بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Hadisi Sharif bilan
Munofiqlar va ularning yomon ishlari
Aziz muxlislar, «Hadisi Sharif bilan” nomli ruknimizning yangi sonini samimiy salomlar bilan boshlaymiz. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.
عن بريدة رضي الله عنه قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: ”لَا تَقُولُوا لِلْمُنَافِقِ سَيِّدٌ فَإِنَّهُ إِنْ يَكُ سَيِّدًا فَقَدْ أَسْخَطْتُمْ رَبَّكُمْ عَزَّ وَجَلَّ”. رواه أبو داود بإسناد صحيح.
Burayda roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Munofiqni rahbar demang. Agar u siz uchun rahbar bo‘lsa, u holda siz Robbingiz Azza va Jallani g‘azablantirgan bo‘lasiz”. Bu hadisni Abu Dovud sahih isnod bilan rivoyat qilgan.
Aziz birodarlar! So‘zlarning eng yaxshisi Alloh Taoloning kalomidir, yo‘llarning eng to‘g‘risi esa, Uning Rosuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hidoyatidir.
Bu Hadisi Sharif biz bilgan munofiqlarga qanday munosabatda bo‘lishni ko‘rsatib beradi. Faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamgina barcha munofiqlarni nomma-nom bilganlar. Ammo biz ayrim munofiqlarning sifatlariga qarab tanib olishimiz mumkin. Masalan Qur’on ta’riflagan, farz amalni dangasalik bilan bajaradigan kimsalar kabi yoki Islom va musulmonlarni yo‘ldan ozdirib, yer yuzida buzg‘unchilik tarqatayotgan, buzg‘unchilikni yaxshi ko‘rishga chorlab, uni himoya qilish va homiylik qilish orqali uning tarqalishiga hissa qo‘shayotgan kimsalar kabi. Islomga va musulmonlarga tuhmat qilish ham munofiqlik alomatidandir.
Shunday ekan, munofiqqa nisbatan tegishli choralar ko‘rishimiz uchun shariatda nima yaxshi, nima yomon ekanini tushunib, munofiq bilan xolis kishi o‘rtasini ajrata bilishimiz lozim. O‘zini Islom va musulmonlar uchun qayg‘urayotgandek ko‘rsatib, biroq shariatga to‘g‘ri kelmaydigan ishlarni qilayotgan odamlar tarafida turmasligimiz kerak, ularga ergashmasligimiz va ularni qo‘llab-quvvatlamasligimiz kerak, hatto ularni rahbar deb sifatlamasligimiz kerak, aks holda Alloh Taolo bizdan g‘azablanadi.
Biz Islom va musulmonlar haqida eng ko‘p qayg‘uradigan insonlar bo‘lishimiz zarur. Munofiqlarning dinimiz va xalqimiz ichiga kirib kelishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Chunki ular bugungi kunda o‘zlarining ko‘pligi va hiylakorligi bilan o‘ta xavflidir. Islom dinini ushlaganlarga amallarini o‘lchash uchun shariat tarozisini ko‘rsatishimiz lozim. Chunki shariat bizni ana shunday yovuz kimsalardan saqlaydigan qal’adir.
Allohdan Islom Ummatini bunday ikkiyuzlamachi munofiqlardan asrashini yolvorib so‘raymiz. Allohim, bizlarni amalida sodiq, sofdil Islom da’vatchilaridan ayla va bizlarni O‘zing sevmaydigan odamlardan uzoq qil, ularning makrlaridan va fitnali rejalaridan bizlarni qutqar.
Aziz birodarlar va opa-singillar, navbatdagi «Hadisi Sharif bilan» nomli ruknimizgacha Alloh Taoloning panohida bo‘ling. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.
09 Safar, 1446h yil.
14 Avgust, 2024m yil.