Soxta so‘z erkinligi

55
0

Soxta so‘z erkinligi

So‘z erkinligi mustamlakachi yirik davlatlar tomonidan uchinchi dunyo davlatlariga, xususan, musulmon davlatlariga tiqishtirilgan “qadriyat”lardan biridir. Mustamlakachilar so‘z erkinligini rivojlanishning asosiy vositalaridan biri sifatida ko‘rsatib, uni gohida aldab, gohida majburlab qabul qildirishga urinib kelmoqda. Ayrim odamlar va G‘arb saqofatiga mahliyo bo‘lgan kimsalar bu bema’ni gaplarga aldanib, uni taraqqiyot alomati, deb e’lon qilishdi. Ammo, agar G‘arbning xatti-harakatlari va siyosatini sinchiklab o‘rgansak, so‘z erkinligi shunchaki bir niqob ekanligi, G‘arb davlatlarining o‘zlari ham so‘z erkinligiga zid ish qilayotgani ayon bo‘ladi. Aniqrog‘i, G‘arbda hukumat siyosati va yo‘nalishini tanqid qilgan odamlarni ta’qib qilish holatlari ko‘p uchraydi. Bunday holatlardan biri sifatida kanadalik Jordan Petersonni misol sifatida keltirish mumkin. Jordan Peterson – psixologiya ilmining professori, Garvard va Toronto universitetining o‘qituvchisi bo‘lib, u LGBTni keskin tanqid qilishi bilan tanilgan. Kanada Oliy sudi yaqinda Jordan Petersonni ushbu tanqidlari uchun “qayta ta’lim olish”ga hukm qildi. Agar Peterson “qayta ta’lim olib” kelgach, yana LGBT vakillarini tanqid qilishni to‘xtatmasa, sudning keyingi hukmi qattiqroq bo‘ladi.

Yana bir misol: AQSHda Federal qidiruv byurosi “xorijiy josus” degan bahona bilan harbiy tahlilchi Skott Ritterning uyida tintuv o‘tkazdi. Bir vaqtlar bu amerikalik fuqaro AQSHning Iroqqa bostirib kirishiga qarshi chiqqan edi. Ayni damda Ukrainadagi urush masalasidagi fikrlari ham AQSHning siyosatiga zid kelmoqda. Shu sababli Skott Ritter 2000-yillardan beri hukumat tomonidan bosim ostida qolmoqda. Ritterning ahvoli 2023 yil oktyabr oyidan boshlab yana ham yomonlashdi. Chunki, u (Isroil)ning G‘azodagi bosqinchiligiga qarshi chiqib, Bosh vazir Netanyaxuni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun AQSHni tanqid qilmoqda. O‘shandan beri AQSH ma’muriyati Ritterni bostirish uchun sa’y-harakatlarini kuchaytirdi.

Demokratiyaning beshigi hisoblangan Yevropa ham so‘z erkinligi masalasida AQSHdan qolishmaydi. Joriy yilning fevral oyida Yevropa Komissiyasi tomonidan tayyorlangan Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi. Ushbu qonunga ko‘ra, X (Twitter), Meta (Facebook) va Google kabi kompaniyalar “noqonuniy” kontentni olib tashlamaganliklari uchun ularni jarimaga tortish ko‘rib chiqildi. Qonunda “noqonuniy” kontent aniq belgilanmagan. Ya’ni har qanday nashr, xabar yoki post bunday kontent tarkibiga kiritilishi mumkin. Yevropa parlament deputati Markus Bakxeyt ta’kidlaganidek, ushbu Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun erkin va siyosiy jihatdan noxush nashrlarni asossiz ravishda senzura qilish uchun ishlatilmoqda. Bundan tashqari, X ijtimoiy tarmog‘ining egasi Ilon Maskning ma’lum qilishicha, Yevropa komissiyasi ijtimoiy tarmoqda senzurani joriy etish bo‘yicha “maxfiy kelishuv” taklif qilgan. Ilon Maskning so‘zlariga ko‘ra, uning ijtimoiy tarmog‘idan boshqa ijtimoiy tarmoqlar bunday kelishuvni imzolagan.

Britaniya hukumati texnologik kompaniyalarni xabarlar va yangiliklarni taqiqlashga majburlash choralarini ko‘rmoqda. Hukumatining rasmiylari ijtimoiy tarmoqlarga egalik qiluvchi kompaniyalarni “qonuniy, ammo zararli” kontentni cheklashga majburlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu esa, kompaniyalarning “qonuniy, ammo zararli” xabarlarni o‘chirish yoki blokirovka qilishga majbur bo‘lishini anglatadi. Bunda “qonuniy, ammo zararli” kontent aniq ko‘rsatilmagan va uni kim belgilashi ochiqlanmagan. Bu ham hukumatning senzura va cheklovlari sirasiga kiradi.

G‘azodagi urush ko‘plab haqiqatlarni ochib berdi, bir tomondan Islomiy o‘lkalar yetakchilarining haqiqiy xoin basharasini ochib tashlagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan G‘arbning ikkiyuzlamachiligini fosh qildi. Shuningdek, Bu urush so‘z erkinligi yolg‘on ekanligini ham ko‘rsatdi. Chunki AQSH, Germaniya, Britaniya va Fransiya kabi G‘arb davlatlari G‘azo bilan birdamlikni ifodalovchi namoyishlarni taqiqlab, shu bilan birga Isroil agressiyasini qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlarga ruxsat bermoqda, kerak bo‘lsa himoya ham qilmoqda. Taqiqlarga qaramay, G‘azoni qo‘llab-quvvatlab namoyishga chiqqan odamlarni bu davlatlar qanday shafqatsizlarcha kaltaklab, qattiq choralar ko‘rganiga butun dunyo guvoh bo‘ldi. Bu voqealardan kim so‘z erkinligi huquqiga ega va kim ega emasligini G‘arb qanday aniqlayotganini ko‘rish mumkin. Aniqrog‘i, G‘arb siyosatiga to‘g‘ri keladigan faoliyatlar, namoyishlar, bayonotlar va nashrlar so‘z erkinligi sanaladi, uning siyosatiga zid bo‘lganlari esa “zararli”, “noqonuniy”, hatto “ekstremizm” va “terrorizm” deb topilib, taqiqlanadi. Ayni paytda G‘arb Islom va Islom hukmlarini, tushunchalarini masxaralab, haqorat qilishni “so‘z erkinligi” deb, himoya qilmoqda, hatto Islomni masxara qilganlarni taqdirlab, ularni “qahramon” sifatida talqin qilmoqda. Chunki G‘arbning maqsadi odamlarning Islomga bo‘lgan e’tiqodini sindirish, Islom va musulmonlarga zarba berish va o‘zining buzuq g‘oyalarini tarqatishdir.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, G‘arb so‘z erkinligini odamlar o‘ylaganchalik qadrlamaydi. G‘arb uchun so‘z erkinligining aslo qadri yo‘q. U so‘z erkinligini faqat niqob sifatida foydalanib, o‘z maqsadiga erishish uchun turli cheklov va taqiqlar qo‘yib bormoqda. Demokratik qadriyat sanalgan so‘z erkinligining G‘arb tarafidan ochiqdan-ochiq cheklab qo‘yilishi kapitalizm (demokratiya) tuzumining yemirilib, qulab borayotganidan darak beradi.

Buning muqobilida, Islom dini faqat harom narsalarga da’vat qilishdan qaytaradi va musulmonlarga barchani, shu jumladan hukumat vakillarini muhosaba qilishni, yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarishni buyuradi.

Horun Abdulhak

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.