Sadir Japarov Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammitida ishtirok etadi

0
172

Sadir Japarov Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammitida ishtirok etadi

Xabar: Prezident Sadir Japarov Samarqand shahriga tashrif buyuradi. U 10-11-noyabr kunlari Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlarining toʼqqizinchi yigʼilishida ishtirok etadi. Bu haqda prezident maʼmuriyati tashqi siyosat boʼlimi boshligʼi Muratbek Аzimbekov maʼlum qildi.
Xabar qilinishicha, sammitda davlat rahbarlari koʼp tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qiladilar hamda tashkilotning 2022-2026-yillarga moʼljallangan dekloratsiyasi va strategiyasini qabul qiladilar.
“Tadbir doirasida transport, bojxona ishi, raqamlashtirish sohasida shartnoma va hujjatlarni imzolash, shuningdek, tashkilot va xalqaro turk akademiyasida bir qator lavozimlarni tayinlash rejalashtirilgan”, – deyiladi xabarda.
Sammit davomida Qirgʼiziston vakili Kubanchbek Omuralievni tashkilot bosh kotibi lavozimiga tayinlash toʼgʼrisida qaror qabul qilinadi.
Oʼzbekiston tomoni raisligida oʼtkaziladigan yigʼilishda Qirgʼiziston, Qozogʼiston, Ozarbayjon va Turkiya prezidentlari ishtirok etishi kutilmoqda. Vengriya bosh vaziri va Turkmaniston parlamenti raisi tashkilotda kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi.
Tashrif doirasida Sadir Japarov Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashishi, ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilishi rejalashtirilgan.

Izoh: Hozirgi kunda Turkiy davlatlar tashkiloti deb nomlangan xalqaro tuzilma turkiy tilli xalqlar oʼrtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida 2009 yil 3 oktyabrda imzolangan “Naxchivan shartnomasi” asosida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi nomi bilan Qirgʼiziston, Qozogʼiston, Ozarbayjon va Turkiya hamkorligida tashkil etilgan edi.
Vengriya tashkilotga 2018 yilda kuzatuvchi maqomi bilan qoʼshildi. 2018 yilning 30 aprelida Oʼzbekiston ham bu kengashga aʼzo boʼlish istagini bildirdi va 2019 yil 14 sentyabrda tashkilotning toʼlaqonli aʼzosiga aylandi.
2021 yil 12 noyabrda Istanbulda boʼlib oʼtgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining VIII Istanbul sammitida tashkilot nomi Turkiy davlatlari tashkiloti deb oʼzgartirildi va Turkmaniston ham tashkilotda kuzatuvchi davlat maqomiga ega boʼldi. Hozirgi vaqtda tashkilot faoliyatini koordinatsiyalash boʼyicha bosh kotibiyat Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan.
Maʼlumki, АQSh mintaqa davlatlarini iqtisodiy tomondan “TАPI”, “CASA-1000” va “Termiz-Mazori-Sharif-Qobul-Peshavor” temir yoʼl loyihalari orqali oʼziga bogʼlab olishga urinayotgan boʼlsa, siyosiy tomondan “S5+1”, Turkiya boshchiligidagi “Turkiy davlatlar tashkiloti” orqali mintaqadagi turkiyzabon davlatlarda nufuzini mustahkamlashga harakat qilyapti. Bunda Turkiya va mintaqaning toʼrt respublikalari turkiyzabon ekanligi unga qoʼl kelmoqda. Tojikistonga esa bir tomondan Eron vositasida taʼsir oʼtkazayotgan boʼlsa, boshqa tomondan qoʼshma harbiy mashgʼulotlar va harbiy yordamlar orqali nazorat ostiga olishga urinmoqda. Аmerika mintaqani faqat iqtisodiy va siyosiy tomondan oʼziga tortish bilan kifoyalanib qolmay, mintaqa davlatlariga harbiy yordam koʼrsatish bilan ularning harbiy qaramligini ham kuchaytirib bormoqda. Masalan, 2018-yili АQSh hukumati tojik xavfsizlik idoralariga umumiy qiymati 8 million dollarlik jihozlar topshirgan edi. Bu Аmerika hukumatining bir yil davomida tojik hukumatiga koʼrsatgan harbiy yordami boʼlsa, oʼtgan 26 yil ichid АQSh Tojikistonga 1,8 milliard dollarlik “yordam” koʼrsatgan. Аmerika 2015-yili Oʼzbekistonga 300 dan ortiq zirxli va pistirmadan hujumga oʼtuvchi transport vositalari (MRAP) hamda zirxli qutqaruv mashinalari (ARV) yetkazib bergan boʼlsa, joriy yilda Oʼzbekiston davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʼshinlariga umumiy qiymati 2 million 250 ming dollar boʼlgan 50 ta “Toyota Hilux” va “Fortuner” rusumli avtomashina yetkazib berdi. Maʼlumki, harbiy texnika va qurol-yaroq bilan birga undan foydalanishni oʼrgatuvchi mutaxassislar, mahalliy harbiylarni tayyorlovchi instruktorlar, texnikalar uchun ehtiyot qismlar, oʼq-dorilar zarur boʼladi. Shu tariqa mintaqa davlatlari harbiy tomondan ham АQShga bogʼlanib bormoqda. Demak, mintaqada АQSh-Rossiya-Xitoyning oʼzaro taʼsir talashishi kuchayib boradi.

Аbdurahmon Odilov

Izohlar yo'q