Amerika va ichdan portlash

206
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Amerika va ichdan portlash

Doktor Muhammad Jiyloniy qalamiga mansub

Amerikalik siyosatchilar, sharhlovchilar va yetakchilar deyarli bir ovozdan 2021 yil 6 yanvar hodisasini demokratiyaga qarshi kuchli va qasddan qilingan hujum, deya taʼkidlashdi. Bayden AQSh prezidentligini egallagan paytda qilgan murojaatida “Bugun men alam, boʻlinish va taranglikdan ezilgan bir davlat prezidentligini qabul qilib oldim… 2021 yil 6 yanvar hodisasi demokratiyani yer bilan yakson etgan hujumdir… Biz 200 yil avval qurganimiz demokratiyani saqlab qolishga harakat qilyapmiz”, kabi soʻzlarni aytdi.
Xoʻsh, haqiqatdan ham demokratiya xavfsiz va sogʻlom holatdami? Yoki soʻnggi ikki asrda shakllangan Amerika jamiyatining choki soʻkilib-parchalanyaptimi?
Bunga javob berishdan oldin demokratiyaning negizini tushunib olmogʻimiz lozim. Yaʼni nasroniy cherkov Yevropada oʻrta asrlarda uzoq davom etgan inqilobiy va evolyutsion jarayonda magʻlubiyatga uchraganidan keyin kapitalizm ideologiyasi paydo boʻldi va demokratiya ayni ideologiyaning ajralmas bir qismi sifatida rivojlandi. Frantsuz inqilobi va Yevropaning nasroniylik gegemonligidan xalos boʻlishi davlat bilan cherkov oʻrtasining ajratilishiga va asosiy toʻrt erkinlik qonuniylashtirilishiga olib keldi. Bu erkinliklar soʻz, shaxs, mulk va eʼtiqod (vijdon) erkinligi edi. Shaxs erkinligi bilan eʼtiqod erkinligi cherkovni magʻlubiyatni qabul qilib, qoʻlini koʻtarishga va cherkovni ziyorat qiluvchilarga rozi boʻlishga majbur qildi. Ruhoniylar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun “aʼzolik badallari” belgilandi.
Soʻz erkinligiga kelsak, undan yangi demokratik tushunchalar paydo boʻldi. Demokratiyaga koʻra, odamlar oʻz vakillarini saylash huquqiga ega boʻlishadi. Bu vakillar ham qonun chiqarish, davlatni himoya qilish va boshqarishda erkin boʻladi. Yaʼni ushbu soʻz erkinligidan boshqaruv tuzumi va jamiyatlar boshqaruvi qoidasi sifatida demokratiya paydo boʻldi. Shuningdek, soʻz erkinligidan kapitalistik tushunchalar kelib chiqdi, oʻz navbatida, bu tushunchalar jamiyat uchun iqtisod va moliya nizomini shakllantirdi.
Biroq, paradoks shundaki, demokratiya va kapitalizm oʻz tabiatiga koʻra nifoq urugʻini koʻtarib yuradigan bir-biriga zid gʻoyalarga aylanib qoldi. Xususiy mulk gʻoyasiga va nisbiy tanqislik nazariyasiga asoslangan kapitalizm yer resurslarini boshqalardan koʻra tezroq, ertaroq va koʻproq qazib olish imkoniyatiga ega boʻlgan oʻta boy odamlarni keltirib chiqardi. Bu esa, tarixda eng katta tafovutni paydo qildi. Yaʼni 1 % odamlar yurt boyligining 70 %dan koʻprogʻiga ega boʻlishiga olib keldi… Ular bu boylikka kambagʻal va och shaxslarning non topish uchun boy kompaniya va muassasalar foydasiga kechayu kunduz ter toʻkib mehnat qilishlari evaziga ega boʻlishdi. Dunyo aholisining 1 %ga yetmagan oʻta boy kishilar yirik korporatsiyalarga egalik qiladi. Bu esa, ularga ommaviy axborot vositalari, xususiy klublar, yirik sanoat tarmoqlari va bulardan boshqa jamiyatning asosiy tarkibiy qismlariga taʼsir oʻtkazish va ularni nazorat qilish imkonini beradi.
Mana shu bir siqim guruh shunday yirik vosita va qurollarga ega boʻldiki, ular yordamida soʻz erkinligiga oʻz taʼsirlarini oʻtkazishga muvaffaq boʻlishdi. Ular insonlarning 99 %ini yoʻnaltirishda, baʼzan hatto boʻysundirishda soʻz erkinligidan foydalana bilishdi. Binobarin, soʻz erkinligi tushuncha sifatida, mulk erkinligining ham, mulkdor sinfning ham asosiy dushmaniga aylandi. Zotan, bu mulkdor oligarxlar Amerika va boshqa davlatlarda hayot boʻgʻinlariga hukmronlik qiladigan boʻlishdi. Bu davlatlar dinni hayotdan ajratish printsipini tatbiq qilib, shu asosda tuzum qabul qiladigan, aholining katta qismini yashash, boyish va erkin boʻlish kabi asosiy huquqlaridan mahrum etgan davlatlardir. Zotan kapitalistik demokratiyadan bundan boshqa narsa kutilmaydi. Bir vaqtning oʻzida, mulk erkinligi bilan undan paydo boʻlgan gʻoyat mulkdor-oligarxlar soʻz erkinligining bosh dushmani boʻlib qolishdi. Mohiyatan olganda, hozirgi zamon-yangi demokratik kapitalistik davlatlardagi asosiy mafkura oʻzgardi, yaʼni bitta qutida turgan qarama-qarshi kuchlarga aylandi. Bu quti esa, jamiyat, deya ataladi. Bu holat qarama-qarshi zaryadli zarrachalarni oʻz ichiga olgan atom yadrosida kuzatiladigan holatga oʻxshaydi. Ushbu qarama-qarshi zarrachalar ulkan tashqi kuch tufayligina atom yadrosi doirasida mavjud boʻlib tura oladi… Boshqacha aytganda, har qanday vaqtda kuchli portlash sodir boʻlishi mumkin.
Demokratiya bilan kapitalizm ham shunga oʻxshash, oʻzlarining tabiiy qarama-qarshiliklariga qaramay bitta qutida boʻlishlari shart boʻlgan. Shuningdek, jamiyat va xususan Amerikaning ittifoqini saqlab qolish uchun mana shunday favqulodda kuch boʻlishi shart boʻlgan. Chunki bu yurtda jamiyatining tarkibiy qismlarida aniq va muqarrar qarama-qarshilik bor.
Soʻnggi paytda “davlat ortidagi davlat”, deya atalayotgan kuchlar yoki “nufuzli kuchlar”, “yirik kompaniyalar vakillari”, “WASP” (anglo-sakson protestant oq tanlilar), deyilayotgan kuchlar Amerika jamiyati va ittifoqi birligini saqlab qolish hamda atom portlashiga oʻxshash narsa yoʻqligiga ishonch hosil qilish ustida qattiq va mahorat bilan ishladi. Atomning birligi va barqarorligini taʼminlovchi yashirin kuchlar kabi, jamiyatning yaxlitligi va barqarorligini taʼminlovchi kuchlar (kapitalizm va demokratiya) ham kuchli, nozik va izchildir.
Texnik jihatdan, yadro qudratining parchalanishi ham, yadroning albatta portlaydigan narsa ekanligi ham hech qanday shubhasiz isbotlangan. Xuddi shunga oʻxshash, Amerika jamiyati ichidagi qarama-qarshilikka moyillikni hamisha saqlab turuvchi oqimlar kuchlari ham albatta bir kun portlamay qolmaydi, bunga ham shubha yoʻq. Toʻgʻri, qarama-qarshi fikrlar oʻrtasidagi ziddiyatni majburan birlashtirish mumkin. Biroq, u ham yorilish, boʻlinish, hatto portlashga moyildir. Chunki bir-biriga zid narsani majburan yelimlab-yopishtirilgan taqdirda ham yelimi qurib-sinishi mumkin. Shuning uchun, taʼkidlash lozimki, tashqi kuchni saqlab qolmoq va qarama-qarshi fikrlar bilan shakllangan jamiyatda barqarorlikni tinimsiz saqlab turmoq shart. Chunki busiz boʻlinish, vaziyat taranglashishi va portlashi tabiiy natija boʻladi va prezident Bayden ham buni birinchi murojaatida taʼkidladi.
Amerika oʻz ittifoqini saqlab turish uchun uzoq vaqt tashqi kuchlardan oʻzini muhofaza qilishga muvaffaq boʻldi. Ammo bu ittifoqni demokratik va kapitalistik qarama-qarshi fikrlar bilan yuzaki suratda qurdi. U shuningdek, soʻz erkinligi bilan mulk erkinligiga asoslandi. Amerika oʻz federatsiyasini saqlab turish jarayonida asosan davlat ortidagi davlat, deyilgan yirik nufuzli shaxslarning changaliga va ularning katta moliya va imkoniyatlariga tayandi. Dunyo tartibi va jahon siyosatining tashqi vaziyatidan samarali foydalanildi. Tashqi dushmanga qarshi kurashish Amerikaning barqaror ittifoqini saqlab qolishning eng samarali usuli boʻlib, bu uning nufuzli kuchlari madaniyatiga asoslangan. Amerikadagi tarixchilar oʻz yurtlarining tashqi urushlardan foydalangani haqida yozishgan, masalan, Ikkinchi Jahon urushi, Koreya urushi, Vьetnam urushi, Fors koʻrfazi urushi yoki Sovet Ittifoqi bilan sovuq urush kabi.
Bugun Amerika ikki-uch yil yoki undan koʻproq vaqt davomida toʻqnashishi muqarrar boʻlgan dushmanni tinimsiz izlamoqda. Variantlar cheklangan, ammo butunlay yoʻq emas va bu yo Islom yoki Xitoy yoxud Rossiya yoki ilgari guvoh boʻlinmagan boshqa yangi variant boʻlishi shubhasiz. Bugungi kunda biz bir paytlar barcha muxolif kuchlarni oʻz ichiga olgan qutining parchalanish oloviga 150 yildan beri birinchi marta guvoh boʻlib turibmiz. Bu portlash yadroviy portlashdan kam boʻlmaydi, buning uchun protonlar atom yadrosidan ajralishni-parchalanishni boshlasa, bas… albatta portlash sodir boʻladi. Chunki Amerikadagi bu boʻlinishlar qirgʻinbarot boʻlishi, hatto prezident Bayden aytganidek halokatli boʻlishi mumkin. Shuning uchun ushbu ehtimolli portlashni oldini olish har qachongidan koʻproq katta kuch talab qiladi.
Xoʻsh, Amerika bunday strukturaviy inqilobni oldini olishga qodir boʻladimi? Biz buni diqqat bilan kuzatmogʻimiz va tayyor turmogʻimiz kerak.

Roya gazetasining 2022 yil 2 fevral chorshanba kungi 376-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.