1445 hijriy yilgi hajda vafot etganlar sonining ortishi

89
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

1445 hijriy yilgi hajda vafot etganlar sonining ortishi

Ustoz Xalifa Muhammad

Iordaniya viloyati

Alloh Subhanahu va Taolo balog‘atga yetgan aqliraso qodir har bir musulmonga umrida bir marta haj ibodatini farz qildi. Alloh Subhanahu va Taolo aytadi:

﴿وَلِلّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلاً﴾

«Yo‘lga qodir bo‘lgan kishilar zimmasida Alloh uchun mana shu uyni haj qilish burchi bor»

                                                                                                                       [Oli Imron 97]

Haj Islomning besh arkonidan biri bo‘ldi. Shuning uchun har bir musulmon ushbu farzni ado etishga qodirlik va imkoniyat topishga qattiq intilib, ularga ega bo‘lgan birinchi fursatda uni ado etishga harakat qiladi. Biroq, Xalifalik davlatining yo‘qotilishi, musulmon yurtlarining mustamlakachilikning soxta chegaralari bilan parchalanishi hamda musulmonlarning haj va boshqa ishlariga g‘amxo‘rlik qiluvchi haqiqiy yetakchidan mahrum bo‘lishi, bularning barchasi musulmonlar boshiga tushgan eng katta balo bo‘lib, ko‘pchilik musulmonlar haj farzini ado etishga qodir bo‘lgan vaqtda mana shu narsalar uni ado etishlariga to‘sqinlik qilmoqda.

Alloh Azza va Jalla musulmonlar rahbariga ularning barcha hayotiy ishlarini chiroyli suratda boshqarishni farz qildi. Haj ham ayni ishlardan biri bo‘lib, rahbardan unga alohida e’tibor berish talab qilinadi. Chunki haj mavsumida millionlab musulmon bir vaqtda bir yerga to‘planadi, kattayu kichik, erkagu ayol, kuchligu zaif hozir bo‘ladi. O‘z navbatida, bu ishlarni tashkil etish, boshqarish va g‘amxo‘rlik qilishda alohida e’tibor talab qilinadi. Bularning barchasidan oldin ko‘plab ziyoratchilarni sig‘dirishi uchun joylar, inshootlar va yo‘llarni obdan proyektlash kerak bo‘ladi. Haj ziyoratidan mas’ul bo‘lgan mutasaddi tashkilotlar bularni amalga oshirishdan ojiz emas. Jumladan, ushbu marosimlarga hozir bo‘lish uchun kerakli mablag‘lar, yaratuvchan aqllar, ishchi kuchlari va ijodkor fikrlar bilan ta’minlansa, insonlar haj ibodatlarini har qanday tiqilinch, bir-birlarini tepalash, baxtsiz hodisalar va jarohatlardan xoli ravishda ado etadilar.

Hojilarga g‘amxo‘rlik qilish ularni oziq-ovqat, ichimlik, yotoq, xavfsiz transport, sog‘liqni saqlash bilan ta’minlashni, shuningdek, issiq-sovuq, yuqumli kasalliklar va tabiiy ofatlardan saqlashni talab qiladi. Ushbu g‘amxo‘rlikda bir kishi boshqasidan, bir guruh boshqa bir guruhdan va ruxsatnomasi bor ruxsatnomasi yo‘qdan ustun qo‘yilmaydi. Chunki g‘amxo‘rlik musulmonlar ishlarini boshqarayotgan kishi uchun farzdir, har bir insonning inson sifatida haqqidir. Umuman olganda, ehtiyoji bor kishiga faqat ehtiyojmand inson degan e’tiborda qaralib, ehtiyoji qondirilishi shart.

Yuqorida aytganimizdek, musulmonlar Xalifalik davlatini yo‘qotish va Islom ahkomlari bilan boshqaruvchi haqiqiy rahbardan mahrum bo‘lish balosiga duchor bo‘lib, yurtlari parchalandi va mustamlakachi kofir islomiy yurtlarda zo‘rlab o‘rnatgan chegaralar bilan ularni bo‘lib tashladi. Natijada musulmon kishi o‘z yurtidan boshqasida ajnabiyga aylandi. Musulmonlar boshiga likillab qolgan kursilariga qattiq o‘ch bo‘lgan, hatto buning uchun yurtini ham, fuqarolarini ham sotadigan, mustamlakachi kofirlarga mamlakat boyliklarini talashga imkon yaratadigan hokimlar balosi keldi, oqibatda ular odamlar ishlarini yomon boshqarishdi. Jumladan, Oli Saud hukmdorlari ham haj ishlarini yomon boshqarishdi va hojilarga qulaylik yaratadigan xizmatlarni taqdim etishmadi. Shubhasiz, yildan-yilga ko‘payib borayotgan ziyoratchilar ehtiyojini qondiradigan hamda turli ob-havo sharoitiga mos keladigan xizmatlarni ko‘rsatishmadi. Oqibatda, tabiiyki, o‘lim, yaralanish, kasal bo‘lish va yo‘qolish holatlari kabi juda ko‘p turli hodisalar yuz berdi, albatta bularning barchasining javobgarligi Oli Saud hukmdorlari bo‘ynida.

Misli ko‘rilmagan darajada havoning isishi hojilarga g‘amxo‘rlik qilishda Saudiya hukmdorlari aybini ochib tashladi. Masalan, shunday jaziramada ziyoratchilar uchun maskanlar va chodirlar yetishmadi, yo‘llar marosimlar uchun juda uzoq va soyabonsiz bo‘ldi, yetarlicha transport vositalari, qulayliklar, sovitkichlar va sog‘liqni saqlash bilan ta’minlanmadi. Oqibatda yuzlab hojilar halok bo‘ldi, o‘nlabi bedarak yo‘qoldi, ular hamon qidirilmoqda. Ularning ichida hajga ruxsat berilganlari ham bor, ruxsat berilmaganlari ham. Bu hol o‘zlarini ikki Harami Sharif xizmatchilari deb da’vo qilgan Oli Saud hukmdorlari tomonidan umumiy shaklda hojilar ishlarini yomon boshqarilganidan kelib chiqdi. Avvalgi haj mavsumlari ham mana shunday yomon boshqaruv sababli hojilar orasida o‘nlab-yuzlab o‘limlar bilan o‘tganini unutganimiz yo‘q.

Bunga Oli Saud hukmdorlarining mamlakatdagi sayyohlik hududlariga ko‘rsatayotgan juda katta g‘amxo‘rlik va xizmatlaridan ko‘ra yaxshiroq dalil bo‘lmasa kerak. Zero, Neom sayyohlar shahri, 2029 yil qishki Osiyo o‘yinlarini Saudiyada o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish kabi ishlarga millionlarni sarflashyapti. Ammo haj marosimlari va xizmatlariga, haj farzini ado etish uchun kelganlarga munosib yordam va xizmatlar uchun mazkur xarajatlarning o‘ndan birini ham sarflashmayapti. To‘g‘rirog‘i, haj marosimlari va inshootlari har yili haj qilmoqchi bo‘lgan har bir kishini sig‘dira oladigan darajada tayyorlansa, haj ham bepul bo‘lsa yaxshi bo‘ladi. Ummatning boyliklari musulmonlarning bu va boshqa ehtiyojlarini qondirish uchun yetarlidir.

Oli Saud hukmdorlarining jinoyatlari faqat hojilar ishlarini yomon boshqarish va buning oqibatida ko‘p hojilarning halok bo‘lishi bilan cheklanib qolmaydi. Bularga Arabiston yarim orolida sodir etgan qirg‘inlarini va o‘z hukmronligini mustahkamlash uchun yuzlab musulmonlarni o‘ldirishlarini qo‘shimcha qilish mumkin. Ularning jinoyatlari ko‘plab musulmon yurtlaridagi musulmonlarga yetib bordi. Masalan, armiyalari Yamanda Amerika manfaati uchun jinoyatlarni sodir etdi. Shom qo‘zg‘olonini to‘xtatish va qonxo‘r Asad rejimini saqlab qolish uchun juda katta mablag‘lar sarflashdi. Sudanda ham shunday jinoyatlar qilishdi. Bosniya va Gersegovina, Birma, Somalida va mana bugun Falastinda musulmonlar masalalariga befarq qarab, yordam berishmayapti. Aksincha, anavi jirkanch yahudiy vujudi bilan munosabatlarni normallashtirishga urinishyapti, Amerikaning ikki davlat yechimini talab qilishyapti. Dunyoning hech bir joyida musulmonlar muammosi yo‘qki, ularga Oli Saud hukmdorlarining xiyonat, fitna va til biriktiruvlari yetib bormagan bo‘lsa.

Bas, ey musulmonlar! Har bir yurtingizdagi hokimlarning aybi sizga fosh bo‘ldi, mustamlakachi kofirdan oldin ularning dushmanligi ko‘rinib bo‘ldi. Siz uchun to shu hokimlaringizdan qutulib, Islom davlati barpo etilmaguncha na uyg‘onish bor, na nusrat quchib, tinch yashash. Xalifaga bay’at berish orqali Payg‘ambarlik minhoji asosida barpo etilajak ushbu ikkinchi roshid Xalifalik davlati yurtlaringizni birlashtirib, Alloh nozil qilgan ahkomlar bilan hukm yuritadi, ishlaringizni chiroyli boshqaradi. Mana, Hizb ut-Tahrir aynan mana shu loyihani ko‘tarib chiqmoqda, bas, unga bay’at bering.

Roya gazetasining 2024 yil 3 iyul chorshanba kungi 501-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.