Uyali telefonlarni majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish: monopoliya va to‘liq nazorat
Qirg‘iziston hukumati 25 iyundan boshlab mamlakatda uyali telefonlarni majburiy tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Davlatning identifikatsiya tizimida ro‘yxatdan o‘tmagan telefonlarga hech bir uyali aloqa operatori xizmat ko‘rsatmasligi haqida ogohlantirildi. Natijada telefon savdosi bilan shug‘ullanuvchi tijoratchilar, uyali telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi aniq belgilanmagani va shu sababli o‘z mahsulotlarini sota olmayotganliklarini bildirib, davlatga murojaat qilishdi. Murojaat ortidan Davlat bojxona xizmati xodimlari Bishkek shahridagi “Bereket”, “Besh-Sari” va “Aychurek” savdo markazlari tadbirkorlari bilan uchrashib, ro‘yxatga olish tizimini joriy etish orqali telefon kontrabandasiga chek qo‘yilishini ma’lum qildi. Tadbirkorlarga, xorijdan telefon olib kirish litsenziyasiga ega bo‘lgan ayrim kompaniyalar bilan ishlash taklif qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda uyali telefonni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish xizmati uchun to‘lov 528 som etib belgilangan bo‘lib, uning ustiga QQS (qo‘shilgan qiymat solig‘i) ham qo‘shiladi. 2019-2023 yillar oralig‘ida Qirg‘izistonga xorijdan 23 million 827 ming dona uyali telefon olib kirilgan.
Ma’lumki, rasmiy hukumat uyali telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish orqali ikki narsani maqsad qilmoqda. Birinchisi, katta miqdorda pul aylanadigan sohani monopoliya qilish va o‘zlariga qarashli odamlarni u yerga joylashtirishdir. Davlat rasmiylari tadbirkorlar bilan uchrashuvlarida bu haqida ochiq aytmoqda. Aniqrog‘i, ular “noqonuniy tadbirkorlik” bahonasida kichik tadbirkorlarni bu tarmoqtan uzib qo‘ymoqchi. Qolaversa, qimirlagan narsaga soliq solishga odatlangan Japarov hukumati xorijdan kirib kelgan har bir telefonga soliq solishni maqsad qilmoqda.
Ikkinchisi esa, hukumat telefonlarni majburiy ro‘yxatga olish bahonasida aholi ustidan nazoratni kuchaytirishni maqsad qilmoqda. Ya’ni, bungacha keng salohiyatga ega bo‘lib olgan huquq-tartibot idoralari endilikda har bir fuqaroning, ayniqsa, hukumatga yoqmagan fuqarolarning suhbatlari va harakatlarini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Zero, ochko‘z kapitalistik tuzumda har bir hukumat xalq ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishga harakat qiladi. Bundan avvalgi biometrik pasport va “xavfsiz shahar” kabi loyihalar ham shular jumlasiga kiradi.
Bunday nazorat o‘rnatish va to‘plangan ma’lumotlar bu hukmdorlarning xo‘jayinlari bo‘lmish mustamlakachi davlatlar uchun ham juda muhimdir. Ular faqat o‘z hiylalarini chiroyli so‘zlar bilan amalga oshiradilar. Masalan, har bir fuqaro axborot olish huquqiga ega, degan bahona bilan internet orqali undan foydalanayotgan har bir shaxs haqida ma’lumot olishga harakat qiladi. 19 asr yahudiy bankiri kapitalist Natan Rotshildning bu borada aytgan “Kim axborotga egalik qilsa, dunyoga egalik qiladi” degan gapi axborot sahasidagi kapitalistlarning shioriga aylangan. Ular dunyodagi barcha ma’lumotlarga egalik qilish orqali butun dunyo ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish uchun astoydil harakat qilmoqdalar. Bunga erishish uchun BMT boshchiligidagi qator xalqaro tashkilotlar ishga solinmoqda. Qolaversa, har bir mustamlakachi davlat o‘z ta’siri ostidagi mamlakatlarning axborot xavfsizligiga egalik qilishga harakat qiladi. “Xavfsiz shahar” loyihasi bilan bog‘liq nufuz talashishlarning o‘n yildan ortiq davom etib kelayotgani bunga yaqqol misoldir. 2012 yili Omurbek Babanov bosh vazir bo‘lgan paytda “Xavfsiz shahar” bo‘yicha tender e’lon qilingan edi. O‘shanda tenderda ishtirok etmagan Xitoyning “Beijing Construction Engineering Group International” kompaniyasi g‘olib chiqqan edi. Biroq 2013 yilda amerikaparast “Ata Meken” fraksiyasi bu masalani ko‘tarib, natijada shartnomani bekor qilishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, Xitoy kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomani buzish Rossiya manfaatlariga ham mos keldi. Keyinroq “Xavfsiz shahar” loyihasining birinchi bosqichi bo‘yicha tender o‘tkazilib, 4 sentyabr kuni Rossiyaning “Vega” konserni g‘alabani qo‘lga kiritdi. 2019 yil e’lon qilingan “Xavfsiz shahar” loyihasining ikkinchi bosqichi bo‘yicha tenderda Xitoyning “Shenzhen Sunwin” kompaniyasi g‘alaba qozongandi. Biroq Xitoy kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma yuzasidan sud jarayonlari hozirgacha davom etmoqda.
Bundan ko‘rinib turibdiki, insonlar ustidan nazoratni kuchaytirish va axborotga egalik qilish nafaqat mahalliy hukumat manfaatlari uchun, balki mustamlakachilar manfaatlari uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, bunday vaziyatda musulmonlar hukumatning xiyonati va zulmga olib boradigan harakatlardan ogoh bo‘lib, bunga qarshi turishlari lozim. Chunki mahalliy hukumatlar nazoratni kuchaytirish orqali Islom va musulmonlarga qarshi kurashni kuchaytiradi. Turli bahonalar bilan “ekstremist” va “terrorist”likda ayblanib, sudlanganlar soni ko‘payadi. Zero, Xitoy nazorati ostidagi Sharqiy Turkistondagi musulmonlarning ahvoli buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Mumtoz Mavarounnahriy