Bishkekda Yevrosiyo oliy iqtisodiy kengashi sammiti bo‘lib o‘tdi
Xabar: Bishkekda 9 sentyabrda Yevrosiyo oliy iqtisodiy kengashi sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammitda qatnashish uchun 8 dekabrda Bishkekka Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, 9 sentyabr ertalab esa Rossiya prezidenti Vladimir Putin yetib keldi. Bundan tashqari tashkilotga a’zo boshqa davlatlarning ham rahbarlari kelishi kutilmoqda.
Sammitda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining hozirgi iqtisodiy ahvoli, Yevrosiyodagi integratsiyaning dolzarb masalalari muhokama etiladi. Jumladan, tashkilot doirasida gaz bozorini tashkil qilish, Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik qilish va boshqa 17 masala ko‘rib chiqiladi. Sammit yakunida bir qator hujjatlarning qabul qilinishi kutilmoqda.
Izoh: YEOIIga Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya a’zo hisoblanadi. Mazkur ittifoq boj to‘siqlarini olib tashlash, “to‘rt erkinlik” – ishchi kuchi, kapital, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan edi. Biroq, shu kungacha davlatlar o‘rtasidagi bu kabi to‘sqinliklar davom etmoqda hamda tadbirkorlar tashkilotga a’zo davlatlarga mahsulotlarini yetkazib berishda qiynalib kelmoqda.
Bunga qo‘shimcha, Ukrainada olib borayotgan bosqinchilik urushi ortidan dunyo hamjamiyatida yakkalanib qolgan va borgan sari o‘z qudratini yo‘qotib borayotgan Putin o‘zining ekinzori sifatida ko‘rishga odatlanib qolgan Markaziy Osiyo respublikalarini imkon qadar changalida ushlab qolishga harakat qilmoqda. Buning uchun o‘z Rossiya yetovida bo‘lgan turli tashkilotlar sammitini o‘tkazib, kerak bo‘lsa mintaqa davlatlariga tahdid qilish orqali bo‘lsa ham erishishga intilmoqda. Jumladan, joriy yilning 14-oktabr kuni Ostonada Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) sammiti bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, 23 noyabrda Yerevanda KXSHT sammiti tashkl etildi. Bugun esa Bishkekda YEOII oliy kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Dekabr oyi oxirida esa Sankt-Peterburgda MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Putin yangi ittifoq va birlashmalar tuzish orqali mintaqa davlatlarini yanada ko‘proq o‘ziga bog‘lab olish va shu orqali AQSH boshchiligidagi xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘yilgan sanksiyalarni chetlab o‘tish yo‘lida harakat qilmoqda. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev prezidentlikka qayta “saylanganidan” so‘ng ilk xorijiy safarini Moskvaga amalga oshirdi. Ushbu tashrif doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida “uch tomonlama gaz ittifoqi”ni tuzishni taklif qildi. Garchi avvaliga Qozog‘iston prezidenti To‘qayev bu taklifni ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qilgan bo‘lsada, keyinchalik Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham bu kabi ittifoqda ishtirok etishdan bosh tortdi.
Ikki prezidentining Rossiya taklifini rad etishi bu respublikalarni imkon qadar Rossiyadan mosofa saqlashga harakat qilayotganidan dalolat beradi. Bugun Bishkekda bo‘lib o‘tgan YEOII oliy kengashida O‘zbekiston prezidenti ham kuzatuvchi davlat rahbari sifatida ishtirok etishi kutilgan edi. Ammo, sammitga bir kun qolganda Mirziyoyevning sammitga kelmasligi, uning o‘rniga Bosh vazir Abdulla Aripov kelishi xabar qilindi. Garchi mintaqa davlatlari Rossiyadan imkon qadar masofalanishga harakat qilishayotgan bo‘lsa-da, bu ishni Kreml tomonidan qo‘yilgan “qizil chiziq”dan chiqmagan holda amalga oshirishga va o‘zlari da’vo qilayotgan “ko‘p vektorli” siyosat olib borishga intilishmoqda. G‘arb davlatlari ham mintaqani Rossiya changalidan tortib olishga qulay fursat kelganini anglab yetgani ortidan “bo‘zchining mokkisidek” mintaqa davlatlariga serqatnov bo‘lib qolishdi. Masalan, oktabr oyida Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel, noyabr oyida esa Yevropa Ittifoqi tashqi siyosati rahbari Josep Borrel Markaziy Osiyoga tashrif buyurdi. Bundan tashqari, Mirziyoyev ham, To‘qayev ham noyabr oyida rasmiy tashrif bilan Fransiyaga bordi va prezident Emmanuel Makron bilan uchrashdi.
Ammo, mintaqa davlatlari bir mustamlakachidan qutulish uchun boshqasi bilan aloqalarini yaxshilash yo‘lidan bormoqda. Ma’lumki, bu mustamlakachi davlatlarning barchasi yagona asos – boshqa davlatlarni mustamlaka qilish, boyliklarini talon-taroj, xalqlaridan arzon ishchi kuchi safatida foydalanish asosiga qurilgan. Bu davlatlarning hech biri “uchinchi olam” davlatlari, xususan, islomiy yurt va musulmonlarga yaxshilik va farovonlik olib kelishda yordam qo‘lini cho‘zmaydi.
Abdurahmon Odilov