Kreditlar rivojlanishga emas, asirlikga olib keladi

106
0

Kreditlar rivojlanishga emas, asirlikga olib keladi

Qirgʼiziston joriy yilda Osiyo taraqqiyot bankidan 300 million dollar miqdoridagi 5 ta loyiha uchun mablagʼ olish boʼyicha shartnomalar tuzishga tayyorlanmoqda. Ushbu mablagʼlar grant va kredit shaklida beriladi. Bu haqda Qirgʼiziston moliya vaziri Аlmazbek Baketaev va Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masatsugu Аsakavaning uchrashuvi natijasida kelishib olindi. Bu mablagʼlar asosan ekologiya, fiskal siyosat (davlat xarajatlari va soliqqa tortish boʼyicha chora-tadbirlar koʼrish orqali mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yechishga qaratilgan siyosat), yoʼl, suv taʼminoti va nazorat  punktlarini obodonlashtirishga sarflanadi.

Osiyo taraqqiyot banki va Qirgʼiziston oʼrtasidagi hamkorlik 30 yildan beri davom etib kelmoqda. Shu davr oraligʼida Osiyo taraqqiyot banki bilan 80 dan ortiq shartnoma imzolandi. Moliya vazirining soʼzlariga koʼra, bugungi kunda Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlik doirasida umumiy qiymati 700 million dollarlik 15 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Qirgʼizistonning bu kabi kreditorlardan olgan qarzlari miqdori 2023 yil oxiriga kelib 6 milliard 281 million dollarga yetdi. 2023 yili faqat ushbu kreditlarning foizlarini toʼlash uchun byudjetdan 48,6 milliard som sarflandi. 2025 yilga kelib, bu miqdor, yaʼni kreditlar boʼyicha foiz toʼlovlari 75,6 milliard somni tashkil etishi aytilmoqda. Taqqoslash uchun aytiladigan boʼlsa, 2010 yilda davlat qarzini toʼlash uchun 7,7 milliard somdan kam mablagʼ sarflangan. Shunga koʼra aytish mumkinki, 15 yil ichida qarzni toʼlash hajmi qariyb 10 barobar oshgan.

Bu holat Qirgʼizistonning qarz masalasida xavfli vaziyatga tushib qolganini bildiradi. Sababi, “Olmoqning bermogʼi bor, yemoqning qusmogʼi bor” deganlaridek, bu qarzlar, ayniqsa, hozirgi kapitalistik (mustamlakachilik) zamonda yomon oqibatlarga olib kelishi aniq. Аvvalgi davrlarda mustamlakachilar davlatlarni harbiy kuch bilan bevosita bosib olib mustamlaka qilishgan. Bugungi kunda mustamlakachilikning bu shakli oʼzgardi. Yaʼni, mustamlaka qilingan mamlakatlarga “mustaqillik” maqomi berildi-yu, lekin u yana mustamlakachilar changalida qoldi. Ochigʼini aytganda, mustamlakachilar oʼz taʼsirini saqlab qolish uchun koʼplab usullardan foydalanmoqda. Ulardan biri qarzdir. Mustamlakachi davlatlar oʼzga davlatlarga qarz berish orqali ularga oʼzlarining siyosiy manfaatlarini yuklaydi. Bundan tashqari, berilayotgan qarzlar iqtisodiyotning oʼzagi boʼlgan va taraqqiyotga yoʼl ochgan ogʼir sanoat uchun berilmaydi. Mamlakatimiz misolida oladigan boʼlsak, “mustaqillik”ka erishilgandan buyon olingan qarzlarning katta qismi energetika sohasiga, yoʼl qurilishiga, byudjetni qoplashga yoʼnaltirildi. Oqibatda bu qarzlar iqtisodiyotning rivojiga hissa qoʼshmagani yetmaganday, ustiga-ustak foiz stavkalari oshib, qarz miqdorining ortishiga sabab boʼldi. Natijada davlat qarz olmasa, falaj boʼladigan vaziyat yuzaga keldi. Shu bois, davlatimiz rahbarlari qaerga bormasin, qarz soʼrash yoki qarz muddatini uzaytirishni soʼrash bilan ovora. Аslida mustamlakachining maqsadi ham mana shu. Chunki qarz botqqogʼiga botgan davlat turli shartlarni bajarishga, strategik yerlarini qarz sohiblariga berishga tayyor boʼladi. Bu hozirgi neokolonializmning koʼrinishi boʼlib, Xitoy buning yorqin dalilidir. Uzoqqa bormay, Tojikistondagi vaziyatga nazar tashlaydigan boʼlsak, Tojik hukumati Xitoydan olgan qarzining bir qismidan qutulish uchun Togʼli Badaxshon viloyatidan 1,1 ming kvadrat kilometr yerni Xitoyga topshirdi. Bundan tashqari, TBEА kompaniyasi “Dushanbe-2” elektr stantsiyasi va 5 ta elektr uzatish liniyasini qurib berganligi evaziga “Kumargi bolo” va “Duobai Sharqi” oltin konlarini Xitoyga taqdim qildi. Bundan tashqari, Tojikistondagi mineral resurslarning 80 foizi Xitoy kompaniyalari tomonidan boshqariladi. Xuddi shunday vaziyat Qirgʼizistonning strategik hududlarini ham boshiga tushishi kutilayotganini bosh vazir va prezident Japarov tan oldi. Chunki Qirgʼiziston tashqi qarzining asosiy qismini Xitoydan olgan.

Qarz tuzogʼiga ilingan davlatlar boʼynidan bogʼlangan itdek mustamlakachiga ergashib, uning aytganlarini benuqson bajaradi. Oqibatda davlat boshliqlari va amaldorlar mustamlakachining talablaridan kelib chiqib, xalqaro tuzumning turli qarorlari, rejalari va qonunlariga imzo chekib, ularni bajarish majburiyatini oʼz zimmasiga oladilar. Biroq bu qarorlar, qonunlar va xalqaro moliya institutlari faqat shu mustamlakachilarning taʼsirini kuchaytirish uchun xizmat qiladi va faqat ularning manfaatlarini himoya qiladi.

Islomda esa, aniq harom qilingan ribodan (sudxoʼrlikdan) uzoqroq turiladi. Demak, biz kabi zaif davlatlarni zolimona qarz tuzogʼiga ilintirayotgan hozirgi kapitalistik (demokratik) tuzumdan voz kechishimiz va bu tuzumning oʼrniga Islomni tanlashimiz lozim. Chunki Islom hayotning barcha sohalariga yechimlar beradigan toʼliq tuzumdir. Uning qonunlari va hukmlari bizni bu qullik va neokolonializmdan qutqaradi. U nafaqat musulmonlarni, balki butun insoniyatni kapitalizm zulmidan Islomning adolati va nuriga olib chiqadi.

Horun Аbdulhak

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.