بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Netanyaxuning Ammonga qilgan safarining asl sababi
Ustoz Ahmad Xutvoniy
Yahudiy vujudi bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 2023 yil 24 yanvarda Iordaniya poytaxti Ammonga safar qildi. Safar davomida mamlakat qiroli Abdulloh II bilan keng ko‘lamli muzokaralar olib bordi. Unda Iordaniya va yahudiy vujudi xavfsizlik xizmati rahbarlari ham qatnashdi.
Uchrashuvda Iordaniya qiroli o‘zining «1967 yildan buyon mavjud bo‘lgan tarixiy va huquqiy vaziyatga nisbatan hurmat»ini izhor qilib, Aqso masjidini idora qilishdan birdan-bir javobgar Iordaniya vaqf ma’muriyati ekanini ta’kidladi. Abdulloh II yahudiy vujudi hukumatining ushbu masjidga aralashish huquqiga ega emasligini ta’kidlab, azbaroyi tinchlik jarayonini tiklash yo‘lida yangi siyosiy ufqni ochish uchun bosib olingan hududlardagi zo‘ravonliklarni to‘xtatishni talab qildi… Shuningdek, tinchlik va ikki davlat yechimiga sodiqlik imkoniyatlariga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday choralarni to‘xtatish zarurligini qo‘shimcha qildi.
Bu bayonotlar Iordaniya ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatilayotgan hamda bachkana rasmiy arab ommaviy axborot vositalarida qayta-qayta takrorlanayotgan siyqasi chiqqan plastinka hisoblanadi.
Netanyaxuga kelsak, uning qirol Abdulloh bayonotini ma’qullovchi biror bayonoti chiqqani yo‘q. Netanyaxudan bilvosita va qisqacha qilingan xabar uning «Aqso masjididagi mavjud huquqiy maqomni saqlab qolish vazifasini o‘z zimmasiga olganligi» haqida bo‘ldi, xolos. Bu juda mavhum-qorong‘i gap bo‘lib, huquqiy maqom, degan so‘zni har xil talqin qilsa bo‘ladi. Buni yahudiy vujudining uzluksiz provokatsion harakatlari tasdiqlab turibdi. Bu esa, Iordaniyaning Aqso masjidi borasidagi vasiyligining har qanday mazmun-ma’nosini yo‘qqa chiqaradi.
Ammo Netanyaxuning safari haqida Iordaniya ommaviy axborot vositalarida tilga olinmagan voqealar ibroniy ommaviy axborot vositalarida ochiq gapirildi. Ularga ko‘ra, uchrashuvda ikki tomon strategik, xavfsizlik va iqtisodiy masalalarni muhokama qilgan, boshqa masalalarga o‘tmagan. Zero, Iordaniya ommaviy axborot vositalari qilgan da’volarni Falastindagi voqea-hodisalar ham aksini ko‘rsatmoqda. Chunki yahudiy vujudi Netanyaxu safaridan oldin ham, keyin ham Falastin ahliga qarshi qamoqqa olish, suiqasd va hujumlar uyushtirish, Aqso masjidiga bostirib kirish, uy-joy qurish ishlarini kengaytirish hamda Falastin ahlini o‘z yerlarida yashash huquqlaridan mahrum etish kabi qilmishlarni sodir etib, tobora kuchaytirib kelmoqda. Hatto Iordaniyaning yahudiy vujudidagi elchisi G‘asson Majoliyning tahqirlangani uchun bosqinchilar hukumati uzr so‘ragani yo‘q. Holbuki, bu kimsa diplomatik munosabatlarni eng yuqori shaklini ifodalovchi vakil hisoblanadi. Aksincha, yahudiy vujudining madaniyat va sport vaziri Miki Zoar Netanyaxuning Ammon safaridan so‘ng bunday bayonot berdi: «Qirol (Abdulloh) bilib qo‘ysinki, uning Isroil borasida hech qanday vasiyligi yo‘q. Aqso masjidi yahudiylarning eng muqaddas yeridir. Qirol bizning Isroilga qaytganimizga ko‘nikmog‘i kerak».
Uchrashuvda ishtirok etgan va ibroniy radiosiga intervyu bergan bir manbaning quyidagi bayonoti Abdulloh va Netanyaxu o‘rtasidagi uchrashuvning Aqso masjidiga ham, Iordaniya vasiyligiga ham aloqasi yo‘qligini, aksincha, ikki davlat o‘rtasidagi xavfsizlik va strategik hamkorlikni mustahkamlash bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatmoqda. Bayonotda bunday deyilgan edi: «Uchrashuv yaxshi muhitda o‘tdi va bu bir-birlarini uzoq vaqtdan beri yaxshi taniydigan ikki rahbarning a’lo darajadagi munosabatlarini aks ettiruvchi eng yaxshi uchrashuvlardan biri bo‘ldi».
Ayni uchrashuvdan ikki hafta oldin yahudiy vujudi mudofaa vaziri Yoav Galant Netanyaxu safariga tayyorgarlik ko‘rish uchun Iordaniyaga maxfiy safar qilgan edi. «Vanit» ibroniy veb-saytiga ko‘ra, Yoavning safari ikki tomon o‘rtasida xavfsizlik sohasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Demak, Netanyaxuning safaridan ko‘zlangan asosiy birdan-bir maqsad ikki davlat o‘rtasidagi yangi ikki tomonlama loyihalarga to‘sqinlik qilayotgan to‘siqlarni bartaraf etish va iqtisodiy sohadagi hamkorlikni tezlashtirish bo‘lgan. Qirolning Aqso masjidining tarixiy va huquqiy vaziyati to‘g‘risidagi bayonotining esa hech qanday qiymati yo‘q. Chunki mavzu ikki davlat o‘rtasidagi xavfsizlik, iqtisodiy va strategik hamkorlikni mustahkamlash bo‘lgan, qirol da’vo qilganidek Iordaniyaning Aqso masjidiga vasiyligi ham, tinchlik ufqlarini izlash ham, ikki davlat yechimiga amal qilish ham bo‘lmagan.
Iordaniya rejimi bilan yahudiy vujudi o‘rtasidagi munosabatlarni bu darajada mustahkamlash Falastin masalasiga qarshi navbatdagi til biriktiruv bo‘lib, musulmonlarga hamda Iordaniya va Falastin ahliga qarshi fitnadir. Bu, shuningdek, yahudiy vujudi xavfsizligini mudofaa qilish vazifasini Iordaniya davlati bilan uning armiyasi zimmasiga yuklash hamda mamlakat potensiallarini iordaniyaliklar, falastinliklar va musulmonlar hisobiga yahudiylarning xavfsizlik va iqtisodiy talablari yo‘lida sarflashdir. Shu bois, qirol va uning rejimi bir vodiyda bo‘lsa, butun Islom Ummati boshqa bir vodiyda. Mudom, bu rejim Iordaniya ahli yelkasiga minib olishda davom etar ekan, ushbu mag‘rur xalq o‘z huquqlarini aslo qo‘lga kirita olmaydi, aksincha, uning vaziyati har bir sohada tobora yomonlashaveradi.
Iordaniya ahlidan bunday malay rejimni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlash talab qilinadi. Toki, butun Falastinni yahudiy davlati bosqinchiligidan ozod etish uchun Ummating faol kuchlari oldida imkoniyat yo‘llari ochilsin.
Roya gazetasining 2023 yil 1 fevral chorshanba kungi 428-sonidan