بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Turkiyaning Suriya va Iroq shimolidagi harbiy operatsiyalaridan qanday maqsad ko‘zlangan?!
2022 yil 20 noyabrda Turkiya Suriya va Iroq shimolidagi kurd separatist partiyalari obyektlariga havo zarbalarini bergandan so‘ng, Suriyada quruqlik operatsiyasi o‘tkazish bilan tahdid qila boshladi. Bu haqda prezident Erdogan «Turkiya janubiy chegaralar bo‘ylab 30 kilometr uzunlikda xavfsizlik zonasini qurib bitkazish va vaqti kelganda quruqlikdan hujum boshlash niyatida», dedi. Ayni nuqtai nazarda birin-ketin Turkiya rasmiylari bayonotlari yangrab, bu borada tayyorgarliklar ma’lum qilindi. Bu AQSH mudofaa vaziri Ostin bilan turk hamkasbi Akar o‘rtasida telefon suhbati bo‘lib o‘tgunga qadar davom etdi. AQSH mudofaa vazirligiga ko‘ra, «mudofaa vaziri Ostin turk hamkasbiga Turkiyaning Suriyadagi yangi operatsiyasiga keskin qarshiligini bildirgan. Ostin, shuningdek, Suriyadagi vaziyatning keskinlashganidan xavotirlanib, Akarni keskinlikni yumshatishga chaqirgan». Bir vaqtda, Akar ham «Turkiya bilan AQSHning muhim ittifoqchi» ekanini ta’kidlab, amerikalik hamkasbiga «Turkiyaning BMT Nizomining 51-moddasidan kelib chiqqan holda, o‘z-o‘zini mudofaa qilish huquqi doirasida turk xalqi va chegaralarini kafolatlash maqsadida terrorizmga qarshi operatsiyalarni amalga oshirayotgani»ni bildirdi. (Anadolu, 2022 yil 30 noyabr). Ayni telefon suhbati ortidan Turkiya tahdidlari yumshadi. Masalan, Akar «munosib zamoni va makoni bo‘lganda, turk kuchlari shu paytgacha qilganidek, zimmasida yuklangan ishni amalga oshirishi»ni ta’kidladi. (Anadolu, 2022 yil 2 dekabr).
Turkiya o‘zining musulmonlarga qarshi tinimsiz urush ochgan va ulardan Iroq, Afg‘oniston, Suriya, Somalida juda ko‘pchiligini qirg‘in qilib, millionlabini qochqinga aylantirib, uy-joylarini vayron etgan, Falastinda yahudiy vujudini cheksiz qo‘llab-quvvatlayotgan Amerikaning ittifoqchisi ekanini ta’kidlamoqda. U Suriyada Amerikaning roziligisiz hech qanday harbiy operatsiya o‘tkazmaydi. AQSH mudofaa vazirining mazkur bayonoti Turkiyaning tashqi siyosatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashish hisoblanadi. U go‘yo – Turkiya Amerikaning manfaatlariga zid keladigan yoki u rozi bo‘lmaydigan birorta ham tashqi faoliyat qilishga haqqi yo‘q, demoqda. Bu esa, Turkiyaning Amerika atrofida aylanuvchi davlat ekanining yana bir bor tasdiqidir.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Chovusho‘g‘li bunday dedi: «Biz mintaqani terrorchilardan tozalamagunimizcha operatsiyalarni davom ettirishimiz kerak… Biz Suriya rejimi bilan razvedka darajasida aloqadamiz. Chunki kurd terrorchi tashkilotining maqsadi yurtni bo‘lib tashlashdir va bu Suriyaga ham ta’sir qiladi». (Anadolu, 2022 yil 2 dekabr). Terror tahdidlarini to‘xtatishni hamda kurd separatist tashkilotlarining Suriyani bo‘lib tashlashiga va Turkiyaga tahdid soluvchi bo‘lginchi kurd davlatini qurishlariga yo‘l qo‘ymaslikni bahona qilib, Erdogan tog‘ut Bashar Asad bilan uchrashmoqchi! Zero, u Asad bilan uchrashmoqchiligini bir necha marta aytib o‘tgan.
Rossiya bu uchrashuvni o‘tkazishni muvofiqlashtiryapti. Uning Suriyadagi elchisi Aleksandr Lavrentev «Rossiya Bashar Asad bilan Erdogan o‘rtasida uchrashuvni tashkillashtiryapti», dedi. (Novosti, 2022 yil 2 dekabr). «Turkiya prezidenti matbuot kotibi Ibrohim Kalin ikkala prezidentlarning uchrashuviga oid razvedka so‘zlashuvlari davom etayotgani, hali vaqti belgilanmaganini ta’kidladi. Ismi ochiqlanmagan turk rasmiysi ham yaqin vaqtda ikkala prezident o‘rtasida uchrashuv bo‘lishi kutilayotganini tasdiqladi». (Reyter, 2022 yil 2 dekabr).
Turkiya kurdlar harakati nazorati ostidagi hududlarning Suriya rejimi tomonidan nazorat qilinishini ta’minlamoqda. Shu orqali kurdlar harakatining o‘z hududlariga bo‘lgan xavfini uzoqlashtirishga, Kurdiston Ishchilar partiyasi (PKK) unsurlarining Suriyadan sizib o‘tishini oldini olishga urinyapti. Turkiya (PKK) unsurlariga qarshi Iroq shimolida kurash olib bormoqda va Suriyada kurd davlati barpo bo‘lishi xavfini oldini olishdan maqsadi bu «infeksiya»ning Turkiyaga tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Shu sababdan kurd unsurlarining hujumlaridan o‘zini himoya qilish uchun ularni o‘z hududlarini Asad rejimiga topshirishga majbur qilyapti. Suriya Demokratik kuchlari rahbari Mazlum Abdiy bunday dedi: «Suriya shimolini Turkiya hujumlaridan mudofaa qilish Suriya armiyasining vazifasi. Biz Turkiya hujumlariga qarshi turish uchun Suriya armiyasi bilan hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutyapmiz». (North press, 2022 yil 26 noyabr). Turkiya, shuningdek, suriyalik qochqinlarning «tinch» hududlarga qaytishini ta’minlamoqchi. Buning ma’nosi Suriya rejimi bilan uning ayni hududlarga hujum qilmasligiga kelishib olishni anglatadi. Bularning barchasini amalga oshirish uchun Rossiyaning kafolati ostida Asad rejimi bilan kelishib olish kerak bo‘lyapti. Bu Rossiyaga ham kerak. Chunki u shu orqali u o‘zini xalqaro maydonda nufuzli o‘yinchi qilib ko‘rsatadi.
Erdoganning bu ishlarining barchasi kelasi saylovlarda uning foydasiga ochko sifatida xizmat qiladi. Bu narsa, shuningdek, chegaralar xavfsizligi ta’minlanishiga, kurd separatistlari tahdidi uzoqlashtirilishiga, qochqinlarning Suriyaga deportatsiya qilinishiga hissa qo‘shadi. Chunki muxolafat partiyalar o‘zlari uchun ovoz to‘plashda qochqinlar masalasidan foydalanishayotgandi. Ya’ni saylovda g‘alaba qozongudek bo‘lsalar suriyaliklarni deportatsiya qilishni o‘z dasturlariga kiritishgan. Erdogan esa, ayni harbiy operatsiya bilan muxolafat partiyalarning oyog‘idan chalgan bo‘ldi. O‘zini suriyaliklar himoyachisi va Suriyada ularga xavfsiz zona yaratib berayotganligi to‘g‘risidagi gaplari bilan odamlarni laqillatgani ko‘rinyapti. U Suriya ahliga va qo‘zg‘olonlariga qilgan o‘z xiyonatlarini yashirishga urinyapti. Chunki qo‘zg‘olonchilarni Halabdan chiqarib, keskinlikni yumshatish kelishuvlarini imzolagan va bu bilan ularni o‘z hududlaridan chiqarib, bu hududlarni rejimga topshirgan mana shu Erdogan bo‘ladi. U, shuningdek, qo‘zg‘olonchilarni Idlib hududiga to‘plab, qo‘zg‘olonchilarning qonxo‘r rejimga va Rossiya bazalariga qarshi hujumlar uyushtirishiga to‘sqinlik qilish uchun 2018 yil va 2020 yillari Sochi bitimini imzolagan edi. Zotan, Erdoganning Suriya ahli va qo‘zg‘oloniga qarshi makr-aldov ishlatish va tuzoq qo‘yish bilan qilgan xiyonatlari Rossiya, Eron va Asad rejimining ularga qarshi qo‘llagan qirg‘inbarot qurollardan ham yomon bo‘ldi. Amerika esa, shu yo‘l bilan o‘zining tog‘ut Bashar Asad rahbarligidagi Suriya rejimini saqlab qolishdek maqsadiga erishdi, uning ag‘darilishini va Ummatning Xalifalikni barpo etish loyihasi amalga oshishini oldini oldi. Holbuki, Xalifalikni barpo qilish loyihasi Suriya ahli bilan qo‘zg‘olonchilarning talabi edi, Islom Ummati tuyg‘ularini qo‘zg‘ab, ularda Xalifalikni qayta barpo bo‘lishiga umid uyg‘otgandi.
Turkiya Iroq shimolida o‘tgan aprel oyidan buyon «Tirnoq-Qal’a operatsiyasi» nomi ostida havo hujumlarini davom ettirar ekan, quruqlikdan harbiy operatsiya o‘tkazish bilan tahdid qilmadi. Hozirda u havo zarbalarini kuchaytirib, ayniqsa, Istanbuldagi «Istiqlol» ko‘chasida sodir etilgan portlash ortidan yuqoridagi nom ostida Suriya shimolida ham havo zarbalarini boshladi. Bu bilan, ushbu operatsiya Suriyaga qaratilgan bo‘ldi.
Erdogan Turkiyasining Suriya shimolidagi harbiy operatsiyadan ko‘zlagan maqsadlarini quyidagi punktlarda ko‘rish mumkin:
- a) Amerikaning o‘z malayi bo‘lgan Suriya rejimi bilan munosabatlarni normallashtirish talabini qondirish. Bu Erdogan Turkiyasi uchun Suriyadagi harbiy operatsiyalari oqibatlaridan qutulishiga va u yerdan chiqib ketib, Amerikaning siyosiy yechim ijrosini yengillashtirishiga muqaddami bo‘ladi.
- b) Ummatning Xalifalikni barpo etish loyihasiga zarba berish borasidagi Amerika va G‘arb talablarini qondirish. Bu Suriyadagi ilmoniy rejimni mustahkamlash va unga qonuniylik berib, jinoyatlarini unutish bilan bo‘ladi.
- v) Qonxo‘r rejim hukmronligini mustahkamlash. Bu qochqinlarni Suriyadagi turli hududlarga qaytarish, so‘ng bu hududlarni kelajakda Rossiya kafolatlari bilan rejimga topshirish bilan bo‘ladi, xuddi Dar’ada bo‘lgani kabi.
- g) Millionlab suriyaliklarni deport qilish bilan muxolafatning qochqinlar masalasidan ovoz ko‘paytirishda foydalanishiga zarba berish.
- d) Separatist kurd guruhlariga shiddatli zarba berish. Bu Erdoganning kuchliligini va ularni ayab o‘tirmasligini namoyish etib, xalqchilligini oshiradi.
- ye) Suriya rejimiga kurd jamoalari nazoratidagi hududlarni egallashiga yordam berish, shu orqali ayni jamoalarning xavfiga va separatchilik tahdidlariga chek qo‘yish.
- yo) Erdoganning Turkiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishi uchun ovoz to‘plash.
Ha, Erdogan Suriya ahliga va Falastin kabi davlatlardagi unga ishongan musulmonlarga qarshi dushman bilan til biriktirdi, ularning umidlarini puchga chiqarib, aldadi, bu bilan o‘zining barcha ayblarini fosh etdi… U yahudiy vujudi bilan yarashdi va mintaqadagi jinoyatchi rejimlar bilan til biriktirdi… Bularning barchasi shoyad musulmonlarni Xalifalikka da’vat qilayotgan xolis insonlarga nusrat-yordam berishlariga vasila bo‘lsa.
Roya gazetasining 2022 yil 7 dekabr chorshanba kungi 420-sonidan