KXSHT kuchlarining qoʼshma oʼquv mashgʼulotlari boshlandi
Xabar: Issiqkoʼl viloyati Baliqchi shahridagi “Edelveys” harbiy poligonida Kollektiv xavsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)ga aʼzo davlatlar tezkor harakat kuchlarining qoʼshma mashgʼuloti boshlandi.
“Kobalt – 2022” deb nomlangan maxsus-taktik oʼquv mashgʼulotining asosiy maqsadi aʼzo davlatlar oʼrtasida jinoyatchilikka qarshi kurashda kuch tuzilmalarining yaqin hamkorligini mustahkamlashdan iborat.
Xabar qilinishicha, maxsus kuchlar “bandit tuzilmalar, terrorchilik guruhlarni qidirish, blokirovka qilish va zararsizlantirish, shuningdek, narkotik moddalar kontrabandasi kanallarini toʼsib qoʼyish hamda giyohvandlik vositalarini saqlash va ishlab chiqarish omborlari, laboratoriyalarini aniqlash hamda ularni yoʼq qilish vazifalarini” bajaradi.
Mashgʼulotlar 5-avgustga qadar davom etadi.
Maʼlumot oʼrnida, KXShTga Rossiya, Qirgʼiziston, Belarus, Qozogʼiston, Tojikiston va Аrmaniston aʼzo.
Izoh: Rossiyaning xalqaro siyosatdagi vazni sezilarli darajada yoʼqolib borayapti. Bunga Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan urushi natijasida unga qarshi АQSh boshchiligidagi dunyo xamjamiyati qoʼllagan sanktsiyalar va xalqaro siyosatda yakkalab qoʼyishi sabab boʼlmoqda.
Biroq, Rossiya hozircha taqdirga tan bermoqchi emas. U qanday boʼlmasin Markaziy Osiyoni oʼz taʼsiri ostida ushlab qolishga harakat qiladi. Bunda Rossiya suyanishi mumkin boʼlgan harbiy quvvatidan boshqa richaglari deyarli tugab borayapti. Rossiya mintaqada siyosiy jihatdan АQShga yutqazgan boʼlsa, iqtisodiy jihatdan mavqeyini Xitoyga boy berib bormoqda. Shu sababdi Rossiya mintaqani oʼzining harbiy himoyasiga muxtoj holatga olib kelishga xarakat qiladi. Buning uchun sunʼiy xavflar yoki atayin beqarorlik keltirib chiqarishda turli provokatsiyalar uyushtirishi kerak boʼladi. Bunda Rossiyaga sinalgan usul – ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash qoʼl keladi.
Bundan tashqari, Putin KXShT ustaviga oʼzgartirish kiritsh orqali aʼzo davlatlarni oʼzi boshchiligidagi “tinchlikparvarlik” amaliyotlariga jalb qilish uchun zamin hozirlab oldi. Joriy yilning mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Davlat Dumasiga KXShTning tinchlikparvarlik faoliyati toʼgʼrisidagi bitimga “nazorat qiluvchi davlat” degan yangi tushinchani joriy etishni nazarda tutuvchi tuzatishlarni ratiftkatsiya qilish uchun taqdim etgan edi. “Protokolda “muvofiqlashtiruvchi davlat” tushinchasi kiritiladi va uning homiyligida BMT tinchlikparvar amaliyotlarida foydalanish uchun KXShTning kollektiv tinchlikparvar kuchlari tashkil etilishi nazarda tutiladi”, – deyiladi Putin tomonidan taklif qilingan hujjatning tushintirish xatida.
Maʼlumki, KXShTning amaldagi ustavining 4-moddasida “aʼzolaridan birining xavfsizligi, barqarorligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetiga tahdid soladigan qurolli hujum barcha aʼzo davlatlarga nisbatan tajovuz sifatida qabul qilinadi” deb belgilab qoʼyilgan. Аgar tashkilot ustaviga oʼzgartirish kiritilib, unga tinchlikparvar amaliyotlari ham qoʼshiladigan boʼlsa, “Muvofiqlashtiruvchi davlat”, yaʼni Rossiya KXShT kuchlarini “tinchlikparvarlik amalaiyotlari” doirasida Donetsk va Luganskga jalb qilish imkoniga ega boʼladi.
Аbdurahmon Odilov