Turkmaniston Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘ladi
Xabar: 16 mart kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida ishtirok etgan Turkmaniston Xalq kengashi (Xalq maslahati) raisi Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmanistonning tez orada ushbu tashkilotga a’zo bo‘lishiga ishonch bildirdi.
“Turkmaniston endi TDTda kuzatuvchi sifatida emas, haqiqiy a’zo sifatida ishtirok etadi”, – deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Turkmaniston Davlat axborot agentligi (DAA).
Shuningdek, u Turkiya prezidentining tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzodini qo‘llab-quvvatladi.
Berdimuhamedov Erdo‘g‘on bilan 22 yildan buyon yaqindan tanish ekanini ta’kidlab, u nafaqat o‘z xalqi, balki butun musulmon xalqlarining tinch-osoyishta hayoti uchun buyuk ishlarni amalga oshirayotgan yorqin shaxs va jahon miqyosidagi siyosatchi ekanligini ta’kidladi.
Izoh: Turkmaniston 1995-yildan boshlab doimiy neytralitet maqomiga o‘tgan va bu maqomni konstitutsiyaviy-huquqiy me’yor sifatida mustahkamlab qo‘ygan edi. Turkmaniston shu maqomidan foydalanib Rossiya yetovidagi KXSHT, YEOII va SHHT tashkilotlarida ishtirok etishdan bosh tortib kelayotgan va 2005-yilning avgustidan buyon MDHda faqat assotsiyalashgan a’zo sifatida qayd etilgan edi. Biroq, Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan bosqinchilik urushi ortidan dunyo siyosatida vaziyatlar o‘zgarib, yetakchi davlatlar mayda davlatlardan – xususan postsovet respublikalaridan – o‘z tomonlarini aniqlab olishni talab qilishlari kuchayib borayotgan edi. Turkmaniston ham shunday bosimlar ortidan neytralitet maqomini o‘zgartirish yo‘lida dastlabki qadamini tashlagan ko‘rinadi.
Shavkat Mirziyoyev 13-mart kuni Termiz shahrida xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashi sessiyasida so‘zlagan nutqida “O‘zbekiston kim tomonda?” degan savolga javob berib:
“Zamon juda murakkab, hozir katta-katta davlatlar O‘zbekiston, sen kim tomondasan, deyapti. Neytral bo‘lib yurishing bo‘ldi endi, yo u tomonga, yoki bu tomonga o‘tgin. Qattiq-qattiq aytib, vakillari ham kelib, o‘zlari ham shunga da’vat qilyapti. Bizga kerak O‘rta Osiyoda O‘zbekiston. Aholisi 36 million bo‘ldi, 3-4 yilda 40 million bo‘ladi, katta davlat bo‘ladi, kim tomonsan, deyapti. Qani, bunday og‘ir savolga qanday javob berish kerak? Javobim bitta – bir tomonman. Millatim, xalqim buyuk O‘zbekistonimning manfaati uchun o‘lishga ham tayyorman, deb javob beraman”, -degan edi.
Mirziyoyevning bu bayonotidan ham Rossiya, ham AQSH nafaqat O‘zbekistonga, balki mintaqadagi barcha davlatlarga bosimni kuchaytirganlarini anglash mumkin. Ma’lumki, Turkmaniston iqtisodi asosan gaz sotishdan keladigan daromadga bog‘lanib qolgan va bugungi kunda turkman gazining asosiy xaridori Xitoy bo‘lib qolgani sababli Turkmaniston gaz uchun muqobil yo‘l topish zarur. Bugungi kunda turkman gazini chetga sotish uchun eng maqbul yo‘nalish Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston (TAPI) gaz quvuri hisoblanadi, bu esa AQSHning loyihalaridan biridir. Bu loyiha amalga oshgudek bo‘lsa, Ashxobod yiliga 33 mlrd kub metr gazni xorijga sotish imkoniga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘tgan yilning 14-dekabr kuni Turkmanistonning “Avaza” turistik zonasida Turkmaniston, Turkiya va Ozarbayjon prezidentlari uch tomonlama sammit o‘tkazgan edi. Ushbu sammitda Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘on turkman gazi uchun yangi bozor izlashni taklif qilgan edi.
“Butun dunyo, ayniqsa Yevropa uchun energiya xavfsizligi yanada muhim. Bu borada Boku-Tbilisi-Jayhon neft quvuri va Janubiy gaz koridori alohida ajralib turadi. Biz bu yo‘lak orqali Kaspiy gazini Yevropaga yetkazamiz. Endi Turkmaniston tabiiy gazini xuddi shunday tarzda G‘arb bozorlariga uzatish ustida ish boshlashimiz kerak. Mamlakatlar o‘rtasida elektr energiyasi bo‘yicha o‘zaro savdoni rivojlantirishga katta ahamiyat beramiz. Shu doirada Turkmaniston va Ozarbayjondan mamlakatimizga elektr energiyasini yetkazishi ustida ishlashga tayyormiz”, -degen edi Erdo‘g‘on. Aynan mana shu bosimlar sababli va gaz uchun yangi bozor ochish ilinji Turkmanistonning neytralitet maqomini o‘zgartirishga va Turkiya boshchiligidagi Turkiy davlatlar tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirishga undayotgan ko‘rinadi. Ma’lumki, TDT ham Amerikani mintaqa davlatlariga siyosiy va iqtisodiy tomondan qayta kirib kelish uchun ishlab chiqqan loyihasi bo‘lib, u bu yo‘lda o‘zining sodiq malayi turkiyzabon Erdo‘g‘ondan foydalanyapti.
Abdurahmon Odilov