AQSH Markaziy Osiyo mamlakatlariga 25 mln dollar ajratadi
Xabar: Qozog‘iston poytaxtida mintaqadagi besh davlat tashqi ishlar vazirlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan S5+1 vazirlar yig‘ilishida AQSH Davlat departamenti rahbari Vashington mintaqa mamlakatlariga 25 million dollar miqdorida yangi yordam paketi taqdim etishini ma’lum qildi.
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy bostirib kirishi fonida, shuningdek, Blinken Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo xalqlarining “suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini” qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati xabar berishicha, prezident Qosim-Jomart Toqayev Blinkenning tashrifini mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikka “qo‘shimcha turtki” deb atadi.
AQSH Davlat departamenti 27 fevraldagi bayonotida ushbu uchrashuvni mintaqa doirasidagi hamda AQSH va Markaziy Osiyo o‘rtasida “hamkorlikdagi umumiy muammolarni hal etuvchi mustaqil, farovon va xavfsiz “hamkorlikni mustahkamlovchi” sammit sifatida baholadi.
“S5+1 Qo‘shma Shtatlar S5 suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydigan vositalardan biridir”, – deyiladi bayonotda.
Izoh: O‘tgan yilning sentyabr oyida AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida Markaziy Osiyoning besh davlati – Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. Amerika sanksiyalar siyosati koordinatori Jeyms O’Brayen ushbu uchrashuv tafsilotlarini ma’lum qilib:
“Biz ularga sanksiyalarimizga rioya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdik. Biz tashvishga soladigan aniq holatlarni batafsil ko‘rib chiqdik. Biz ular bilan keyingi muloqotlarda aniq nima qilishlari mumkinligi haqida suhbatlashamiz”, -degan edi. U shuningdek, mazkur besh mamlakatning barchasi ilgari Moskva bilan bo‘lgan munosabatlariga alternativlar paydo bo‘lganidan faqat xursand bo‘lishini qayd etib, Markaziy Osiyo davlatlari bilan bu boradagi ishlarni davom ettirishni va’da qilgandi.
Keyinchalik, AQSH Davlat departamenti rasmiy vakili Ned Prays 10-yanvarda Amerika tashqi siyosatining Markaziy Osiyodagi 2023 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarini ma’lum qilgan edi. U Amerika Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ishonchli sherik bo‘lishga intilayotganini va Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidlagandi.
“AQSH C5+1 diplomatik platformasini 7 yildan ko‘proq vaqt oldin ishga tushirgan, bu formatdagi hamkorlik mintaqa va undan tashqarida yanada samarali va barqaror yechimlarga olib keladi”, – degan edi Prays. U shuningdek, Markaziy Osiyo hozirda o‘zining eng kuchli holatda ekanini, hukumatlar mintaqaviy va global muammolarni birgalikda hal qilayotganini va bu platforma har qachongidan ham dolzarbligini ta’kidladi.
“Iqtisodiy sohada AQSH mintaqaga katta sarmoya kiritishda va o‘z hamkorlari bilan ishlashda davom etmoqda. Markaziy Osiyo davlatlarining salohiyatini oshirish, yangi savdo yo‘llarini kengaytirish va mintaqada xususiy sektorni mustahkamlash uchun 25 million dollar ajratilgani bunga yaqqol misol bo‘la oladi”, – dedi Prays…
AQSH bu harakatlari bilan mintaqani Rossiya changalidan bira to‘la yulib olishga muvaffaq bo‘lmasa ham Rossiyaning zaiflashib borayotganidan foydalanib qolgan holda mintaqa davlatlarini siyosiy va iqtisodiy jihatdan qaramlikdan uzoqlashtirishga urinib, o‘zining Rossiyaga qarshi qo‘llagan sanksiyalariga qo‘shilishlariga undamoqda. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Rossiyaga nisbatan bo‘lgan tabiiy qo‘rquv hissidan kelib chiqiladigan bo‘lsa mintaqa davlatlarining Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan bosqinchilik urushiga nisbatan betaraflik pozitsiyasida qolishi va Rossiyaga sanksiyalarni aylanib o‘tishda yordam berishlarining ehtimoli yuqori.
Abdurahmon Odilov