AQSHdagi saylovda Tramp g‘alaba qozonadimi?
18 iyul kuni AQSHda bo‘lib o‘tgan Respublikachilar partiyasining milliy qurultoyida Donald Tramp, 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida ko‘rsatildi. U qurultoyda qilgan nutqida Ukraina va G‘azodagi urushni to‘xtatish, migratsiya oqimini kamaytirish va soliqlarni ozaytirishga va’da berdi.
Eslatib o‘tamiz, Tramp 13 iyul kuni tarafdorlari bilan uchrashuvi chog‘ida o‘ziga uyushtirilgan suyiqasd tufayli qulog‘idan jarohat olgan edi. O‘q uzgan 20 yoshli Tomas Metyu Kruks respublikachilarning sobiq tarafdori bo‘lgan.
Izoh:
AQSH boshqaruv tizimida prezidentning roli va vakolatlari muhim bo‘lsa-da, biroq bu AQSH siyosatini belgilovchi asosiy omil emas. Boshqacha aytganda, prezident qaysi partiyadan bo‘lishidan qat’i nazar, Amerika siyosati kapitalistik siyosiy doira qabul qilgan strategiya asosida olib boriladi. Bu borada strategik institutlarning hamda neft, qurol-yarog‘ va texnologik soha yetakchilarining roli ham katta. Bu siyosiy doira ba’zan Amerika uchun demokratlarning tabiatiga mos keladigan yumshoqroq va sahna ortidan ish yuritish strategiyasini qabul qiladi. Ayrim hollarda esa respublikachilarning tabiatiga mos, qattiq qo‘l va milliy manfaatni birinchi o‘ringa qo‘yadigan strategiya asosida harakat qilishni tanlaydi. Prezidentlarning roli bu yo‘nalishda o‘z uslublarini amalga oshirish bilan cheklanadi. So‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, Amerika saylovlariga ta’sir o‘tkaza oladigan kapitalistlarning aksariyati Tramp uslubidagi strategiyaga ko‘proq moyil. Biroq, noaniq usullari va shoshqaloq qarorlari bilan tanilgan Tramp davrida xalqaro siyosat yana bir boshi berk ko‘chaga kirib qolishi ehtimoldan uzoq emas.
Ma’lumki, Ukraina masalasida Tramp va u o‘zi uchun vitse-prezident etib tanlagan Jeyms Vensning pozitsiyasi demokratlarning pozitsiyasidan farq qiladi. Aniqrog‘i, ular Ukrainaga yordamni kamaytirish niyatida. Vens amaldagi prezident Baydenni Falastindagi urushni uzaytirishda ayblab, yahudiylarning g‘alabasiga to‘sqinlik qilayotganini aytib keladi.
Bundan tashqari, agar Tramp g‘alaba qozonsa, Amerikaning Yevropa va Xitoyga nisbatan qattiq pozitsiya turishi hamma narsadan ham ko‘ra ko‘proq kutilmoqda. Tramp Avvalgi o‘tgan prezidentlik davrida Xitoy va Yevropa tovarlariga bojlarni oshirgani va ular haqidagi qattiq so‘zlari bilan tanilgan edi. Shubhasiz, bunday siyosatning davom etishi allaqachon keskinlashgan xalqaro munosabatlarni yanada yomonlashtiradi. Yevropa saylovlarida millatchi partiyalarning g‘alaba qozonishlari esa bunga qo‘shimcha bo‘ladi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bugungi kunda jahonning yirik davlatlarida milliy manfaat ustiga qurilgan siyosat har qachongidan ham kuchayib bormoqda. Bu o‘z navbatida mustamlakachilar o‘rtasida nufuz talashlar, urushlar va beqarorliklarni keltirib chiqaradi. Bu esa, dunyo ahlining kapitalizm zulmidan charchaganini va Islom adolatiga qanchalik muhtojligini ko‘rsatib turibdi. Ya’ni, kapitalistlarga qul bo‘lish o‘rniga, butun olamlarning Yaratuvchisi Allohga qul bo‘lish zarurligini ko‘rsatib turibdi. Shunday ekan, biz musulmonlar, barcha harakatimizni ushbu zulmni yo‘q qilish va Allohning dinini oliy qilishga qaratishimiz kerak!
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱسۡتَجِيبُواْ لِلَّهِ وَلِلرَّسُولِ إِذَا دَعَاكُمۡ لِمَا يُحۡيِيكُمۡۖ وَٱعۡلَمُوٓاْ أَنَّ ٱللَّهَ يَحُولُ بَيۡنَ ٱلۡمَرۡءِ وَقَلۡبِهِۦ وَأَنَّهُۥٓ إِلَيۡهِ تُحۡشَرُونَ
“Ey mo‘minlar, Alloh va Uning payg‘ambari sizlarni abadiy hayot beradigan narsaga (ya’ni, dinga) da’vat qilar ekan, uni qabul qilinglar va bilinglarki, shubhasiz, Alloh har bir kishi bilan uning qalbi o‘rtasini egallab turur va shubhasiz, Uning huzuriga to‘planursizlar”. [8:24]