Rossiya xavfsizlik kafolatlari boʻyicha AQSh oldiga qoʻygan talablarini eʼlon qildi

235
0

Rossiya xavfsizlik kafolatlari boʻyicha AQSh oldiga qoʻygan talablarini eʼlon qildi

Xabar: Rossiya tashqi ishlar vazirligi AQSh bilan xavfsizlik kafolatlari toʻgʻrisidagi shartnoma va RF hamda NATOga aʼzo davlatlar xavfsizligini taʼminlash choralari toʻgʻrisidagi kelishuv loyihalarini eʼlon qildi.
Hujjatlarda taʼkidlanishicha, tomonlar boʻlinmas va teng xavfsizlik, bir-birining xavfsizligiga zarar yetkazmaslik tamoyillari asosida harakat qilishi lozim.
Rossiya TIV AQSh NATOning sharqiy yoʻnalishda kengaymasligi boʻyicha masʼuliyatni zimmasiga olishi, ilgari sobiq SSSR tarkibida boʻlgan davlatlarni alьyansga qabul qilish usulidan voz kechishi kerakligini talab qilgan.
AQSh ilgari SSSR tarkibiga kirgan va NATO aʼzosi boʻlmagan davlatlar hududida harbiy bazalar tashkil etmasligi, har qanday turdagi harbiy faoliyat uchun ularning infratuzilmasidan foydalanmasligi, ular bilan ikki tomonlama harbiy hamkorlikni rivojlantirmasligi kerak, deyiladi hujjatda.

Izoh: NATO (North Atlantic Treaty Organization) – Shimoliy Atlantika harbiy tashkiloti 1949 yil 4 aprelь kuni Yevropaning 10ta, Shimoliy Amerikaning 2ta davlati: Belьgiya, Buyuk Britaniya, Daniya, Islandiya, Italiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya, Portugaliya, Frantsiya, AQSh va Kanada davlatlari vakillari imzolagan shartnomaga binoan tuzilgan. Oʻsha paytda bu tashkilotni tuzishdan maqsad Yevropani ikkinchi jahon urushidan keyin harbiy salohiyati nihoyatda kuchayib ketgan SSSRdan himoya qilish boʻlgan. Keyin Sovet Ittifoqi 1955 yil oʻziga tobe kommunistik davlatlar bilan birgalikda bir alьyansga (Varshava shartnomasiga) asos solib, Polьsha poytaxti Varshavani uning qarorgohi etib tayinladi. Soʻng, kommunizmni kuch bilan oʻtkazgan Sharqiy Yevropa davlatlarini ushbu alьyansga qoʻshib oldi. Ikkinchi Jahon urushidan soʻng olam ikki lagerga boʻlindi: AQSh yetakchiligi ostidagi NATOga aʼzo kapitalistik davlatlar lageri va Sovet Ittifoqi yetakchiligi ostidagi Varshava shartnomasi davlatlari lageri.
1991 yil Sovet Ittifoqi parchalandi va Rossiya kommunizmdan kapitalizmga oʻzgardi, Varshava shartnomasi buzilib, amal qilishdan toʻxtadi va kommunizm xavfi yoʻq boʻldi. NATOga aʼzo davlatlarga qarshi hech qanday tahdid ham, NATOni mavjud boʻlishini oqlovchi birorta sabab ham qolmadi. Bu tashkilotni tarqatib yuborish va xalqaro lagerlar holatiga yakun yasash kutila boshladi. Ammo, AQSh Gʻarb davlatlari bilan birga bunday qilmadi, NATOni tarqatish oʻrniga, unga yangi dushmanni-Islomni oʻylab topdi hamda NATOni tarqatmaslikni shu bilan oqladi…
2001-yil 11-sentyabr teraktlarini uyushtirganidan soʻng Qoʻshma Shtatlar Iroq va Afgʻonistonda bosqinchilik urushini boshladi. Ushbu bosqinchilik urushi bahonasida AQSh NATO vositasida Markaziy Osiyoda oʻz ishtirokini kuchaytirishga kirishdi. Dastlab, 2014-yilning 16-may kuni Toshkentda NATOning rasmiy vakolatxonasi ochildi. Ochilish marosimida Shimoliy Atlantika ittifoqining Markaziy Osiyo va Kavkaz boʻyicha maxsus vakili Jeyms Appaturay ishtirok etgan edi. Keyinchalik, AQSh Markaziy Osiyoda oʻz oʻrnini yanada mustaxkamlash maqsadida 2015-yil 5-yanvar kuni Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida mamlakatning NATO bilan aloqalari markazini ochdi.
Bugungi kunda AQSh Ukrainada sunʼiy harbiy inqiroz keltirib chiqarish va “Rossiya tahdidi”ga qarshi NATO davlatlari bilan hamkorlikda Qora va Boltiq dengiziga kirib kelmoqda. Bundan tashqari, AQSh Markaziy Osiyo respublikalari bilan harbiy baza borasida olib borayotgan muzokaralarini ham davom ettirmoqda. Tabiiyki, bu Rossiya uchun istalmagan holat. Shu sababli ham Rossiya uning NATO orqali kengayib borishining oldini olish umidida AQShga turli talab va shartlarni qoʻyib kelmoqda. Ammo hozircha AQSh Rossiyaning biror talab va taklifini inobatga olganicha yoʻq.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.