Sadir Japarov davlat tashrifi bilan Xitoyga jo‘nab ketdi
Xabar: Prezident Sadir Japarov 17-may kuni davlat tashrifi bilan Xitoyga uchib ketdi. Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, davlat rahbari tashrif doirasida “Xitoy-Markaziy Osiyo” sammitida ishtirok etadi.
Japarov davlat tashrifi davomida XXR raisi Si Jinpin bilan ikki tomonlama muzokaralar, XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan, Xalq siyosiy maslahat kengashi milliy qo‘mitasi raisi Van Xunning va boshqa rasmiy hamda ishbilarmon doiralar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.
Qirg‘iziston delegatsiyasi tarkibida prezidentning rafiqasi Aygul Japarova, tishqi ishlar vaziri Jeenbek Qulibayev, prezident ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limi boshlig‘i Muratbek Azimbakiyev, Qirg‘izistonning Xitoydagi elchisi Aktilek Musayeva, prezident ma’muriyati qarorlarini tayyorlash bo‘limi rahbari Oybek Junushaliyevlar bor. Unga bir qator vazirlar, Bishkek va O‘sh shaharlari merlari hamrohlik qilmoqda.
Sadir Japarovning Xitoyga davlat tashrifi 18-20-may kunlari bo‘lib o‘tadi.
Izoh: Ukraina urushi cho‘zilib, Rossiya siyosiy, harbiy va iqtisodiy tomondan zaiflashib borgani sari Markaziy Osiyo ustida G‘arb davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi kurash qizg‘in pallaga chiqib bormoqda. G‘arb rasmiylari mintaqa davlatlarini Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarga roiya etishga chaqirish bahonasi bilan “ziyorat” qilib, mahalliy hukumatlar bilan yaqin aloqa o‘rnatishga urinayotgan bo‘lsa, Xitoy iqtisodiy loyihalar orqali mintaqa davlatlarini tobora ko‘proq o‘ziga bog‘lab olmoqda. Xitoy shu vaqtga qadar mintaqa davlatlari bilan asosan iqtisodiy hamkorlikka e’tibor qaratib kelayotgan bo‘lsa, 18-may kuni olti mamlakat rahbarining ilk yuzma-yuz sammiti hisoblangan – “Xitoy-Markaziy Osiyo” sammitini tashkil etish orqali mintaqada siyosiy qadamlar tashlashni boshladi. Xitoy tashabbusi bilan uyushtirilayotgan mazkur sammit AQSHning “S5+1” formatiga muqobil tarzda tashkil etilgan bo‘lib, bundan ko‘zlangan maqsad mintaqa davlatlarini G‘arb tomon yuzlanishining oldini olishdan iboratdir.
Ma’lumki, Rossiya hozirgi siyosiy va iqtisodiy holatida mintaqa davlatlarini o‘z nufuzi va ta’sir ostida ushlab turishi tobora qiyinlashib bormoqda. Rossiya boy berib borayotgan mintaqa bo‘sh qolmasligi va uning o‘rnini kimdir to‘ldirish aniq. Putin uchun mintaqada AQSHning ta’siri kuchayib borishidan ko‘ra, bo‘shliqni Xitoy to‘ldirgani manfaatliroq.
Joriy yilning 20-22 mart kunlari Xitoy rahbari Si Jinpinning Moskvaga amalga oshirgan tashrifi va Putin bilan olib borgan muzoqaralarda ham Markaziy Osiyo mintaqasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu ikki davlat rahbarlarining “Yangi davrda har tomonlama sheriklik va strategik hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonoti”da keltirib o‘tildi. Mintaqa davlatlarining G‘arbga munosabatining iliqlashuvidan norozi bo‘lgan Moskva va Pekin bu davlatlar kim bilan do‘st bo‘lish-bo‘lmasligini ham belgilab berilgan qo‘shma bayonotni e’lon qilish:
“Tomonlar Markaziy Osiyo davlatlarining suvereniteti va milliy taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashtirishni kuchaytirishga tayyor hamda “rangli inqiloblarni” import qilish urinishi va mintaqa ishlariga tashqi aralashuvni qabul qilmaydi”, -deyilgan edi bayonotda.
Avvalroq, 2022-yil fevral oyi boshida Vladimir Putin Pekinga tashrif buyurganida ham ikki davlat rahbarlari qo‘shma bayonot berib, Rossiya va Xitoy “tashqi kuchlarning umumiy qo‘shni mintaqalarda xavfsizlik va barqarorlikka putur yetkazish harakatlariga” qarshi ekani, shuningdek, “suveren mamlakatlarning ichki ishlariga har qanday bahona bilan tashqi kuchlarning aralashuviga qarshilik ko‘rsatish, rangli inqilobga qarshi turish” niyatida ekaniligi qayd etilgan edi. Bundan xulosa qilish mumkinki, Rossiya mintaqaga AQSH kirib kelishini olish uchun mintqani Xitoyga “tortiq” qilib yuborishga ham tayyor.
Bugungi kunda mintaqa davlatlarining asosiy investori Xitoy ekanligi va mintaqadagi har bir davlat undan katta miqdorda qarzdor.
2020 yil hisobotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning Xitoydan qarzi 3 mlrd dollarni tashkil etadi. Bu mamlakat umumiy qarzining 12 foizini tashkil qiladi. Qirg‘iziston Xitoydan 1 milliard 700 million dollar qarz olgan va bu davlat umumiy tashqi qarzining 40 foizini tashkil etadi. Tojikiston tashqi qarzlarida Xitoyning ulushi 48 foizni tashkil etadi. O‘tgan yillar davomida Tojikiston Xitoydan 1 milliard 200 million dollar qarz olgan. Qozog‘istonning Xitoy oldidagi davlat qarzi 12 milliard dollardan ortiq. Bu davlat umumiy qarzining 8 foizi degani. Turkmaniston haqida esa aniq ma’lumotlar mavjud emas.
Endilikda Xitoy mintaqada iqtisodiy nufuzini kuchaytirish bilan birga siyosiy ta’sirini oshirishga ham harakat qilishini hisobga olinadigan bo‘lsa, mintaqa ustidagi nufuz talashish kurashi AQSH va Xitoy o‘rtasida kuchayib borishini kutish mumkin.
Abdurahmon Odilov