Armaniston KXSHT harbiy mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan bosh tortdi

0
194

Armaniston KXSHT harbiy mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan bosh tortdi

Xabar: Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 2023 yilda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining (KXSHT) o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan bosh tortishini ma’lum qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
“Armaniston mudofaa vaziri allaqachon yozma ravishda KXSHTdagi hamkasblariga bunday vaziyatda biz KXSHT mashg‘ulotlarini Armanistonda o‘tkazishni maqsadga muvofiq deb hisoblamasligimiz haqida ma’lum qilgan. Bu mashg‘ulotlar, katta ehtimol bilan bu yil Armanistonda o‘tkazilmaydi”, – dedi bosh vazir.

“Bunday vaziyat” deganda nimani nazarda tutayotganiga Pashinyan izoh bermagan.

Avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligi KXSHT tinchlikparvar kontingentlarining “Mustahkam birodarlik – 2023” qo‘shma mashg‘ulotlari Armaniston hududida o‘tkazilishini ma’lum qilgandi. Vazirlik hali Pashinyanning bayonotiga izoh bermadi.

2022 yilning sentyabr oyida Armaniston Ozarbayjon bilan chegarasidagi notinchlik tufayli Qozog‘istonda o‘tkazilayotgan KXSHT mashg‘ulotlarida ishtirok etishdan bosh tortgandi.

Izoh: Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining 23 noyabrda Yerevanda o‘tgan sammitida KXSHT kollektiv xavfsizlik Kengashi deklaratsiyasini va Armanistonga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikdagi choralar to‘g‘risidagi hujjatlarni imzolashdan bosh tortgan edi. Bunga rus hukumatini ozar-arman urushida Armaniston tomonida turmagani va tinchlikparvarlik missiyasi bo‘yicha zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmaganligi sabab bo‘lgan edi.

“Hurmatli hamkasblar, ayni paytda imzolash uchun taqdim etilgan ‘Kollektiv xavfsizlik kengashining Armanistonga yordam ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar haqidagi deklaratsiyasi’ yetarlicha ishlanmagan, deb o‘ylayman va ushbu hujjatlarni bu ko‘rinishida imzolashga tayyor emasman”, – degan edi Pashinyan. Bugunga kelib esa Armaniston KXSHT o‘quv mashhulotlarini o‘z hududida o‘tkazishlikdan bosh tortmoqda.

Armaniston Rossiya yetovidagi KXSHT doirasida o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan bosh tortayotgan birinchi a’zo davlat emas. Bunga qadar, oktabr oyida Qirg‘iziston Mudofaa vazirligi ham KXSHT tinchlikparvar kuchlari bilan “Mustahkam birodarlik – 2022” qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlarini bekor qilgan edi. O‘quv mashg‘ulotlari 10 -14 oktabr kunlari Issiqko‘l viloyatining Baliqchi shahrida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Qirg‘iz hukumati ham KXSHT mashg‘ulotlarining bekor qilinishiga Tojikiston bilan ziddiyatni sabab qilib keltirgandi…

Aksar siyosiy tahlilchilar bu tashkilotni “o‘lik tug‘ilgan chaqaloq” sifatida baholab, uning mavjud bo‘lib turishi Rossiyadan boshqaga kerak emasligini aytib kelishadi. Ma’lumki, tashkilot quvvati va nufuzi yetakchi davlatning xalqaro nufuz va ta’siriga bog‘liq bo‘lib, davlat qudratli bo‘lsa tashkilot ham nufuzli, davlat zaif bo‘lsa ta’sirsiz tashkilotga aylanadi. Bugungi kunda xalqaro miqiyosda Rossiya nufuzi tushib borgani sari uning yetovidagi tashkilotlarning ham ta’sir doirasi zaiflashib bormoqda. KXSHT, MDH va YEOIIga a’zo davlatlar o‘rtasida ziddiyat, kelishmovchilik va hatto qurolli to‘qnashuvlar kelib chiqishi, Rossiya esa ushbu ziddiyatlarga barham berishga qodir bo‘lmayotgani bu tashkilotlar umri tugab borayotganidan darak beradi. Hatto, tashkilotlargina emas, yaqin kelajakda Rossiyaning o‘zini ham parchalanib ketishiga olib keladi.

Abdurahmon Odilov

Izohlar yo'q