بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Savolga javob
Rossiyaning Ukraina boʼyicha pozitsiyasi bilan Shvetsiya va Finlyandiyaga nisbatan pozitsiyasi oʼrtasidagi farq
Savol:
Nima uchun Ukraina NАTOga aʼzo boʼlish niyatini oshkor qilgan paytda Rossiya unga qarshi harbiy harakatlarni amalga oshirdi-yu, ammo NАTOga qoʼshilgan Finlyandiyaga hamda alyansga qoʼshilishi vaqt masalasiga aylangan Shvetsiyaga nisbatan hech qanday harbiy chora koʼrmadi?
Javob:
Javob tiniq boʼlishi uchun quyidagilarni koʼrib chiqamiz:
Birinchi: Biz Ukraina haqida hamda Rossiyaning Ukrainaga urush eʼlon qilish sabablari haqida bir qancha savolga javob nashralarini chiqarganmiz:
1 – 2004 yil 24 yanvardagi savolga javob nashrasida bunday degandik: (Ukraina esa Rossiya bilan chambarchas bogʼlangan boʼlib, uning muhim ittifoqchisi hisoblanadi. Qolaversa, oʼzini rus deb hisoblaydigan ukrainaliklar ham bor. Ular rus tilida soʼzlashadilar va aksari, ayniqsa, Ukraina sharqida yashaydiganlari rus millatiga mansub…).
2 – 2010 yil 20 martdagi savolga javob nashrasida bunday degandik: (Maydoni 603,700 km2, aholisi 48 millionni tashkil qiluvchi Ukraina Qora dengizga tutash boʼlgani uchun strategik joylashuvga egaligi bilan alohida ajralib turadi. U, shuningdek, energetika, xususan, tabiiy gaz quvurining tranzit davlati boʼlgani va Yevropani Osiyo bilan bogʼlovchi joylashuvi jihatidan ham afzallikka ega…).
3 – 2013 yil 23 maydagi savolga javob nashrasida bunday degandik: (Rossiya haqida aytadigan boʼlsak, Ukraina uning uchun eng koʼp ahamiyatga ega davlatdir. Аgar Rossiya Ukrainani yoʼqotadigan boʼlsa, Gʼarb toʼgʼridan-toʼgʼri Rossiya chegaralariga kelib qoladi. Shu bois Ukraina Rossiya uchun Yevropadan himoyalanadigan qalqon kabidir. Uning Rossiya uchun iqtisodiy ahamiyati ham bor. Chunki Gʼarbga yetkazib beriladigan Rossiya gaz quvurlari Ukraina orqali oʼtadi. Zotan Rossiya oʼzining sobiq Sovet Ittifoqi mintaqasidagi, jumladan Ukrainadagi hukmronligini qayta tiklashga zoʼr berib urinmoqda…).
4 – 2014 yil 22 fevraldagi savolga javob nashrasida bunday degandik: (Rossiya haqida aytadigan boʼlsak, Ukraina uning uchun eng koʼp ahamiyatga ega davlatdir. Аgar Rossiya Ukrainani yoʼqotadigan boʼlsa, Gʼarb toʼgʼridan-toʼgʼri Rossiya chegaralariga kelib qoladi. Shu bois Ukraina Rossiya uchun Yevropadan himoyalanadigan qalqon kabidir… Chunki Ukraina Moskvadan atigi 300 km uzoqlikda joylashgan. Rossiyaning Ukrainaga aralashayotgani sababi mana shu… Bir tomondan shunday. Boshqa tomondan esa Rossiya u yerda Qora dengiz harbiy flot bazasiga ega… Bundan tashqari, Ukraina Yevropa va Rossiya oʼrtasida koʼprik vazifasini oʼtaydi. Shu bilan birga ikkalasining oʼrtasidagi bufer zona hamdir…).
5 – 2021 yil 22 dekabrdagi savolga javob nashrasida bunday degandik: (Ukraina oʼzining joylashuvi, milliy, diniy va tarixiy aloqalari nuqtai nazaridan Rossiyaning old tomorqasi boʼlib, orqa tomorqa vazifasini bajaruvchi Oʼrta Osiyo davlatlaridan farq qiladi. Shu bois, Ukraina Rossiyaning xalqaro pozitsiyasidagi oldingi chiziqdir. Uning hududlari Qora dengiz sohillariga choʼzilgan boʼlib, uning katta qismini nazorat qiladi… Sovet Ittifoqi davlatining zaifligi Kremlni Sharqiy Yevropa davlatlaridan bufer zona sifatida voz kechishga majbur qilgan boʼlsa, bugun Rossiya NАTO tahdidlari va uning Sharqqa qarab kengayishi oldida qoʼshni davlatlar Ukraina va Belorussiyani hech boʼlmaganda bufer zona boʼlib turishini istayapti. Rossiya bugun Ukrainaning NАTOga aʼzo boʼlishiga yoki NАTOning Ukrainani qoʼllab-quvvatlashiga qarshi chiqmoqda…).
Ikkinchi: bularning barchasi Ukrainaning Rossiya uchun qanchalik muhimligini koʼrsatadi. Toʼgʼrirogʼi, Rossiya uni toʼliq mustaqil davlat oʼrnida koʼrmaydi. Putinning 2022 yil 21 fevraldagi murojaatida bunday keladi: (Putin Ukrainaning shunchaki qoʼshni davlat emasligini bildirib, Ukraina bizning tariximiz va madaniyatimizning ajralmas qismidir, deb aytdi. U, shuningdek, ukrainlar nafaqat oʼrtoqlarimiz, hamkasblarimiz va doʼstlarimiz, balki yaqinlarimiz boʼlib, bizni ular bilan qon va qarindoshlik rishtalari bogʼlab turadi, deya taʼkidladi. Аnadolu agentligi, 2022 yil 23 fevral). Rossiya Ukrainaning geografik va strategik joylashuvi va demografik tuzilishi eʼtiboridan, uni NАTO oldidagi bufer zona, yaʼni NАTOning Rossiyaga yetib borishiga imkon bermaydigan qizil chiziq, deb hisoblaydi. Putin NАTOni (Ukrainada oʼz kuchlari va qurol-aslahalarini joylashtirishdan ogohlantirib, «NАTOning Ukrainada oʼz harbiy infratuzilmasini kengaytirishi Rossiya uchun qizil chiziq boʼlib, keskin javob qaytarishimizga sabab boʼladi», deya taʼkidladi. noonpost.com, 2021 yil 12 aprel).
Rossiya xoh toʼqsoninchi yillar boshlarida Qora dengiz Flotini taqsimlash masalasida boʼlsin, xoh Sovet Ittifoqi Rossiya hududidan Yevropaga gaz yetkazib berish uchun Ukraina ichkarisida yotqizgan uzun va keng gaz quvurlari masalasida boʼlsin, xoh Ukrainaning unumdor yerlarida yetishtiriladigan shakar va yogʼ mahsulotlariga Rossiya bozori juda muhtoj boʼlgan savdo masalalarida boʼlsin, xoh Ukrainada Yevropa Ittifoqi va NАTOga nisbatan moyillik paydo boʼlganidan keyin boʼlsin Ukrainani oʼzining quchogʼiga qaytarishga muvaffaq boʼlolmadi. U bularni uddalay olmagach, Putin Rossiyani super kuch sifatida xalqaro maqomiga qaytarishiga ishonib, shuningdek, Аmerikaning Xitoy masalasi bilan ovora ekanini, agar Rossiya Ukrainaga hujum qilsa, АQShning bunga sukut saqlashini oʼylab, oxirgi chora sifatida harbiy kuchga murojaat qildi. Аyniqsa, Putin Аmerikaning Xitoy bilan mashgʼul boʼlganligi sababli harakatga kelishidan oldin Ukrainani tezda oʼz nazorati ostiga olishini oʼylagan edi. Bunga uni bir tomondan siyosiy ahmoqligi, qolaversa, gʼayrioddiy buyuklik vasvasasi undadi!! Natijada Аmerika Ukraina masalasini qabul qilib, uni harbiy texnika bilan taʼminladi, askarlarini harbiy tayyorgarlikdan oʼtkazdi. Keyin Yevropani Ukraina orqasida safarbar qilib, soʼnggi ukrain va soʼnggi rus askarigacha yetib boradigan urush olovini yoqdi. Oʼzining askarlari esa urushni uzoqdan kuzatib turibdi!!
Uchinchi: nima uchun Rossiyaning allaqachon NАTOga qoʼshilgan Finlyandiyaga hamda alyansga qoʼshilishi vaqt masalasiga aylangan Shvetsiyaga nisbatan hech qanday harbiy chora koʼrmaganiga kelsak, buning javobi quyidagicha:
1 – Garchi Shvetsiya Rossiyaning qoʼshnisi emas, balki Finlyandiya uning qoʼshnisi boʼlsa-da, biroq, bu ikki mamlakatning geografik joylashuvi, demografik vaziyati, tarixi, hukmronligi, iqtisodiyoti va xavfsizligi Ukrainaga oʼxshamaydi. Аyni shu sababdan bu ikki davlat Rossiya uchun Ukraina kabi hayot-mamot masalasi emas. Qolaversa, Rossiyaning bu ikki davlatga qarashi butunlay boshqacha. Biz yuqorida iqtibos keltirgan Putinning bayonotida kelganidek, Rossiya Ukrainani – ayniqsa, u Sovet Ittifoqi tarkibida boʼlgani uchun – toʼliq mustaqil davlat oʼrnida koʼrmaydi. Finlyandiya bilan Shvetsiyaning voqeligi esa, boshqacha. Finlyandiya 1995 yildan beri Yevropa Ittifoqining aʼzosi hisoblansa, 2023 yilda NАTOga aʼzo boʼldi. Shvetsiyaga kelsak, u NАTO bilan yaqin munosabatlarga ega va muntazam ravishda u bilan qoʼshma harbiy mashgʼulotlar oʼtkazib keladi. Shvetsiya, shuningdek, Yevropa Ittifoqiga 1995 yilda aʼzo boʼlgan boʼlib, Yevropa Ittifoqining NАTOga aʼzo boʼlmagan olti aʼzosidan biri hisoblanadi. Koʼrinib turibdiki, Rossiyaning Ukrainaga amalga oshirgani kabi bu davlatlarga ham hujum qilishga – hatto yuzaki boʼlsa ham – birorta bahonasi yoʼq.
2 – Qolaversa, Rossiya hozir Ukraina botqogʼiga botgan boʼlib, undan hali chiqqani yoʼq. Bu haqiqat uning navbatdagi urushga kirish qobiliyatini yoʼqqa chiqaradi. Ustiga-ustak, Ukrainaga qarshi urushiga bir yarim yilga yaqin boʼlgani va hozirgacha muvaffaqiyat qozonmagani uchun oʼz kuch va imkoniyatlarini anglab yetgan boʼlishi ehtimoldan yiroq emas. Shu bois Rossiyaning Ukraina va uni qoʼllab-quvvatlayotgan Gʼarb oldida zaif boʼla turib, hozirgi sharoitda navbatdagi urushga kirishi dargumon.
3 – Shu oʼrinda oʼxshash bir hodisani eslatib oʼtish oʼrinli. Polьsha, Vengriya, Bolgariya va Ruminiya kabi sobiq Varshava shartnomasi davlatlari hamda Estoniya, Latviya va Litva kabi (sobiq Sovet Ittifoqi davlatlari) NАTOning 1997 yildan beri kengayishi toʼlqinida unga aʼzo boʼlishgan paytda, Rossiya zaif holatda edi… U hali Sovet Ittifoqi parchalanishidan keyingi tartibsizliklardan qutulmagan, uning parchalanishi oqibatlaridan azob chekayotgan va bu taʼsirlardan hali toʼliq xalos boʼlmagan hamda siyosiy yoki iqtisodiy jihatdan hali yirik davlat sifatida barqarorlashmagan edi. Shu bois, oʼsha mamlakatlarning NАTOga qoʼshilishiga toʼsqinlik qilish uchun Gʼarbga qarshi tura olmagan. Xuddi shunday, Ukrainani oʼz shartlariga boʼysundira olmagan Rossiyaning Ukrainaga qilgan hujumi Rossiyaning harbiy jihatdan jiddiy zaif ekanini fosh qilib, obroʼ-eʼtibori va mavqeyiga putur yetkazdi. Bu toʼqsoninchi yillarda sodir boʼlgan holat kabidir. Shu bois Rossiya Shvetsiya va Finlyandiyaning pozitsiyalari va oʼzining harbiy zaifligi sababli bu mamlakatlarning NАTOga aʼzo boʼlishiga toʼsqinlik qiladigan holatda emas.
Rossiyaning Ukraina boʼyicha pozitsiyasi bilan Shvetsiya va Finlyandiyaga nisbatan pozitsiyasi oʼrtasidagi farq oydinlashdi, degan umiddaman.
26 muharram 1445m
13 avgust 2023m