan ushbu muayyan guruhlar orasida 1971 yilda Britaniya va uning Hindistondagi malaylari ko‘magida Sharqiy Pokiston (Bangladesh)ni G‘arbiy Pokistondan ajratib tashlagan xiyonat urushida «Hasinaning otasi bilan birga qatnashganlar va ularning farzandlari» bor edi. Norozilik namoyishlari boshlanishiga sabab bo‘lgan kvota tizimi mana shunday bo‘ldi. Talabalar ishga joylashish boshqa sabablarga ko‘ra emas, balki shaxsning qobiliyatiga qarab bo‘lishini talab qilishdi. Haqiqatda, noroziliklar ta’sir qilib, kvota tizimi bekor qilindi. Zero, Bangladesh oliy sudi 2024 yil 21 iyulda ish o‘rinlari kvotalarini qayta joriy etish to‘g‘risidagi qarorning noqonuniy ekanini e’lon qildi. Ammo bu namoyishchilarni tinchitishga yordam bermadi. Darhaqiqat, 2024 yil 16 iyul kuni ushbu norozilik namoyishlarida birinchi o‘lim holati qayd etildi. O‘shanda Hasina partiyasi tarafdorlaridan bo‘lgan talabalar Dakkada namoyishchilarga tayoqlar bilan qarshi chiqishdi va tomonlar bir-birlariga tosh otishdi.
Norozilik namoyishlarini to‘xtatish uchun Hasina hukumati butun mamlakat bo‘ylab maktab va universitetlarni yopishni buyurdi. Talabalarga murojaat qilib, ularni tinchlanishga chaqirda va namoyishlardagi har bir qotillik jinoyatini jazolashga va’da berdi. Biroq namoyishchilar uning murojaatlarini rad etib, uning o‘zini nishonga ola boshlashdi. «Yo‘qolsin diktator Hasina!», shiorini ko‘tarib, Bangladesh davlat teleradiokompaniyasi qarorgohini va boshqa o‘nlab hukumat binolarini yoqib yuborishdi. Hukumat esa internet xizmatini to‘xtatib qo‘ydi. Namoyishlar tobora kuchayib bordi, nobud bo‘lganlar va yaradorlar soni kundan-kunga orta boshladi hamda kechayu kunduz to‘liq komendantlik soati joriy qilinib, askarlar safarbar qilindi. Politsiya namoyishchilarga qarata o‘q uzdi va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘lladi, butun mamlakat bo‘ylab komendantlik soati e’lon qildi, xavfsizlikni ta’minlash uchun armiya kuchlarini joylashtirdi. 2024 yil 19 iyul oqshomida 105 kishi halok bo‘lgani aytildi. Bosh vazir devonining matbuot kotibi Naimulislom Xon («Hukumat komendantlik soatini joriy etishga va fuqarolik hokimiyatiga yordam berish uchun armiyani joylashtirishga qaror qildi», dedi. Frans Press, 2024 yil 19 iyul). Namoyishlarni bostirish maqsadida aloqa, axborot kanallari va ba’zi uyali aloqa xizmatlari uzib qo‘yildi. Namoyishchilar 2024 yil 19 iyulda qamoqxonaga bostirib kirib, yuzlab mahbuslarni ozod qilishdi, so‘ng qamoqxona binosiga o‘t qo‘yishdi. Frans Press agentligining politsiya, hukumat rasmiylari va shifokorlar ma’lumotlariga tayangan holda qilgan xabariga ko‘ra, mamlakatdagi norozilik namoyishlarida qurbon bo‘lganlarning umumiy soni 409 kishiga yetgan. Bu hodisalar ko‘pchilik ish bilan ta’minlanmagani uchun talabalarning bandlik tizimiga qarshi noroziliklari natijasida o‘z-o‘zidan yuzaga kelgani ko‘rinib turibdi. Ammo norozilik namoyishlari talabalar bilan cheklanib qolmadi, balki jamiyatning turli qatlamlari vakillari ham ularga qo‘shila boshlashdi va ularning soni qariyb 400 mingga yetdi. Bu namoyishlar Hasinaning 15 yillik avtoritar boshqaruviga qarshi misli ko‘rilmagan tahdid sifatida baholandi.
2024 yil 5 avgustda Bangladesh armiyasi qo‘mondoni general Vaqruzzamon Hasinaning iste’fo berishi va qochib ketishi ortidan mas’uliyatni to‘liq o‘z zimmasiga olishini va muvaqqat hukumat tuzilishini ma’lum qildi. Rasmiy televideniye orqali chiqish qilib, «men sizlarga barcha shikoyatlar ko‘rib chiqilishiga va’da beraman», «mamlakat juda ko‘p qiyinchilikni boshdan kechirdi, iqtisodga zarar yetdi, ko‘plab insonlar halok bo‘ldi, zo‘ravonliklarni to‘xtatish vaqti keldi», degan so‘zlarni aytdi. (Frans Press, 2024 yil 5 avgust). General Vaqruzzamon piyoda kuchlarida zobit bo‘lgan bo‘lib, o‘tgan iyun oyida armiya qo‘mondoni etib tayinlangan edi. O‘rtalarida uzoq yillik yaqin munosabat bo‘lgani uchun Hasina unga ishongan. U Hasina devonida maslahatchi bo‘lib ishlagan. Generalning qaynotasi Hasinaning ilk muddati davrida, ya’ni 1996 yildan 2001 yilgacha armiya qo‘mondoni bo‘lgan. Vaqruzzamon Britaniyada harbiy ta’lim olgan. Shuningdek, Bangladesh milliy universiteti hamda Londondagi «Kingc Kollej»da mudofaa fanlari bo‘yicha magistrlik darajasini olgan. Bu – Vaqruzzamonning britaniyaparast Hasina rejimidan ekanini anglatadi. Britaniya unga Bangladeshda hokimiyatni qo‘lga olish orqali Birlashgan qirollik nufuzini o‘rnatish va saqlab qolishni buyurdi. Vaqruzzamon Hasina bilan uning hayotini saqlab qolish uchun xorijga chiqib ketishiga kelishib oldi. Chunki uning qolishi krizisni yanada kuchaytirib, yangi qonlar to‘kilishiga olib boradi. Shundan keyin armiya vaziyatni tinchlantirish uchun namoyishchilarga yaqinlashishga harakat qildi. Shuning uchun armiya hokimiyatni qo‘lga olishining so‘nggi kunida norozilik namoyishlariga ruxsat berib, vaziyatni tinchlantirish va namoyishchilarga yaqinlashish uchun ulardan birortasiga o‘q uzmaslikni buyurdi.
Armiya qo‘mondoni Vaqruzzamon hokimiyatni qo‘lga olganini ma’lum qilar ekan, imkon qadar tezroq vaqt ichida muvaqqat hukumat tuzishga hamda asosiy muxolafat partiyalar va fuqarolik jamiyati a’zolari bilan muzokaralar olib borishga, ammo Hasina partiyasi bo‘lmish Avomi Ligasi bilan muzokara qilmaslikka va’da berdi. Inglizcha iflos siyosatni qo‘llagan holda, bir vaqtning o‘zida, ham Amerikani rozi qilish, ham uning yo‘lini to‘sish maqsadida Bangladesh prezidentligi 2024 yil 7 avgustda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunusning o‘tish davri hukumatiga rahbarlik qilishini e’lon qildi. Prezidentlik bayonnomasida bunday so‘zlar keladi: («Yunus boshchiligidagi o‘tish davri hukumatini tuzish to‘g‘risidagi qaror respublika prezidenti Muhammad Shahobiddin va armiyaning yuqori martabali zobitlari va «Talabalar diskriminatsiyasiga qarshi guruh» rahbarlari uchrashuvida qabul qilindi». Bayonotda yana shunday deyiladi: «Prezident krizisni yengib o‘tishda xalqdan yordam so‘radi. Krizisni yengib o‘tish uchun tezroq o‘tish davri hukumati tuzish zarur bo‘ldi». Frans Press, 2024 yil 7 avgust). Shundan keyin Yevropada bo‘lgan va 84 yoshni qarshilagan Muhammad Yunus o‘tish davri hukumati raisligini egallashga tayyor ekanini ma’lum qildi. Shu tariqa, inglizlar o‘z malaylari Hasina norozilik namoyishlari bosimi ostida harbiy vertolyotda Hindistonga qochib ketgach, o‘zlarini qulashdan qutqarish va o‘z nufuzlarini saqlab qolishga harakat qilishdi. Armiya qo‘mondoni nazoratni o‘z qo‘liga olishi bilan hukumat va parlament tarqatilgani bildirildi hamda Muhammad Yunus kabi keksa Amerika malayi bo‘lajak parlament saylovlari va yangi saylanadigan hukumat tuzilguniga qadar muvaqqat hukumatga rahbar etib tayinlandi. Shu bilan Hasinani mamlakatdan chiqarib yuborish orqali namoyishchilarning ovozini o‘chirishga, amerikaparast Muhammad Yunusni tayinlash orqali AQSHni ham rozi qilishga harakat qilishdi. Ilgari AQSH sobiq prezidenti Bill Klinton Muhammad Yunusni Nobel mukofotiga loyiq deya baholagan edi: (Professor Muhammad Yunus 2006 yilda Grameen Bank bilan birgalikda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan… AQSH prezidenti Bill Klinton Muhammad Yunusga Nobel mukofotini berish tarafdori edi. Prezident Klinton 2002 yildagi nutqi chog‘ida Yunusni Nobel mukofotini ancha vaqt oldin olishi kerak bo‘lgan odam deb ta’riflagan edi. Jumhur, seshanba, 2024 yil 6 avgust). Darhaqiqat, Hasina Muhammad Yunusga qarshi kurashayotgan edi. Masalan, 2024 yil 1 yanvarda Bengal sudi Yunusni poytaxt Dakkadagi mehnat qonunlarini buzganlikda ayblab, 6 oyga qamoqqa hukm qilgan edi. (Bosh prokuror Xurshid Alam Xonning dushanba kuni Frans Press agentligiga aytishicha, Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunus Bangladesh mehnat qonunlarini buzganlikda ayblandi. Uning tarafdorlari bu ishda siyosiy sabablar borligini aytmoqdalar… Prokurorning ta’kidlashicha, Yunus va uning hamkasblari mehnat qonunlari bo‘yicha aybdor deb topilib, olti oylik qamoq jazosiga hukm qilindi hamda apellyatsiya ko‘rib chiqilguniga qadar garov evaziga qo‘yib yuborildi… 160 nafar xalqaro arbob, jumladan, AQSH sobiq prezidenti Barak Obama va BMTning sobiq bosh kotibi Pan Gi Mun tomonidan qo‘shma ochiq xat chop etildi. Unda Muhammad Yunusga nisbatan davom etayotgan sud ta’qiblarini qoralab, uning xavfsizligi va erkinligidan xavotir bildirdilar. Sharqul Avsat, 2024 yil 1 yanvar). Shunday qilib, Muhammad Yunus Amerikaga ma’qul keldi. Makkor Angliya Hasinani mamlakatdan chiqarib yuborish orqali norozilik namoyishlarini bartaraf etishga va amerikaparast qariyani tayinlash orqali AQSHni ham rozi qilishga muvaffaq bo‘ldi… Britaniya deyarli xuddi Hasina qochib ketmasidan oldin bo‘lgani kabi, armiya qo‘mondoni orqali Bangladesh boshqaruvini ushlab qoldi!
Shunday qilib, Bangladesh ustidagi xalqaro kurash hamon davom etmoqda… U yoki bu mustamlakachining ko‘z qarashini qabul qilib, mustamlakachi kofirlar manfaatiga xizmat qilishga intilayotgan malaylar dunyo va oxiratda ziyon ko‘ruvchilardandir… Gunohlari sababli bu dunyoda sharmandalik ularni o‘rab olur. Oxiratda esa alamli azob bordir

﴿سَيُصِيبُ الَّذِينَ أَجْرَمُوا صَغَارٌ عِنْدَ اللهِ وَعَذَابٌ شَدِيدٌ بِمَا كَانُوا يَمْكُرُونَ﴾

«Yaqinda bunday jinoyatkorlarga qilib o‘tgan hiyla-nayranglari sababli Alloh huzurida xorlik va qattiq azob yetajakdir»                                                                                   [An’om 124]

Agar bu malaylar aqllarini ishlatganlarida edi, har bir yurtdagi, ayniqsa, musulmon yurtlaridagi o‘zlariga o‘xshagan malaylar taqdiridan ibrat olgan bo‘lur edilar… Zero, ular yo qamoqqa tashlanishmoqda yo o‘ldirilmoqda yoki xo‘rlangan holda mamlakatdan qochib ketishmoqda! Ular o‘zlaridan oldingilardan saboq olishmayapti, aksincha, o‘z gunohlarida adashib-uloqib yurishibdi! Nahotki ular Robbilari dinini mahkam tutish uchun hamda Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalik davlatida mujassamlangan dinni barpo etishga harakat qilayotganlarga nusrat-yordam berish uchun Parvardigorlariga qaytmasalar? Zero, Xalifalik haqida imom Ahmad va Tayolisiy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rosululloh ﷺ bunday bashorat berganlar:

«ثُمَّ تَكُونُ خِلَافَةٌ عَلَى مِنْهَاجِ النُّبُوَّةِ»

«Keyin Payg‘ambarlik minhoji asosidagi Xalifalik bo‘ladi». Agar aqllarini ishlatganlarida edi Robbilariga qaytmasmidilar?!

﴿إِنَّ فِي ذَلِكَ لَذِكْرَى لِمَنْ كَانَ لَهُ قَلْبٌ أَوْ أَلْقَى السَّمْعَ وَهُوَ شَهِيدٌ﴾

«Albatta bunda (ogoh) qalb egasi bo‘lgan yoki o‘zi hozir bo‘lgan holda (ya’ni sidqidildan) quloq tutgan kishi uchun eslatma-ibratlar bordir»                                                              [Qof 37]

                                                                                                                    11 safar 1446h

                                                                                                                  16 avgust 2024m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.