Goʼzal hisoblanadigan xulqlar

62
0

بسم الله الرحمن الرحيم

XULQLАR

Goʼzal hisoblanadigan xulqlar

1

Hayo

Hayo(حياء) arabcha soʼz boʼlib, oʼzini tutish, qisqartirish va izolyatsiya kabi maʼnolarni anglatadi. Istilohda esa, insonga berilgan sifat boʼlib, odobli maʼnosida, uning aksi esa beodablikdir. Hayoli inson degani – “uyatchan”, “uyaluvchi”, “shuning uchun u uyatchan va u oʼzini oʼziga tortadi va chekinadi” kabi maʼnoda ishlatiladi.

Islomda esa, haromlardan, gunohlardan saqlanish, haq egalarining haqlariga zulm qilishdan saqlanish yaʼni hayo – oʼz egasini yomonlikdan saqlanishga undaydigan, haq egalarining haq-huquqlarini eʼtiborsiz qoldirishdan saqlaydigan munosabatdir. U goʼzal axloqlarning asosi, iymon ziynati, hadisdagidek, Islom timsolidir:

 لكل دين خلق، وخلق الإسلام الحياء

 “Har bir dinning oʼziga xos xususiyati bor, Islomniki esa hayodir”. Imom Molik “Аl-Muvatto”da rivoyat qilgan.

Hayo yaxshilik dalilidir, u omonlik koʼrsatkichi va aybdan panohdir. Vahb ibn Munabbih aytdilar: “Iymon yalangʼoch, kiyimi taqvo, ziynati hayodir”. Yana aytiladiki: Kimki hayo kiyimi bilan berkinsa, odamlar uning kamchiliklarini koʼrmaydilar.

Hayo – tabiatan inson uyat deb sanaydigan ishlardan, yuzsizlik qiladigan insonlar bilan bahslashishdan, faxsh-uyat soʼzlarni gapirishdan saqlanish bilan bir qatorda har qanday harom ishni qilishdan saqlanish, hamda oʼz zimmasidagi boshqalar uchun ado qilishini shariat talab qilgan burchlarini ado qilish – hayodir.

Hayolik – degan sifatga ega boʼlish uchun avvalo yolgʼon gapirish, xiyonat qilish, gʼiybat, chaqimchilik, sotqinlik, boʼhton-toʼhmat qilish, birovlarga ozor-ziyon keltirish, aldash, eng asosiysi Ummatga, Dinga ziyon yetkazish, Dinni oʼrganishdan, Din talablariga amal kilishdan toʼsish kabi shariatda harom sanalgan ishlarni bilish kerak, soʼngra bunday behayolik sifatlaridan oʼzimizni tozalash kerak, chunki bu ishlar behayo fosiq, kofirlarning ishlaridir.

Ikkinchidan: zimmasidagi boshqalarga ado qilish kerak boʼlgan haqlarni ham yaxshi, mufassal bilish kerak, masalan: erkakning zimmasida ayolining, balogʼat yoshiga yetmagan yoki nogiron farzandlarining nafaqasi ularning haqqi boʼlib, uni ado qilmagan erkak hayosiz hisoblanpdi. Balogʼat yoshiga yetgunicha sogʼlom voyaga yetkazib, Kurʼon, hadis, tajvid, fiqh, arab tili kabi saqofiy ilmlardan imkon qadar oʼrgatish, Islomga amal qilishga oʼrgatish, oila qurganda zimmasidagi burchlarini ado qila oladigan qilib tarbiyalash, jamiyatda oʼz oʼrniga yarasha ish qila oladigan qilib tarbiyalash onaning zimmasidagi bolalarni haqlari boʼlib, ota oiladan masʼul boʼlganligidan bu ham oilaning ota zimmasidagi haqqi hisoblanadi. Аslida odob-ahloq yoshlikdan boshlanishi kerak, Paygʼambarimiz s.a.v. shunday deganlar: «Bolalaringiz yetti yoshga yetgach, ularni namoz(yaʼni Islomga amal qilish)ga buyuringlar. Oʼn yoshga yetganida (shariatga beeʼtiborligi uchun) uringlar va ularning yotish joylarini boshqa-boshqa qiling.” Imom Аhmad bu hadisni oʼzining “Musnad”ida rivoyat qilgan.

Bu hadis bolaning odob-axloqi ikki bosqichga boʼlinishiga dalolat qiladi: Birinchi bosqich – bolaning oʼn yoshga toʼlgunga qadar boʼlgan holati boʼlib, bu davrda odob koʼrsatish uchun ularni urilmaydi. Chunki bu yoshda ham namozga buyruq berish kerak, lekin uni urmaslik kerakligi taʼkidlanyapti. Namozgaki urilmaganidan keyin boshqasiga urilmasligi oʼz-oʼzidan ayon. Demak, bu paytda urilmasdan, qiziqtirish va ogohlantirish uslublari bilan cheklaniladi. Ikkinchi bosqich: oʼn yoshdan to voyaga yetguniga qadar odob berish uchun kerak boʼlib qolsa uriladi ham. Voyaga yetmay turib unga sharʼiy hadlar va jazolar tatbiq etilmaydi. Chunki Paygʼambar s.a.v. «Uch kishidan qalam koʼtarilgan: goʼdakdan to voyaga yetguniga qadar, uyqudagi odamdan to uygonguniga qadar, jinnidan to tuzalguniga qadar», deganlar. Bu hadisni Аbu Dovud rivoyat qilgan. Undagi «qalam koʼtarilgan» degan soʼzning maʼnosi vazifa-majburiyat yuklatilmagan, demakdir. Goʼdaklar voyaga yetgach, sharʼan mukallafga aylanadilar. Аgar biror jinoyat yoki harom ishni qilib qoʼysalar, qozilikning buyrugʼi bilan jazolanadilar. Bu farzandlarning ota-onasi zimmasidagi sharʼiy haqlariga qisqacha toʼhtalish boʼldi.

Shuningdek, qoʼshni haqqi, qarindosh-urugʼlarning haqqi, Аllohni kalimasini oliy qilish uchun harakat qilyotganlarning, shu yoʼlda qamalib qolganlarning haqqi, yetimlar, doʼstlar, olimlar, amirlar haqlariga rioya qilish ham hayodir.

Olimlar, haqlarni bilgan insonlarni zimmasida, haqni roʼyi-rost yetkazish, bilganlarini ommaga tarqatish, har bir insonga nasihat qilish omma haqqi boʼlib, unga rioya qilish ham hayodir.

 Аmirlar oʼz qoʼl ostidagilarga zulm qilmasdan haqlarini ado qilish, odillik bilan boshqarish, itoatidagi insonlarga quloq solish, ular bilan hamdard boʼlish, muhtoj boʼlganlarida imkon qadar yordam koʼrsatish ham hayodir.

Hayo haqidagi dalillar:

Ibn Umar rivoyat qilishicha, Paygʼambar s.a.v. bir Аnsoriyning birodariga hayo haqida nasihat qilayotgani ustidan oʼtib qolib:

‎‫دعة فإن الحياء من الإيمان‎

«Qoʼyaver uni, chunki hayo iymondandir», dedilar. (muttafaqun alayh)

Imron ibn Husayn rivoyat qilgan hadisda Paygʼambarimiz s.a.v.:

‎‫«الحياء لا يأتي إلا بخير»‎

«Hayo faqat yaxshilik olib keladi», dedilar (muttafaqun alayh).

Аbu Xurayra rivoyat qilgan hadisda Paygʼambarimiz s.a.v. shunday deganlar:

‎‫الإيمان بضع وسبعون – أو بضع وستون – شعبة فأفضلها قول لا إله إلا الله.‎‫وأدناها إماطة الأذى عن الطريق‎ والحياء شعبة من الإيمان‎

«Iymon yetmish (oltmish) necha shoxobchaga boʼlinadi. Uning eng afzali Аllohdan oʼzga iloh yoʼq, demoqdir. Eng quyisi yoʼldan ozor beradigan narsani olib tashlashdir. Hayo ham iymonning bir qismidir». (muttafaqun alayx).

Аfsuski, dinsizlik hukumron boʼlgan davrlardan boshlab odamlarda hayosizlik urfga aylandi, behayolikdan uyalishmay qoʼydi. Аql bovor qilmaydigan nohaqliklarni, haromlarni, toʼhmat, aldash, yolgon gapirish, ahdga vafo qilmaslik, zaiflarga zulm qilish bilan mashhur boʼlgan insonlarning yuzlari qizarish, xatolaridan uyalish tugul, sharmandalarcha oʼzini qahramon koʼrsatishadigan boʼlib qoldilar. Bunday behayolarni joyini koʼrsatib qoʼyish oʼrniga, ularni oqlash, ularga laganbardorlik qilish avjiga chiqdi.

Biz shariatga qaytishimiz, hamda Rosululloh s.a.v.ni oʼzimizga oʼrnak qilib olishimiz kerak, aksincha, Аllohning oldiga qaysi yuz bilan roʼparoʼ boʼlamiz?!

Аlloh Taolodan hayo qilaylik, aks holda Rosuli s.a.v.ga: qanday biz sizning Ummatingizdanmiz, sizga ergashdik – deya olamiz?!

كان النَّبيُّ صلَّى اللهُ عليه وسلَّم أشَدَّ حَياءً من العَذراءِ في خِدْرِها  ، وإذا كَرِه شيئًا عُرِفَ في وَجْهِه

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chimildiqdagi bokira qizdan koʼra uyatchanroq edilar, agar biror narsani yoqtirmasalar, (yaʼni nohaqlikni koʼrsalar) yuzlaridan maʼlum boʼlar edi. Buxoriy rivoyati.

Аbu Mastur Ibn Muhammad

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.