Sudandagi qurolli janglar hamda uning siyosiy kurashlarga ta’siri

166
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Savolga javob

Sudandagi qurolli janglar hamda uning siyosiy kurashlarga ta’siri

Savol: Skay Nyuz arabiyya o‘z saytida AQSHning 2023 yil 23 aprel yakshanba kuni ertalab o‘z diplomatlarini evakuatsiya qilganini quyidagicha yoritdi: (Yakshanba kuni ertalab AQSH prezidenti Jo Bayden bir necha kundan beri shiddatli janglarga sahna bo‘layotgan Sudandan amerikalik diplomatlarning evakuatsiya qilinganini ma’lum qildi. Bayden o‘z bayonotida «Amerikalik harbiylar bugun (yakshanba) kuni mening buyrug‘im bilan AQSH hukumati xodimlarini Xartumdan olib chiqish operatsiyasini amalga oshirishdi», dedi)… Arabiy 21 ham 2023 yil 23 aprel kuni o‘z saytida bunday xabar tarqatdi: (Amerikalik diplomatlarning evakuatsiya qilingani haqida Sudan harbiylari hech qanday izoh bermadi. Biroq ular avvalgi bayonotda Qo‘shma Shtatlar, Britaniya, Fransiya va Xitoyning o‘z diplomatlari va boshqa fuqarolarini Xartumdan evakuatsiya qilmoqchiligini aytib, buning «darhol boshlanishi kutilayotgani»ni qo‘shimcha qilishgan edi)…

Ushbu evakuatsiya Sudanda bo‘layotgan jangning davom etishini anglatadimi? Xususan, Burhon ham, Hamidatiy ham Amerikaning malaylari ekanini inobatga olsak, bu janglarni qanday izohlash mumkin? Yoki ulardan biri Britaniya va Yevropaga moyil bo‘lib qoldimi va shuning uchun janglar bo‘lyaptimi? Keyin, bu janglar oxirida qanday yechim kutiladi? Tashakkur.

Javob: Javob tiniq bo‘lishi uchun konstitutsiyaviy deklaratsiyadan va unga qarshi harbiy to‘ntarishdan beri bo‘layotgan voqea-hodisalarni ko‘rib chiqamiz:

Birinchi: Konstitutsiyaviy deklaratsiya bosqichi:

«Konstitutsiyaviy deklaratsiya» harbiy kengashdan iborat Amerika malaylari hamda fuqarolik tuzilmadan iborat Britaniya va Yevropa malaylari ustidan o‘z hukmini o‘tkazar edi. 2019 yil 17 avgustda ikki tomon o‘rtasida imzolangan bu deklaratsiya 2020 yil 3 oktyabrda imzolangan Juba kelishuvidan so‘ng vaqti o‘zgartirildi. Ya’ni o‘tish davri 51 oyga uzaytirilib, boshqaruv fuqarolik tuzilmasidagilarga 2021 yil noyabr oyida o‘tadigan bo‘ldi… Konstitutsiyaviy deklaratsiyada ko‘plab kuch markazlari harbiy tuzilmadan fuqarolik tuzilmaga o‘tkazish belgilangani bois, bu narsa Burhon bilan Hamidatiyga yoqmadi. Shu sababli, fuqarolik tuzilma ushbu markazlarni egallashiga ikki oycha vaqt qolganda davlat to‘ntarishiga urinish aniqlangani e’lon qilindi. Davlat to‘ntarishiga (inqilobga) urinish kim tarafidan amalga oshirildi deng, davolanib qaytganiga 5 kun bo‘lmagan o‘zlarining odami Bakroviy tarafidan. (Sudan mudofaa vaziri general-leytenant Yasin Ibrohim inqilobga urinishning oldini olinganini, unda general-mayor Abdulboqiy Bakroviy yetakchilik qilganini, u bilan 22 nafar turli unvondagi ofitserlar, unter-ofitserlar va askarlar qatnashganini ma’lum qildi… Bi-Bi-Si, 2021 yil 21 sentyabr).
Biz ushbu inqilobga urinishni diqqat bilan o‘rgansak, uning sun’iy bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz: Chunki (bu inqilobga urinish yetakchisi Bahrul Jabal operatsiyasida Burhon bilan, Darfur g‘arbida esa Shamsiddin Kabboshiy bilan birga xizmat qilgan… Arabiy 21, 2021 yil 22 sentyabr). Bular Sudan armiyasi va suveren kengashining yuqori martabali qo‘mondonlaridir. Boshqacha ibora bilan aytganda, Bakroviy harbiy qo‘mondonlikdagi yuqori martabali Amerika malaylariga juda yaqin va ishonchlarini qozongan kimsa. Shuning uchun ham inqilobga urinish haqiqiy emas edi. Ya’ni inqilobga urinish suveren kengash yetakchiligi fuqarolik tuzilmaga o‘tishidan oldin boshqaruvni tartiblashtirib olish niyatida Bakroviy bilan harbiy yetakchilikning kelishuvi asosida bo‘lgan. Buning ortidan (ommaviy axborot vositalarida harbiy to‘ntarish amalga oshirilayotgani haqida gap tarqalar ekan, Sudan armiyasi dushanba kuni ertalab bosh vazir Abdulloh Hamduk bilan birga hukumatning aksariyat a’zolarini, ko‘plab rasmiylar va jurnalistlarni hibsga oldi. Al-Jazira, 2021 yil 25 oktyabr). Hibsga olingan Hamduk ma’muriyati tomondan chiqarilgan bayonotda bunday deyildi: (Bo‘lib o‘tgan voqealar konstitutsiyaviy deklaratsiyani yirtib-parchalash hamda qo‘zg‘olon yutuqlariga qarshi qilingan to‘liq inqilob hisoblanadi. Al-Jazira, 2021 yil 25 oktyabr).
Bundan ko‘rinib turibdiki, demak, Ozodlik va o‘zgarish kuchlaridan iborat fuqarolik tuzilma bilan Harbiy kengash o‘rtasida 2019 yilda imzolangan kelishuv bir tuzoq edi. Bu tuzoq suveren kengash raisligi birinchi harbiylarga, undan keyin fuqarolik tuzilmaga berilishi aytilgan tuzoq bo‘lib, uni harbiy kengash o‘z ortida turgan Amerika bilan birgalikda qo‘ygan. Shuning uchun Ozodlik va o‘zgarish kuchlari – sizlar suveren kengash raisligini ya’ni Sudandagi boshqaruvni dastlabki 21 oydan keyin o‘z qo‘lingizga olasizlar, deya aldab-avralgan. Agar haqiqatda bu amalga oshganda edi, u holda, Britaniya va Yevropaning yurtdagi malaylari AQSHning Sudandagi nufuziga tahdid soladigan tarzda armiya rahbariyati va uni moliyalashtirish ishlarida keng qamrovli o‘zgarishlar yasashga muvaffaq bo‘lardilar. Bu esa Amerika ruxsat bermaydigan ishdir.

Shundan so‘ng, odamlar orasida – inqilob masalasi tunda Burhon bilan Hamidatiy o‘rtasida konstitutsiyaviy deklaratsiyani barbod etish niyatida uyushtirilgan, degan gaplar tarqaldi… Keyin odamlar – ba’zilari xolis niyatda, ba’zilari fuqarolik tuzilmasidagilarning undovi bilan – ko‘chalarga chiqishdi va boshlangan norozilik namoyishlari kunlab, hatto oylab davom etdi…

Ikkinchi: doiraviy kelishuv bosqichi:

Avvalgi inqilob masalasi fosh bo‘lib, norozilik namoyishlari ko‘chalarga tarqalganidan keyin, fuqarolik tuzilmani tuzog‘ga tushirishning ikkinchi bosqichi boshlandi. Ya’ni harbiy va fuqarolik tuzilmalari o‘rtasida muzokaralar boshlanib, 2022 yil 5 dekabrda doiraviy kelishuv imzolandi. Bizning 2022 yil 11 dekabrdagi savolga javob nashrimizda bu haqda quyidagi so‘zlar kelgandi: («… Kelishuvning ikkinchi qismi quyidagilarni o‘z ichiga oladi: «O‘tish davri vakolati to‘liq fuqarolik hokimiyatiga o‘tkaziladi… Davlatda faxriy vazifalarni bajaradigan prezident bo‘ladi… Ijroiy tabaqaga fuqarolik tuzilmadan chiqqan bosh vazir raislik qiladi»… Kelishuvda yana aytilishicha, «Armiya siyosatdan hamda iqtisodiy, tijoriy va investitsiya faoliyatlaridan uzoqlashadi. Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar va qurolli harakatlar kuchlari integratsiya va demobilizatsiya komissiyasi tomonidan kelishiladigan tartiblarga muvofiq hamda xavfsizlik va harbiy islohotlar rejasi doirasida armiya tarkibiga kiritiladi…»). Kelishuv 2023 yil 6 aprelda yakuniy imzolashni, 2023 yil 11 aprelda fuqarolik hukumati tuzishni taqozo qilar edi. Lekin ishlar quyidagicha tus oldi:

O‘sha kuni 2023 yil 6 aprelda, ya’ni o‘tish davri konstitutsiyasi imzolanishi kerak bo‘lgan va o‘tish davri hukumati tuzilishiga besh kun qolgan kunda AQSH tashqi ishlar vazirining Afrika ishlari bo‘yicha yordamchisi Molli Hamidatiy va Sudandagi siyosiy jarayon matbuot kotibi Xolidumar Yusuf bilan telefon suhbati o‘tkazdi: (Molli suveren kengash raisining har ikki o‘rinbosari, ya’ni Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar qo‘mondoni Hamidatiy va siyosiy jarayon matbuot kotibi Xolidumar Yusuf bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bundan bir necha kun avval suveren kengash raisi va armiya qo‘mondoni Burhon bilan ham telefon orqali gaplashgan edi… Sudan Tribyun, 2023 yil 6 aprel).
«Arabicpost» veb-sayti 2023 yil 19 aprel chorshanba kuni Nyu-York Tayms gazetasining o‘sha kungi xabarlaridan iqtibos keltirgan holda joriy yilning 15 aprel kuni sodir bo‘lgan to‘qnashuvning ilk soatlariga oid eng dolzarb ma’lumotlarni taqdim etdi: (14 aprel juma kuni oqshomda Burhon bilan Hamidatiy o‘rtasida xorijlik vakillar ishtirokida muzokaralar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Yuqori martabali harbiy qo‘mondonlardan birining uyida kechki ovqatdan oldin o‘tkazilgan ushbu muzokarada va’dalar berildi va yon berishlar taqdim qilindi… «Arabicpost», 2023 yil 19 aprel).
Ana shundan so‘ng 2023 yil 15 aprel shanba kuni armiya bilan Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar o‘rtasida to‘satdan shiddatli to‘qnashuvlar boshlandi. Bu esa boshqaruvni Britaniya malayi bo‘lgan fuqarolik kuchlarga o‘tkazish borasidagi umidlarga berilgan navbatdagi zarba bo‘ldi… Shu tarzda, Sudandagi amerikaparast harbiy tuzilma bilan britaniyaparast fuqarolik tuzilma o‘rtasida davom etib kelayotgan siyosiy ziddiyat Burhon bilan Hamidatiy o‘rtasidagi jangovar maydonga ko‘chdi. Biz 2023 yil 19 mart kuni nashr qilingan savolga javob nashrimizda bunday degandik: (Shu bois, harbiy tuzilma Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi va boshqa kuchlarni armiyaga qo‘shishda Burhon va Hamidatiyning kelisha olmaganliklarini bahona qilib, doiraviy kelishuv ijrosini kechiktirishning uddasidan chiqib kelyapti. Bu narsa vaziyat va shartlar kelishuvni o‘zgartirishga hamda fuqarolik tuzilmaning har qanday haqiqiy ta’siridan uni tozalashga yo‘l ochgunga qadar davom etadi. Burhonning «yaqin orada» degan so‘zining ma’nosi ham mana shu. U bunday degan edi: (Mamlakat fuqarolik boshqaruvini o‘rnatish yo‘lidan ketmoqda, yaqin orada fuqarolik hukumati o‘rnatilishi mumkin. Ittihod, 2023 yil 19 mart). Ana shunda doiraviy kelishuv harbiy tuzilma talablariga mos ravishda tatbiq qilinadi va kelishuv ijrosi yaqinda yoki keyinroq bo‘lishidan qat’iy nazar, Burhonning «yaqin orada», degan gapi amalga oshadi! Agar kelishuv harbiy tuzilma talablariga mos ravishda bo‘lmasa, Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlarni armiyaga qo‘shish Burhon bilan Hamidatiyning kelisholmayotgani sababli qiyin bo‘lyapti, degan narsa bahona qilinib, doiraviy kelishuvning bekor qilinishi ham ehtimoldan xoli emas. Ya’ni konstitutsiyaviy deklaratsiyani yangicha uslub bilan bekor qilish ssenariysi yana takrorlanadi…). Iqtibos tugadi.
Muxolafatchi siyosiy kuchlar armiya bilan Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlarga murojaat qilib, ularni o‘zaro o‘rtalaridagi janglarni to‘xtatishga chaqira boshladi. Holbuki, bu kuchlar armiya hamda Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlarning har ikkisiga ham qarshi edi. Endi esa ularni o‘zaro o‘rtalaridagi janglarni to‘xtatishga chaqiradigan bo‘lib qolishdi. Shuningdek, armiya tuzilmasini siyosiy hayotdan uzoqlashtirish va fuqarolik hukumatini o‘rnatishdan iborat o‘zlarining talablarini ham unutib qo‘yishdi: («Ozodlik va O‘zgarish kuchlari markaziy kengashi o‘z bayonotida Qurolli kuchlar va Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar qo‘mondonligini sog‘lom fikr bilan harakat qilishga, harbiy to‘qnashuvlarni zudlik bilan to‘xtatib, muzokara stoliga qaytishga chaqirdi hamda yechilmagan muammolarni hal etish varianti tinch yo‘l bilan hal etishdan iborat ekanini ta’kidladi». Al-Jazira, 2023 yil 16 aprel). Shu tariqa muxolafat boshqacha muxolafatga aylanib qoldi. Ya’ni siyosiy muxolafat – muxolif kuch emas, balki armiya bilan Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlardan iborat soxta muxolafat kuchlari o‘rtasini yarashtiruvchi bo‘lib qoldi!
AQSH Davlat departamenti bayonotida bunday deyildi: (Blinken jabrlanganlarga gumanitar yordamlar yetkazilishiga ruxsat berilishi uchun o‘t ochishni to‘xtatish zarurligini ta’kidladi. Skay Nyuz, 2023 yil 18 aprel). To‘qnashuvni to‘xtatishni emas, balki o‘t ochishni to‘xtatishni istayotgan Blinkenning bu chaqirig‘ini tomonlar darhol qabul qilishdi. Armiya o‘tish davri suveren kengashi a’zosi Shamsiddin Kabboshiy orqali quyidagicha ma’lum qildi: («Suveren kengash seshanba kuni kechqurundan boshlab 24 soatlik otashkesimga rozi bo‘ldi». Arabiyya, 2023 yil 18 aprel). Amerika o‘zining tashqi ishlar vaziri Entoni Blinken orqali talab qilgan sulhga Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar ham rozi bo‘ldi. Uning bayonotida bunday deyiladi: («AQSH tashqi ishlar vaziri janob Entoni Blinken bilan bo‘lib o‘tgan muloqotga asoslangan holda hamda tinch aholining qatnovi va yaradorlarning evakuatsiyasini ko‘zlab, xavfsiz yo‘l ochish uchun bizni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan qardosh va do‘st davlatlarning sa’y-harakatlariga asoslanib, 24 soatlik otashkesimga rozi ekanimizni bildiramiz». alrakoba.net, 2023 yil 18 aprel). Bu – Burhon bilan Hamidatiyning amerikaliklarga ergashib, ularning buyruqlarini darhol bajarayotganliklarini isbotlaydi. Agar amerikaliklar jangni butunlay to‘xtatishni jiddiy talab qilsalar, har ikkisi ham o‘sha zahoti to‘xtatishadi. Biroq Amerikaliklar ulardan 24 soatlik sulhni talab qilishdi. Bu esa, jangni davom ettirishga amerikaliklarning ruxsat berganini anglatadi.
2023 yil 19 aprelda AQSH davlat departamenti matbuot kotibi o‘zining ismi oshkor etilmasligi sharti bilan Sharqul Avsatga bunday bayonot berdi: («AQSH Davlat departamenti Sudandagi harbiy mojaro bo‘yicha ishchi guruh tuzdi. Bu ishchi guruh Sudandagi voqealar bilan bog‘liq departamentning rejalashtirish, boshqarish va logistika ishlarini nazorat qilish bilan shug‘ullanadi… Bizning asosiy e’tiborimiz zudlik bilan otashkesimga erishishga qaratilgan». U yana bunday qo‘shimcha qildi: «Biz Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar bilan Sudan Qurolli kuchlariga 24 soatlik otashkesimni ta’minlashlari uchun bosim o‘tkazishda davom etamiz va har ikkisini ham barcha kuchlarning otashkesimga rioya qilishini ta’minlashga chaqiramiz». Sharqul Avsat, 2023 yil 19 aprel). Bu ikki tomon o‘rtasidagi mojaroni aynan amerikaliklar boshqarayotganini va ular o‘z maqsadlariga erishmaguncha janglarni hozircha butunlay to‘xtatmoqchi emasliklarini tasdiqlaydi.
Bayden o‘z bayonotida («Amerikalik harbiylar bugun (yakshanba) kuni mening buyrug‘im bilan AQSH hukumati xodimlarini Xartumdan olib chiqish operatsiyasini amalga oshirishdi», dedi. Shuningdek, Jibuti, Efiopiya va Saudiyaga minnatdorchilik bildirib, «operatsiyamizning muvaffaqiyati uchun muhim yordamlarni ko‘rsatishdi», deya ularni olqishladi. Sudandagi mojaro taraflaridan biri bo‘lgan Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar Qo‘shma Shtatlar bilan kelishilgan holda Xartumdagi AQSH elchixonasidan amerikalik diplomatlar va ularning oila-a’zolari evakuatsiya qilinganini yakshanba kuni erta tongda ma’lum qildi. Keyinroq CNN «barcha amerikalik diplomatlar va ularning oila-a’zolari Amerika harbiy samolyotlarida Sudanni xavfsiz ravishda tark etganini» bildirdi. Keyin «Diplomatlarning ketishi bilan AQSHning Xartumdagi elchixonasi yopildi», deya qo‘shimcha qildi… Skay Nyuz arabiy, 2023 yil 23 aprel). Arabiy 21 ham 2023 yil 23 aprel kuni o‘z saytida AQSH prezidenti Jo Baydenning evakuatsiyaga oid bayonotini nashr qilib, bunday qo‘shimcha qildi: (Amerikalik diplomatlarning evakuatsiya qilingani haqida Sudan harbiylari hech qanday izoh bermadi. Biroq ular avvalgi bayonotda Qo‘shma Shtatlar, Britaniya, Fransiya va Xitoyning o‘z diplomatlari va boshqa fuqarolarini Xartumdan evakuatsiya qilmoqchiligini aytib, buning «darhol boshlanishi kutilayotgani»ni qo‘shimcha qilishgan edi)… Bularning barchasi jangning yanada avj olishini ko‘rsatmoqda…
Amerika 2023 yil 25 aprel seshanbaga o‘tar kechadan e’tiboran 72 soatlik sulh e’lon qildi: (Blinken o‘z bayonotida, «So‘nggi 48 soat ichida davom etgan qizg‘in muzokaralardan so‘ng, Sudan Qurolli kuchlari bilan Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar 24 aprel kuni yarim tunda boshlanib, butun mamlakat bo‘ylab 72 soat davom etadigan otashkesimni tatbiq etishga kelishib oldilar», dedi. Blinkenning ta’kidlashicha, «Qo‘shma Shtatlar Sudan Qurolli kuchlari bilan Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlarni shu vaqt mobaynida o‘t ochishni to‘xtatishga to‘liq amal qilishga chaqirgan». Al-Jazira mubashir, 2023 yil 25 aprel).

Ushbu doiraviy kelishuv bosqichidagi voqea-hodisalar ko‘rib chiqiladigan bo‘lsa, otashkesimni Amerika nazorat qilayotgani, voqealarni boshqarib, ikki malayi o‘rtasida harbiy mojaroga o‘tin qalayotgani ayon bo‘ladi… Sudan armiyasi bilan Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar o‘rtasida yuz bergan bu to‘qnashuvlar Sudandagi siyosiy kurashni keskin ravishda yangi maydonga, ya’ni Britaniya va Yevropa malaylarini samarali boshqaruv markazidan uzoqlashtirish uchun Amerika tomonidan chizilgan maydonga ko‘chirmoqda. Ana shunda Amerika maydonning barcha tomonini o‘zi nazorat qiladi. Uni halok bo‘lgan va jarohatlangan insonlarning soni ham, Sudan va uning harbiy mexanizmining vayron bo‘lishi ham umuman tashvishlantirmaydi. Bular Amerikaning eng oxiri xayoliga keladigan narsalardir. Chunki uning uchun eng muhimi Sudanda yolg‘iz o‘zi hukmronlik qilishi hamda Britaniya va Yevropaning bu borada u bilan nizolashmasligidir.

Uchinchi: Hamidatiyning Burhonni ag‘darishga urinishi ortida Britaniya bilan Yevropa turibdimi, degan savolga kelsak, bunday bo‘lishi ehtimoldan uzoq. Buni quyidagi ishlar tasdiqlab turibdi:

Amerikaning mintaqadagi malaylari kurashayotgan tomonlar bilan doim aloqada bo‘lib keldi. Agar Amerika Hamidatiyni inglizlar va yevropaliklar tarafiga o‘tib oldi, deb bilganda edi, Sudan armiyasiga qonuniy milliy harbiy muassasa degan e’tiborda qarab, o‘sha malaylarini Sudan armiyasini qo‘llab-quvvatlashga undagan bo‘lardi. Shuningdek, Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlarni o‘z qonuniyligi masalasini armiya bilan ko‘rib chiqishga chaqirgan, ya’ni uni qonuniylikdan mahrum qilgan bo‘lardi. Darhaqiqat, Saudiya har ikki tomon bilan aloqada bo‘lib keldi. Bunga qo‘shimcha, bugun Al-Jazira telekanali Misr tashqi ishlar vaziridan iqtibos keltirgan holda, uning Sudandagi ikki tomon (Burhon va Hamidatiy) bilan aloqada ekani to‘g‘risida xabar tarqatdi.
AQSH davlat kotibi har ikki tomon bilan aloqada bo‘lib, ularni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirar edi: (Sudan Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar qo‘mondoni Muhammad Hamadon Daqlu Hamidatiy o‘zining tvitterdagi sahifasida «Biz AQSH Davlat kotibi bilan ushbu qonunbuzarliklarni hal etish yo‘llarini muhokama qilish uchun navbatdagi suhbatni kutyapmiz», dedi. Al-Jazira, 2023 yil 18 aprel). (AQSH Davlat kotibi Sudan armiyasi qo‘mondoni Burhon va Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar qo‘mondoni Muhammad Hamadon Daqlu (Hamidatiy) bilan bog‘lanib, ulardan gumanitar sulh tuzishni talab qilganidan so‘ng sulhga erishildi. Al-Jazira net, 2023 yil 18 aprel).
Agar Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar yevropaliklar foydasiga inqilob qilayotgan bo‘lganda edi, Ozodlik va O‘zgarish kuchlari albatta uning yonini olgan bo‘lardi. Chunki Ozodlik va O‘zgarish kuchlari armiyaning hokimiyatdan ketishini va fuqarolik boshqaruvi o‘rnatilishini kechayu kunduz talab qilib keladi. Ya’ni hozirgi to‘qnashuvlar boshlanishidan oldin ham armiya va uning qo‘mondoni Burhonga ochiq qarshilik qilib kelar edi. Ammo hozirga kelib, otashkesimga chaqirmoqda. Boshqacha qilib aytganda, Hamidatiyning Burhonga qarshi kurashishga demokratiya undaganligi haqidagi safsatasiga qaramay, Ozodlik va O‘zgarish kuchlari Hamidatiy tomonga o‘tgani yo‘q. (Sudandagi Ozodlik va O‘zgarish kuchlari armiya va Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar qo‘mondonlarini zudlik bilan harbiy to‘qnashuvlarni to‘xtatib, muzokara stoliga qaytishga chaqirdi. Sharq gazetasi, 2023 yil 16 aprel).

Ko‘rinib turibdiki, bu to‘qnashuvlar Sudandagi Yevropaga tobe kuchlarni shokka tushirib qo‘ydi. Ular bir tarafni boshqa bir tarafga qarshi qo‘llab-quvvatlashayotganini bildirganlari yo‘q. Shunday qilib, Hamidatiyning Britaniya tomoniga o‘tib olganligi to‘g‘risidagi shubhalar tarqadi. Darhaqiqat, u Burhon kabi Amerikaga malaylikda davom etmoqda.

To‘rtinchi: Xulosa:

Bugungi kunda Sudan armiyasi bilan Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar o‘rtasida bo‘layotgan bu to‘qnashuvlar mojarosi ham, otashkesimi ham Amerika tomonidan boshqarilayotgan to‘qnashuvlardir. Maqsad, Sudandagi siyosiy kurashni keskin ravishda yangi maydonga, ya’ni Britaniya va Yevropa malaylarini samarali boshqaruv markazidan uzoqlashtirish uchun Amerika tomonidan chizilgan maydonga ko‘chirishdir. Ana shunda Amerika maydonning barcha tomonini o‘zi nazorat qiladi. Amerikani halok bo‘lgan va jarohatlangan insonlarning soni ham, Sudan va uning harbiy mexanizmining vayron bo‘lishi ham umuman tashvishlantirmaydi…
Amerika o‘zining Sudandagi nufuzi Yevropaning hech qanday qarshiligisiz davom etishini xohlaydi. Zero, uzun tarix davomida shunday bo‘lib keldi. Darhaqiqat, uning Sudandagi nufuzi Umar Bashir zamonida qariyb 30 yil davom etdi… Bashir kerak bo‘lmay qolganda esa, Hamidatiy kabi Bashir tomonidan tayyorlangan hamda Burhon kabi ular birgalikda ishlagan odamlarni olib keldi… Ozodlik va O‘zgarish kuchlaridagi Britaniyaning odamlari Amerikaning odamlariga qarshi harakatga kelgan paytda esa, ahmoqliklari tufayli ularni avval konstitutsiyaviy deklaratsiya, so‘ng doiraviy kelishuv, degan narsalar bilan aldab-avradi.
Britaniyaning ikki odamdan birini (ya’ni Hamidatiyni) o‘ziga moyil qilib oldimi, shuning uchun harbiy to‘qnashuv bo‘ldimi, degan gapga kelsak, bunga dalolat qiladigan hech qanday ishoralar yo‘q. Bil’aks, barcha ishoralar buning tamoman teskarisini ko‘rsatyapti. Zero, bizning to‘g‘ri deb bilgan fikrimizga binoan va yuqorida ta’kidlaganimizdek, Burhon bilan Hamidatiyning har ikkisi ham Amerikaning itoatkor qurollaridir.
Bu to‘qnashuvning davom etishi va qanday oqibatga olib kelishi masalasiga kelsak, yuqorida aytganimizdek, bundan Britaniyaning malaylarini (Ozodlik va O‘zgarish kuchlari va boshqalardan iborat fuqarolik tuzilmani) yo‘q qilish ko‘zlangan. Zotan, bu amalga oshib bo‘ldi yoki amalga oshish arafasida turibdi. Biroq konstitutsiyaviy deklaratsiyaga qarshi avvalgi inqilob pretsedenti va uning xalqqa oshkor bo‘lib qolishi Amerika va uning gumashtalarini bu safar to‘qnashuvlar muddatini bir muncha uzaytirishga majbur qilyapti. Faqat to‘qnashuvlar keskin suratda emas, balki ora-sirada bo‘lib turadi. Bundan quyidagi ishlardan birini amalga oshirish ko‘zlangan:

a)   Agar Amerika Burhon va Hamidatiydan iborat malaylari o‘rtasida kelishuv-yarashuvni amalga oshirish o‘zi uchun afzal deb bilsa, uni amalga oshirib, yevropaliklarga tobe kuchlar bilan tuzilgan doiraviy kelishuvni ortiga uloqtiradi. Shu tariqa yevropaliklarga tobe kuchlar Sudanda yangi voqelikni o‘rnatayotgan Amerika malaylari oldida chetga chiqib qoladi…

b)   Mabodo, yevropaparast kuchlarni ortga uloqtirishning imkoni bo‘lmay qolsa, Amerika janubni Sudandan ajratib olgani kabi Sudanning qolganini ham bo‘lib tashlashdan tap tortmaydi. U G‘arb va Darfurni bo‘lib tashlab, u yerga Hamidatiyni hukmdor qilib tayinlaydi. Chunki Hamidatiyning – u yerdagi oltin konini nazorat qilayotgani hisobga olinsa – ayni mintaqani nazorat qilishi ehtimoli kuchli.

v)   Agar yevropaparast kuchlar manyovr qilish niyatida Amerikaning malaylaridan biri (masalan Hamidatiy)ning orqasida saf tortsa, Amerika bu malayidan bir chetga chiqib, boshqa bir malayiga bo‘ysunishni, ikkinchi malayidan esa yevropaparast kuchlar tortgan safni buzib tashlash uchun Sudandagi harbiy taranglikni boshqarishni talab qilishi mumkin…

Beshinchi: Shunday qilib, bu malaylarning o‘z xo‘jayinlari kabi odamlarning ahvoli va xavfsizligi haqida qayg‘urmasligi ayon bo‘ldi. Zero, ularning o‘z taxtlarida yastanib o‘tirishdan va xo‘jayinlarining buyruqlarini bajarishdan boshqa tashvishlari yo‘q. Mana, odamlar ramazonning oxirgi o‘n kunligida o‘zaro tabrik ulashish va bir-birlarini ziyorat qilish uchun hayit bayramini kutib turgan bir paytda, bu qotil jinoyatchilar odamlar xavfsizligiga raxna solishdi… Shuningdek, odamlar qonini to‘kib, vayronagarchiliklarni sodir etishdi, ularni uylariga qamab, ishlarini to‘xtatib qo‘yishdi. Bularning barchasini Alloh, Rosuli va mo‘minlarning dushmanlarini rozi qilish uchun sodir etishdi. Shuning uchun odamlar Amerika va Britaniya malaylaridan iborat har ikki tarafni ham rad qilib, ularni ag‘darishga hamda Sudan farzandlari orasidagi xolis ongli yoshlarga, ya’ni Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalik davlati loyihasini ko‘tarib chiqayotgan va ma’rufga buyurib, munkardan qaytarayotgan Hizb ut-Tahrir a’zolariga nusrat-yordam bermoqlari darkor. Ana shunda Hizb a’zolari yurtni butun malaylardan tozalab, uni rivojlantiradilar, uning parchalanishi va bo‘linishini oldini oladilar. So‘ng Alloh ularga rahm qilib, kuch-qudratli qiladi.

وَالْمُؤْمِنُونَ وَالْمُؤْمِنَاتُ بَعْضُهُمْ أَوْلِيَاءُ بَعْضٍ يَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنْكَرِ وَيُقِيمُونَ الصَّلَاةَ وَيُؤْتُونَ الزَّكَاةَ وَيُطِيعُونَ اللهَ وَرَسُولَهُ أُولَئِكَ سَيَرْحَمُهُمُ اللهُ إِنَّ اللهَ عَزِيزٌ حَكِيمٌ

«Mo‘min  va  mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar. Ular ma’rufga buyurib, munkardan qaytaradilar, namozni to‘kis ado etadilar, zakotni (haqdorlarga) ato etadilar, Alloh va Rosuliga  itoat qiladilar. Ana o‘shalarga Alloh rahm qilur. Shak-shubhasiz, Alloh qudratli, hikmatlidir» [Tavba 71]

5 shavvol 1444m

25 aprel 2023m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.