Sadir Japarov Sankt-Peterburgda MDH norasmiy sammitida ishtirok etdi
Xabar: Prezident Sadir Japarov 26-dekabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga amaliy tashrif bilan jo‘nab ketdi.
Perezident matbuot xizmati kotibi Erbol Sultanbevning xabar qilishicha, Sadir Japarov Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy sammitida ishtirok etadi.
Sammitda Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston prezidentlari va Armaniston bosh vaziri ishtirok etadi.
Sammitda hamdo‘stlik mamlakatlari yetakchilari joriy yilning asosiy yakunlarini sarhisob qilishlari ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashish ham rejalashtirilgan.
Izoh: Ukrainada olib borayotgan bosqinchilik urushi ortidan dunyo hamjamiyatida yakkalanib qolgan Rossiya va borgan sari siyosiy nufuzini yo‘qotib borayotgan Putin Markaziy Osiyo respublikalarini imkon qadar changalida ushlab qolishga harakat qilmoqda. Buning uchun Putin bir tomondan birin-ketin Rossiya yetovida bo‘lgan turli tashkilotlar sammitini o‘tkazib kelmoqda. Jumladan, joriy yilning 14-oktabr kuni Ostonada Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) sammiti bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, 23 noyabrda Yerevanda KXSHT sammiti tashkil etildi. 10-dekabrda esa Bishkekda YEOII oliy kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bugun Sankt-Peterburgda MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvini tashkillashtirdi.
Boshqa tomondan, rasmiy Moskva, odatdagidek, kuchga suyanib o‘zidan masofalanishga harakat qilayotgan Markaziy Osiyo davlatlariga tahdid qilmoqda. Kuni kecha Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning uzilishiga “hatto bir ishora” ham ularning iqtisodiyotiga jiddiy zarar keltirishidan ogohlantirib kelmoqda.
Rossiya TIV uchinchi departamenti direktori Aleksandr Sternik Markaziy Osiyo davlatlari aksilrossiya sanksiyalariga amal qilsa, Moskva qanday reaksiya bildirishi haqidagi savolga javoban bunday dedi:
“Biz barcha “o‘yinchilar” harakatlarini birinchi navbatda Rossiya manfaatlariga zarar yetkazish yoki yetkazmaslik nuqtai nazaridan baholaymiz. Va biz bundan tegishli xulosalar chiqaramiz, jumladan, Rossiya Federatsiyasi bilan ko‘p qirrali aloqalarni yo‘qotmaslikdan hayotiy manfaatdor sheriklar bilan birgalikda. Aloqalarning qisqarishiga “hatto ishora” ham shunday iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkinki, “xo‘jayinlar” tomonidan va’da qilingan har qanday “mukofot” ularni qoplay olmaydi”.
Rossiya Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin 28 noyabr kuni O‘zbekistonga safari vaqtida O‘zbekiston AQSH bilan hamkorlikning “ehtimoliy oqibatlariga baho berish”da Yevropaning Amerika bilan hamkorligi “natijalari”dan saboq chiqarishi kerakligiga urg‘u bergan edi.
Uning fikricha, AQSH bilan qalin munosabatlar Yevropani iqtisodiy muammolarga yetaklagan. Amerika Yevropani Rossiyaga qarshi sanksiyalar urushiga sudrab kirib, Yevropa va Rossiya hamkorligidagi loyihalarni barbod qilgan. “Arzon energiyadan foydalanish imkonini beradigan ayni shu dasturlarimiz Germaniya, Fransiya va boshqa davlatlarda sanoat rivojlanishining asosi edi”, – degan edi u.
O‘z navbatida, Rossiyaning siyosiy va harbiy zaiflashuvidan unimli foydalanib qolishga harakat qilayotgan G‘arb davlatlari ham “bo‘zchining mokkisidek” mintaqa davlatlariga serqatnov bo‘lib qolishdi. Masalan, oktabr oyida Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel, noyabr oyida esa Yevropa Ittifoqi tashqi siyosati rahbari Josep Borrel Markaziy Osiyoga tashrif buyurdi.
Ushbu tashrif davomida Josep Borrel: “Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz kabi biz ham strategik avtonomiyani mustahkamlash zarurligini ko‘rdik. Kim bilan va qanday aloqa o‘rnatishni erkin hal qilish uchun. Aloqalarning borligi yaxshi, lekin o‘ta bog‘liqlik va tanlov imkonining yo‘qligi qimmatga tushadi. Biz buni Yevropada energetika xavfsizligi misolida ko‘rdik. Biz Markaziy Osiyodagi hamkorlarimizni qaysidir bitta xalqaro hamkorga bog‘lanib qolishni rad qilishini hurmat qilamiz va qo‘llaymiz. Biz Markaziy Osiyodagi do‘stlarimizning tanlov erkinligini qo‘llaymiz hamda tanlovlar istisnoli bo‘lmasligi kerakligini tasdiqlaymiz”, – degan va Markaziy Osiyo davlatlarini imkon qadar Rossiya bilan uzoqlashini qo‘llab-quvvatlagan edi. Bundan tashqari, Mirziyoyev ham, To‘qayev ham noyabr oyida rasmiy tashrif bilan Fransiyaga bordi va prezident Emmanuel Makron bilan uchrashib qaytdi…
Ammo, mintaqa davlatlari bir mustamlakachidan qutulish uchun boshqasi bilan aloqalarini yaxshilash yo‘lidan bormoqda. Ma’lumki, bu mustamlakachi davlatlarning barchasi yagona asos – boshqa davlatlarni mustamlaka qilish, boyliklarini talon-taroj, xalqlaridan arzon ishchi kuchi safatida foydalanish asosiga qurilgan. Bu davlatlarning hech biri “uchinchi olam” davlatlari, xususan, islomiy yurt va musulmonlarga yaxshilik va farovonlik olib kelishda yordam qo‘lini cho‘zmaydi.
Abdurahmon Odilov