Kremlga qilingan dron hujumi

268
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Savolga javob

Kremlga qilingan dron hujumi

Savol:

Amerikalik dron mutaxassislarining fikricha, (o‘tgan chorshanba kuni Kreml uzra urib tushirilgan ikkita dronning Moskva va uning atrofidagi ko‘plab mudofaa tizimlarini yorib o‘tgani ularning Rossiya ichidan uchirilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Al-Jazira va Reyter, 2023 yil 6 may). Ma’lumki, 2023 yil 3 mayga o‘tar kechasi Moskva markazidagi Kreml saroyiga dron hujumi amalga oshirildi… Ukraina parlamenti tashqi ishlar qo‘mitasi kotibining aytishicha, (Kremlga qilingan hujumni Moskvaning o‘zi rejalashtirgan. Al-Jazira, 2023 yil 3 may). Savol shuki, Rossiya ayblaganidek, bu hujum xorij kuchlari (ya’ni Ukraina) tomonidan uyushtirilganmi? Yoki amerikalik ekspertlar va Ukraina da’vo qilganidek, Moskva tomonidan amalga oshirildimi? Boshqacha qilib aytganda, bu to‘g‘rida turli bayonotlar berilgan ekan, hujum ortida kim turibdi?

Javob:

Ha, Rossiya prezidenti matbuot xizmati ikki dron yordamida Kremlga qilingan hujumning oldi olinganini bildirib, hujumni «terakt» sifatida baholadi. Ukraina o‘zining hujumga aloqadorligini darhol rad etib, Moskvani mojaroning har qanday ehtimolli kuchayishini oqlash uchun bu narsani ataylab ommaviy axborot vositalarida yoritganlikda aybladi. Kreml Rossiya prezidenti Vladimir Putinning hech qanday zarar ko‘rmaganini ma’lum qildi… Ayni hujumdan ko‘zlangan maqsadlarni tushunish uchun quyidagilarni ko‘rib chiqamiz:

Birinchi: 2022 yil fevral oyida Rossiya tomonidan boshlangan Ukraina urushiga bir yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, urush frontlarida biroz turg‘unlik yuzaga keldi. Baxmut shahrida sakkiz oydan beri davom etayotgan janglar va Rossiyaning Ukrainaga qilgan ba’zi raketa hujumlarini istisno qilganda, qolgan frontlarda turg‘unlik kuzatilmoqda. Ushbu turg‘unlikning ikkita sababi bor. Birinchisi, qish fasli tufayli bunday bo‘lishi tabiiy. Ikkinchisi, har ikkala tomonda ham o‘q-dorilar yetishmayapti. Ukrainaning ehtimolli hujumi haqida gap ketayotgan bir paytda, Kremlga qilingan hujum frontlardagi turg‘unlikka barham berib, vaziyatni keskinlashtirishi mumkin.

Ikkinchi: Amerika boshchiligidagi G‘arb Ukrainaga doimiy va bosqichma-bosqich yordam ko‘rsatish orqali Rossiyani holdan toydirdi. Asosan Baxmut shahrida jang qilayotgan Vagner guruhi rahbari o‘q-dorilar yetishmasligidan nafaqat doimiy ravishda shikoyat qilyapti, hatto rus armiyasi muassasalaridagi doiralarni ataylab ularni o‘q-dorisiz qoldirganlikda ayblamoqda. Qolgan frontlar qish oylarida deyarli to‘xtab qoldi. Xuddi shunday Rossiyaning Ukrainaga yo‘llagan zarbalari ko‘pincha to‘lqin shaklida bo‘lyapti. Ya’ni hujumlarni to‘xtovsiz ravishda amalga oshirish uchun Rossiyada raketa va samolyotlar yetarli emas. Go‘yo bir oy davomida ishlab chiqarganlarini to‘plab-to‘plab, so‘ng Ukrainaga otayotgandek. Bu esa, Rossiya holdan toyganining yana bir ifodasidir. Bundan tashqari, G‘arb sanksiyalari sababli Rossiya harbiy sanoatida muhim ehtiyot qismlari yetishmayapti. Xabarlarda G‘arbda ham o‘q-dorilar tugab borayotgani tilga olinmoqda. Bu to‘g‘ri bo‘lgan taqdirda ham, biroq G‘arbning harbiy sanoati ayni bo‘shliqni to‘ldirish uchun Rossiya sanoatidan kuchli.

Uchinchi: Natijada, Rossiya armiyasi harbiy safarbarlik kampaniyasiga qaramay, quruqlikdan hujum qilish qobiliyatiga ega emasdek ko‘rinyapti. Masalan, Rossiyaning frontlar bo‘ylab xandaqlar qaziyotganligi Ukrainaning G‘arbdan olingan zamonaviy qurollar bilan hujum qilishi mumkinligidan qo‘rqayotganini ko‘rsatsa, Vagner guruhi rahbari kutilayotgan Ukraina hujumlarini «Rossiya uchun falokat», deya ta’rifladi. Bunga Rossiya harbiy-havo kuchlarining deyarli ko‘rinmay qolganini ham qo‘shimcha qilish mumkin. Zero, bu kuchlar Ukraina osmonida havo nazoratini o‘rnatishda tamoman ojiz qolib, faqat uzoqdan ayrim zarbalar yo‘llash bilan kifoyalanmoqda. Rossiyaning bu zaifligi urushni parda ortidan idora qilayotgan Amerikaga ham, G‘arbga ham oydek ravshan. Mana shularga asosan, urush rejasi Rossiyaga qarshi shunday bir ko‘lamga ega bo‘la boshladiki, buni urush alanga olgan paytda umuman tasavvur qilib bo‘lmasdi. Xususan, Amerika bilan G‘arb yadroviy urush sharpasini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi. Chunki Rossiyaning yadroviy qurol qo‘llash tahdidi darajasiga ko‘tarilgan barcha imo-ishoralari keng tanqidlarga uchradi, hatto Rossiyaning o‘zi ham bu o‘ylamay qilgan tahdidi va AQSHning reaksiyasidan qo‘rqib qoldi.

To‘rtinchi: Bularning barchasiga ko‘ra, aftidan, kelayotgan yoz qaynoq bo‘ladigan va ko‘plab cheklovlar buziladigan ko‘rinadi. Ana shu cheklovlardan biri urushning faqat Ukraina ichkarisida bo‘layotganidir. Haqiqatda, Rossiya ichkarisida bir qancha hujumlar sodir bo‘ldi. Lekin bu hujumlar uchun javobgarlikni Ukraina o‘z zimmasiga olgani yo‘q. Balki go‘yo Rossiyadagi hujumlardan javobgar bo‘lgan Putin boshqaruvini rad etuvchi «Rossiya qarshilik harakati», degan narsa o‘ylab topildi. Possiya poytaxti Moskvaning qoq markazida joylashgan Kreml saroyiga qilingan bu hujum Rossiya takabburligiga ancha putur yetkazadi. Darhaqiqat, Rossiya bu hujumni prezident Putinga qilingan suiqasd deya baholadi. Ikkala dron qayerdan uchirilgan bo‘lishidan qat’iy nazar, ularning Kreml saroyi gumbazlarigacha yetib borishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kreml tepasida portlaganligi Rossiyaning zaifligini ko‘rsatadi.

Beshinchi: Rossiya Ukrainani amalga oshirishda ayblagan ushbu jur’atli hujumdan Moskva va butun Rossiya shok holatiga tushib qolib, bu narsa Rossiyada kuchli bayonotlar berilishiga sabab bo‘ldi. Quyida keltirilgan bayonotlar rus rasmiylaridagi bu shok holatining naqadar qattiq bo‘lganini ko‘rsatmoqda:

(Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Kiyev rejimining Kremlga qilgan hujumidan so‘ng Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va uning gumashtalarini yo‘q qilishdan boshqa variant qolmaganini aytdi. U chorshanba kuni o‘zining Telegramdagi sahifasida bunday yozdi: «Kremlga qilingan bugungi teraktdan so‘ng Zelenskiy va gumashtalarini jismonan yo‘q qilishdan boshqa chora qolmadi». ae 2023 yil 3 may).
Rossiya davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin (Kremlga qilingan ikkita dron hujumiga javoban «Kiyevdagi terrorchi rejimni to‘xtatib, yo‘q qila oladigan qurollardan» foydalanishni talab qildi. Volodin o‘zining Telegram ilovasidagi bayonotida Kiyev javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan ayni hujumdan so‘ng Rossiya Ukraina prezidenti bilan muzokara qilmasligi kerakligini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Zelenskiy rejimi bilan «muzokara qilish mumkin emas. Chunki u Rossiya, Yevropa va butun dunyo xavfsizligiga tahdid solmoqda». Al-Jazira net, 2023 yil 3 may).

Mana shulardan Kremlga qilingan ikki dron hujumidan Rossiyaning qanchalik darajada shokka tushganligi ko‘rinib turibdi.

Oltinchi: Bu hujumni Ukraindagi urushni kuchaytirish maqsadida Rossiyaning o‘zi uyushtirgan bo‘lishi mumkinligiga kelsak, bu ehtimoldan uzoq. Chunki bir jihatdan bu hujum Rossiyaning takabburligiga zarba, buyukligiga tarsaki bo‘lib tushib, endi hech kim undan va uning prezidentidan qo‘rqmasligi kerakligi borasida ogohlantiruv bo‘ldi. Boshqa jihatdan esa, Rossiya Ukrainadagi urushni samarali avj oldirishga qodir emas. Faqat yadroviy qurolni qo‘llash bilan avj oldirishi mumkin. Ammo Rossiya AQSHning reaksiyasidan qo‘rqib, Ukrainada yadroviy quroldan foydalanishga irodasi yetmaydi. Hujumni Rossiyaning o‘zi uyushtirgan bo‘lishi ehtimolini istisno qiluvchi ishoralardan yana biri, uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri Amerikani hujumga aloqadorlikda ayblaganidir. Bu holat ilgari kuzatilmagan bo‘lib, Moskvaning bunday jur’atli hujumdan esankirab qolganini anglatadi. Bunga aloqador quyidagi bayonotlar ham shuni ko‘rsatib turibdi:

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov (Ukrainaning dronlar yordamida Kremlga qilgan hujumi ortida Amerika Qo‘shma Shtatlari turganini, Kiyevning nishonlarini aynan Amerika tanlab berayotganini aytdi. Bu bayonot uning 2023 yil 4 may payshanba kungi press-relizida bildirilgan bo‘lib, Peskov unda yana bunday qo‘shimcha qildi: «Kiyev va Vashingtonning buni rad etishga bo‘lgan urinishlari mutlaqo bema’nilikdir. Biz bunga o‘xshash harakatlar va terroristik hujumlar bo‘yicha qarorlarning Kiyevda emas, Vashingtonda qabul qilinishini yaxshi bilamiz. Kiyev o‘ziga buyurilgan ishni qiladi. Unga bu borada buyruq kelgan». Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi MSNBC telekanaliga bergan bayonotida hujum ortida AQSH turgani haqidagi ayblovlarni rad etib, bunday dedi: «Biz hanuz nima bo‘lganini bilmaymiz va hech qanday izoh berolmaymiz. Men bugun ertalab Dmitriy Peskovning izohlarini va bizning bunga qandaydir tarzda aralashganimiz haqidagi da’volarini ko‘rdim. Sizni ishontirib aytamanki, AQSH bu hodisada ishtirok etmagan. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, Qo‘shma Shtatlar bu ishga aralashmagan» (RT, 2023 yil 4 may).
Mana shularning barchasidan kelib chiqib aytish mumkinki, Amerika Rossiyaning zaiflashib, holdan toyganini ko‘rdi va shu tufayli Ukrainadagi urushni qo‘lga olib, uni Rossiyaga qarshi ko‘plab cheklovlar buziladigan yanada kattaroq ko‘lamga olib chiqmoqda. Kremlga qilingan bu hujum shaxsan prezident Putinga tahdid hisoblanadi. Kreml matbuot kotibi Peskovning bayonotlaridan ko‘rinib turibdiki, Rossiya bunday missiyani tushundi. Shuning uchun Amerikaga «hujum ortida sen turganingni bilaman», demoqchi bo‘ldi. Biroq, Amerikadan juda qo‘rqqani uchun unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid qilishdan o‘zini tiyib, Ukrainaga va Zelenskiyni jismonan yo‘q qilishga tahdid qilish bilan kifoyalanyapti.

Hujum Rossiyani maydonga chorlashdan iborat ekanini va Amerika tomonidan rejalashtirilganini ko‘rsatuvchi ishoralardan biri Zelenskiyning Ukrainadan olib chiqib ketilganidir. Darhaqiqat, hujum yuz bergan kuni ertalab Ukraina prezidentining to‘satdan Finlyandiyaning Xelsinki shahriga safar qilgani ma’lum bo‘ldi, keyin uning samolyoti Niderlandiyaning Amsterdam shahriga qo‘nayotgani ko‘rindi. Keyinchalik esa Germaniya kansleri kun tartibida Ukraina prezidenti Zelenskiyni qabul qilish ham borligi aytildi. Bularning barchasi Ukraina prezidenti Zelenskiyni Rossiyaning reaksiyasidan himoya qilish, ya’ni Medvedev talab qilganidek, uni jismonan yo‘q qilishdan saqlash uchun qilindi.
Amerikaning o‘ziga kelsak, u ayni hodisaga izoh berishni istamagandek ko‘rindi, balki o‘zini Rossiya aytgan narsalarga shubha bilan qarayotgan qilib ko‘rsatdi: (AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ukrainaning dronlar yordamida Kremlga hujum qilganligi to‘g‘risidagi da’volarni o‘z ichiga olgan Moskvaning izohlaridan xabardorligini, ammo «ularning to‘g‘riligini hech qanday tarzda tasdiqlay olmasligi»ni aytib, «to‘g‘risi, biz hech nimani bilmaymiz» dedi. So‘ng «Ko‘ramiz qanday faktlar bor ekan. Faktlarni bilmay turib, bu haqda fikr bildirish yoki taxmin qilish juda qiyin», deya ta’kidladi. Si-En-En arabiy, 2023 yil 3 may).

Rossiya prezidenti Putinga suiqasd qilishga urinishda AQSHning roli borligini ko‘rsatuvchi ishoralardan yana biri bu o‘tgan oylarda sizib chiqqan va 2023 yil aprelida fosh bo‘lgan Amerika hujjatlaridir. Hujjatlarda urush ssenariylaridan biri sifatida Rossiya prezidenti Putinning o‘ldirilishi tilga olingan: (Aftidan, AQSH mudofaa vazirligi Pentagon tomonidan maxfiy hujjatlarni sizdirish jarayoni kutilmagan hodisalar va sirlarga boy ko‘rinadi. Nyu-York Tayms gazetasining qo‘lga kiritgan maxfiy razvedka hujjati haqida fosh qilgan narsalari ana shular jumlasidan. Hujjatlarda Ukrainadagi urushdan bir yil o‘tib favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlab chiqilgan rejalarning tafsilotlari keltirilgan. Fosh etilgan ushbu hujjatlar AQSH Mudofaa razvedka boshqarmasi tomonidan to‘rtta taxminiy ssenariy bo‘yicha qilingan tahlilni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ularda Ukraina urushi kelib chiqqan taqdirda unga qanday ta’sir o‘tkazish mumkinligi aytilgan. Hujjatlar, shuningdek, quyidagi taxminiy ssenariylarni ham o‘z ichiga oladi: «Rossiya prezidenti Vladimir Putinning hamda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning o‘ldirilishi… Rossiya Qurolli kuchlari rahbariyatini o‘zgartirish… Ukrainaning Kremlga zarba berishi». Sharq gazetasi, 2023 yil 12 aprel).

Yettinchi: Xulosa qilib aytganda, Moskvadagi Kreml saroyiga qilingan dron hujumi Ukrainadagi urushning xavfli tarzda avj olishini, shuningdek, Amerika va Ukrainaning Rossiya ichkarisida urush to‘lqinini o‘zgartira oladigan darajada kuchli hujumlarni amalga oshirish uchun yetarli malaylarga ega ekanini ko‘rsatmoqda. Rossiyadagi temir yo‘llar, neft va elektr stansiyalari va boshqa yerlarni nishonga olgan portlashlar allaqachon boshlandi va tobora kuchayib bormoqda. Boshqacha qilib aytganda, urushni Ukrainadan Rossiyaga olib o‘tish jarayoni amalda va jur’at bilan davom etmoqda. Ayniqsa, Rossiya armiyasi Ukrainada ancha holdan toygan bo‘lib, urush oqimini o‘zgartira oladigan samarali hujumlarni amalga oshirishi qiyin. Qolaversa, AQSH boshchiligidagi G‘arb urush oqimini Ukraina foydasiga o‘zgartirish uchun yanada rivojlangan qurollar bilan uni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Ma’lumki, Ukraina Xerson shahri va Xarkovdagi hududlarni qaytarib olganidan so‘ng, shuningdek, Rossiya sakkiz oy davom etgan hujumlaridan keyin ham Baxmut shahrini qo‘lga kirita olmay, aksincha jiddiy yo‘qotishlarga yuz tutishi ortidan urushning hozirgi yo‘nalishi Rossiya foydasiga bo‘lmayapti.

Kremlga qilingan hujumning ko‘lami va orqa plani mana shu. Bularning barchasi Rossiyaning harbiy va xavfsizlik salohiyati larzaga kelib, hatto Moskvaning qoq o‘rtasidagi o‘zining siyosiy markazini ham mudofaa qilolmaganiga dalolat qiladi! To‘g‘ri, urush faqat Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida ketmayapti, balki AQSH va G‘arb Ukrainani moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlamoqda. Buning barobarida, Rossiyaning Ukrainaga qilgan hujumi bir yildan ortiq davom etmoqda. Rossiya tomonidan bosib olingan hududlar barqarorligi hamon jiddiy ravishda silkinib, moliyaviy va insoniy yo‘qotishlarga yuz tutmoqda. Bularning barchasi Rossiyaning yirik davlat degan nomdan butunlay uzoqlashib ketganini anglatadi. Aftidan, Rossiya ham buni tushunib turgan ko‘rinadi. Shu sababli 2023 yil 9 maydagi G‘alaba bayrami oldidan Baxmutni to‘la qo‘lga kiritish orqali o‘zining o‘sha obro‘sini qayta tiklash uchun bor imkoniyatini sarfladi… Biroq, hujumlarni shuncha kuchaytirganiga va Vagner guruhini safarbar qilganiga qaramay, haligacha buni amalga oshira olmadi.

Amerika va G‘arbga kelsak, ular oxirgi ukrainalik askar qolguncha jang qilishadi! Urushga bevosita o‘zlari kirishni istashmaydi, balki o‘zlarining manfaatlarini boshqalarning qoni bilan ta’minlashadi.

So‘zimning nihoyasida 2023 yil 1 martdagi savolga javob nashrasida kelgan so‘zlarimni ta’kidlamoqchiman: (… Bugungi dunyoda yirik deb atalgan bu mustamlakachi kofir davlatlar olamga yaxshilik olib kelish uchun emas, balki yomonlik va zarar olib kelish uchun o‘zaro kurashishmoqda. Rossiya Ukrainaga bosh ko‘tarishga tayyor bo‘lgan har bir ukrainalikni o‘ldirish uchun hujum qilgan bo‘lsa, Amerika va G‘arb o‘z askarlari bilan emas, balki barcha ukrainaliklar bilan dushmanga qarshi kurashmoqda. Ikkala tomon ham Ukrainada har bir ukrainalikni o‘ldirish uchun bir-birlari bilan kurashishmoqda… Shunday qilib, yer yuzida fasod tarqatishni ko‘zlagan bu davlatlar uchun har qancha qon to‘kilishining – modomiki bu narsa ularning manfaatlarini ro‘yobga chiqarar ekan – hech qanday ahamiyati yo‘q… O‘tmishda Fors va Rum davlatlari o‘zaro kurashib, biri g‘olib, ikkinchisi mag‘lub bo‘lgani kabi, go‘yo tarix takrorlanayotganga o‘xshaydi… Ularning har biri o‘z manfaatlarini ro‘yobga chiqarish uchun odamlar qonini daryo qilib oqizuvchi mashinadek harakat qilgan edi… Bu holat Alloh Taolo haq va adolat ahli bo‘lgan Islom Ummatini g‘alaba va ochiq fath bilan siylab, Islom va musulmonlar aziz, kufr va kofirlar xor bo‘lguniga qadar davom etgan edi. Allohning izni ila yana shunday bo‘ladi.

وَيَوْمَئِذٍ يَفْرَحُ الْمُؤْمِنُونَ + بِنَصْرِ اللَّهِ يَنْصُرُ مَنْ يَشَاءُ وَهُوَ الْعَزِيزُ الرَّحِيمُ

«O‘sha kunda mo‘minlar Allohning nusrati sababli shodlanurlar. (Alloh) O‘zi xohlagan kishiga nusrat berur. U qudrat va rahm-shafqat egasidir» [Rum 4-5]).

Bu roshid Xalifalikni barpo qilish bilan bo‘ladi.

وَيَقُولُونَ مَتَى هُوَ قُلْ عَسَى أَنْ يَكُونَ قَرِيباً

«Hali ular: «U (kun) qachon bo‘lur?» deb (so‘raydilar). «Shoyadki yaqin bo‘lsa», deb ayting!» [Isro 51]

19 shavvol 1444m

9 may 2023m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.