Sadir Japarov: Elektr energiyasi narxini ko‘tarish to‘g‘ri qaror
Xabar: Prezident Sadir Japarov elektr energiyasiga bo‘lgan narxni ko‘tarmasa, 10-15 yildan keyin o‘lkadagi energetika tarmog‘i “umuman yo‘q bo‘lib ketadi” deb bildirdi. Bu haqda u 27-aprelda “Kabar” axborot agentligiga bergan intervyusida aytdi.
Japarovning aytishicha, bugungi kunda davlatning energetika tarmog‘idagi qarzi 137 milliard somni tashkil qiladi. U elektr energiyasini tan narxidan past sotgani natijasida yuzaga kelgan farq qarz bo‘lib to‘planib qolganini ta’kidladi.
“Biroq shu GESlardan chiqqan tan narx bilan to‘g‘ri boshqa harajatlarsiz xalqqa yetib qolmaydi. O‘rtada harajatlar bo‘ladi. Masalan, energetiklarning mehnat haqlari, sotib olinayotgan uskunalar, simlar, simyog‘ochlar, xizmat ko‘rsatishga ketgan harajatlar, ko‘mir, mazut, import qilingan elektr energiyasi, texnik yo‘qotishlarning bari tan narxga qo‘shiladi. Shuning uchun tan narx 2 som 38 tiyinga chiqyapti. Biz esa bugungi kunda 1 kVt/soat elektr quvvatini 0,77 tiyindan sotamiz”, – dedi u.
Japarov o‘lkadan chiqqan elektr quvvati o‘zimizga yetmaydi, deb aytib, qishda 3 milliard kVt/soat elektr energiyasini qo‘shni davlatlardan sotib olishini bildirdi.
Japarov bungacha bo‘lgan prezidentlar “xalq ko‘tarilib ketadi, deb qo‘rqib, tarifni ko‘tarmaganini” aytib, har yili energetika tarmog‘i “katta qarzga botgan” deb qo‘shimcha qildi.
Shuningdek, davlat rahbari energetika tarmog‘idagi qarzdan qutilishini ta’kidlab, bunga vaqt kerakligini qo‘shimcha qildi.
“Albatta, o‘g‘irlikni 100 foiz yo‘q qildik, deyishdan uzoqman. Mayda-chuyda o‘g‘irliklar ushlanmoqda. Qamab, qaytarib to‘ktiryapmiz. Avvalgiday tizimli o‘g‘irlik yo‘q. Agar kimlardir o‘g‘irlayotganini bilsangiz, bu ishda bizga katta yordam bo‘ladi. Xalq o‘zi ham energetika tizimidagi o‘g‘irlikka qarshi kurashishi kerak”, – deb qo‘shimcha qildi u.
Qirg‘izistonda 1 maydan boshlab aholi uchun elektr energiyasning narxi 23 tiyinga ko‘tarilib, 1 som bo‘ladi. Tegishli qarorga 14 aprelda Vazirlar mahkamasi raisi Akilbek Japarov qo‘l qo‘ygan.
Izoh: O‘tgan yillar davomida Qirg‘izistonda eng ko‘p sarmoya kiritlgan soha energetika tarmog‘i hisoblanadi. Bu vaqt davomida tarmog‘ga xorijiy kreditlar, ssudalar, grantlar va mahalliy budjetdan 2 milliard dollarga yaqin mablag‘ jalb qilingan. Ammo bu sohada chuqur ildiz otgan korrupsiya, o‘zlashtirish va xususiy taqsimlovchi kompaniyalar o‘rtasida talo-taroj qilinishi natijasida shu kungacha inqirozdan chiqa olmayapti. Rasmiy hukumat elektr enegriyasi tan narxi o‘zini oqlamasligini iddao qilib keladi. Ammo, elektr energiyasi iste’molchilarga yetib kelgunga qadar “havodan pul qiladigan” taqsimlovchi kompaniyalarga elektr energiyasini karrasiga arzon narxda yetkazib beradi. Taqsimlovchi kompaniyalar elektr energiyasini 35 tiyindan 42 tiyingacha sotib oladi. Bularning ichidan davlat korxonalari “tabiiy yo‘qotishlar” bahonasi bilan urib qoladi. Bir vaqtlar bunday yo‘qotishlar 50%ga qadar chiqqan. Hozirda bu 22% atrofida ekanligi aytilmoqda. Bu esa 3 milliard kVt soatni tashkil etadi. Japarov intervyuda “o‘lkadan chiqqan elektr quvvati o‘zimizga yetmaydi, qishda 3 milliard kVt/soat elektr energiyasini qo‘shni davlatlardan sotib olishini” bildirdi. Demak, mamlakatda taqchilligi kuzatilayotgan 3 milliard kVt soat elektr energiyasi taqsimlovchi kompaniyalarning xalq hisobidan qo‘lga kiritayotgan daromadi bo‘lmoqda. Ma’lumki, ushbu taqsimlovchi kompaniyalarning aksariyati bir vaqtlar taransformatorlar va elektr uzatish liniyalarini arzon narhda xususiylashtirib olgan, sobiq va amaldagi energetika tarmog‘i amaldorlariga tegishli.
Japarov shuningdek, tarmoqda o‘g‘irlik mavjudligini tan oldi. Qo‘lga tushgan o‘g‘rilarni esa odatdagidek, “qusturib” qayta qo‘yib yuborilmoqda. Bu “qusturilgan” mablag‘lar qayoqqa sarflanayotgani esa ma’lum emas. 2022-yilning xulosasi bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Bosh prokuror Kurmonkul Zulushev Energetika tarmog‘idagi korrupsiya davlatga 878 million som zarar yetkazganini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tekshirish yakunlari bo‘yicha Energetika vazirligi va uning tarkibiy bo‘linmalarida 163 ta prokuratura akti kiritilib, 46 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Jinoyat ishlarining aksariyati davlat xaridlariga mas’ul xodimlar tarafidan pul mablag‘larini o‘zlashtirib olish, elektr energiyasini o‘g‘irlashga yordamlashish, ishlatilgan elektr energiyasini noqonuniy o‘zgartirish bilan bog‘liq”, – degan edi Zulushev.
Rasmiy hukumat bu tarmoq korrupsiya botqog‘iga botib ketganini juda yaxshi biladi. Ammo shunday bo‘lsada, turli bahona va iddaolar bilan tarmog‘ga yangidan yangi qarz olishni to‘xtatmaydi. Ketma-ket olinayotgan qarzlarni esa xalq hisobidan yopish uchun tarif siyosatini joriy etdi. Jahon bankining talabi ham aynan shunday. Chunki, kapitalictik davlatlarning mustamlakachilik quroli bo‘lgan xalqaro moliyaviy tashkilotlar beradigan qarzini bir necha barobar qilib qaytarib olishga ko‘zi yetmasa hech bir davlatga bir som ham qarz bermaydi.
Shar’iy hukmlarga ko‘ra, elektr energiyasi umumiy mulk hisoblanadi. Unga davlat ham, xususiy kompaniyalar ham egalik qilishi mumkin emas. Uning foydasi yoki undan olinadigan daromad har bir fuqaroga – naqd yoki xizmat ko‘rinishida – yetib borishini ta’minlash davlat zimmasidagi vazifadir. Islomda elektr energiyasi xalqqa faqat tannarxi evaziga yetkazib beriladi. Chet elga energiya sotishdan tushgan mablag‘ esa xalqqa bo‘lib beriladi.
Ibn Abbos rivoyat qilishicha, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam:
اَلْمُسْلِمُونَ شُرَكَاءُ فِى ثَلاَثٍ فِى الْمَاءِ وَالْكَلَإِ وَالنَّارِ
“Musulmonlar uch narsada: ya’ni suv, o‘t-o‘landa va olovda sherikdirlar”, deganlar. Bu hadisni Anas ham ibn Abbosdan rivoyat qilib, “uning puli haromdir”, degan gapni ham qo‘shgan.
Abdurahmon Odilov