Baydenning Talsa safari Amerikadagi eng dahshatli irqiy qirg‘inning sharmandaligini aslo o‘chira olmaydi

316
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Baydenning Talsa safari Amerikadagi eng dahshatli irqiy qirg‘inning sharmandaligini aslo o‘chira olmaydi

Doktor Abdulloh Rubin qalamiga mansub

Trampdan keyin qudratga kelgan Jo Bayden yurt ichkarisi va tashqarisida Amerikaning qora qiyofasini chiroyli qilib ko‘rsatishga urinmoqda. Biroq, Bayden kurashmoqchi bo‘layotgan narsa yaqindagina paydo bo‘lgan muammolar emas. Balki u Tramp hokimiyatga kelishidan oldin ham mavjud bo‘lgan va azaldan meros bo‘lib kelgan yovuz jinoyatlardir. Bayden ketgandan keyin ham bu narsa davom etaveradi. Shunday qilib, o‘tgan hafta Bayden Oklaxoma shtatining Talsa shahridagi qora tanlilar yashovchi kvartalni butunlay yo‘q qilgan qirg‘inning yuz yillik xotirasini jonlantirdi. Ma’lumki, qora tanlilar qirg‘ini tarix kitoblaridan o‘chirilgan. Biroq, o‘tgan yili «Black Lives Matter» (Qora tanlilar hayoti muhim) nomli yirik norozilik namoyishlari chog‘ida ushbu qirg‘in qayta o‘rtaga chiqdi. Bu norozilik namoyishlari politsiya tomonidan qora tanlilarga nisbatan sodir etilgan navbatdagi o‘ldirish amaliyoti ortidan butun Amerika bo‘ylab yoyildi.

Darhaqiqat, 1921 yilda Oklaxoma shtati Talsa shahridagi qora tanlilar yashovchi kvartalga oq tanlilar olomoni hujum qilib, shirkatlar, mehmonxonalar, banklar va 1200dan ziyod xonadonni yoqib tashlagan va ikki kun davomida qora tanlilarni qirg‘in qilgan edi. Politsiya esa, kvartalni hech qanday qarshiliksiz vayron qilish uchun barcha qora tanli erkaklarni qamoqqa olishda 500 nafar oq tanlilarni safarbar qilgandi. Hodisa ortidan 10 mingga yaqin shaxs uysiz qoldi, 6 ming kishi majburiy ravishda lagerlarga joylashtirildi, 300 nafar shaxs o‘ldirilib, jasadlari ommaviy qabrlarga ko‘mib tashlandi… O‘tgan yili Amerika o‘sha qabrlarni qidirib topishga qaror qilib, Bayden ma’ruzasi ortidan 5 nafar jasad topildi. Bayden o‘shanda bunday dedi: «Ba’zi zulmlar shu darajada dahshatli, qo‘rqinchli va og‘riqli bo‘lganki, odamlar har qancha urinmasin, ularni yashirib, ko‘mib bo‘lmaydi». U qo‘shimcha qilib yana bunday dedi: «Faqat haqiqat yordamidagina shifo kelishi mumkin. Tarix sukut qildi, degani bunday narsalar yuz bermaganini anglatmaydi… Nafaqat o‘zimiz bilishni xohlagan narsalarni, balki bilishimiz kerak bo‘lgan narsalarni ham tanlashimiz lozim… Shuning uchun men bu erga jimlikni buzishga yordam berish uchun keldim. Chunki jimlik yarani yanada kuchaytiradi».

AQSh Vakillar palatasi a’zosi, adliya qo‘mitasi raisi Jerrolьd Nadler «Talsadagi qirg‘inni irqiy tozalash, deya atash mumkin, zero, bu hodisa o‘nlab yillar mobaynida tarix kitoblaridan o‘chirib kelingan», dedi. Qizig‘i shundaki, Bayden qora tanlilarga nisbatan sodir etilgan qul qilish, bostirish va qatli omni irqiy tozalash, deb atamadi. Lekin u joriy yilning aprel oyida Birinchi jahon urushi paytida yuz bergan tarixiy hodisani rasmiy ravishda genotsid, deya e’tirof etdi.

Talsa qirg‘ini qora tanli erkak oq tanli ayolga jinsiy tajovuz qilganlikda yolg‘ondan ayblanishi ortidan boshlangan edi. O‘sha paytda u hibsga olingan va hech qanday qonuniy sud va hukmsiz uni osib o‘ldiriladi, degan tahdidlar ham bo‘lgan. Chunki bunday hodisalar o‘sha paytda tez-tez bo‘lib turardi. Masalan, o‘sha yilning o‘zida 61 nafar shaxs sudsiz osib o‘ldirilgan bo‘lib, aksari qora tanlilar edi. Qora tanli aholi uni ozod etilishini talab qilib chiqqan paytda, oq tanli aholi ham uni jazoga tortilishini talib qilgan… Shundan so‘ng u o‘ldirib yuborilgan. Quldorlik bundan oltmish yil muqaddam bekor qilinganiga qaramay hamda fuqarolar haq-huquqlari uchun kurash o‘nlab yil davom etib, oltmishinchi va etmishinchi yillarda millatlar tengligi to‘g‘risida qonunlar qabul qilinganiga qaramay, qora tanli amerikaliklar tenglik va xavfsizlikni hanuzgacha his qilmaydilar. Tarixda «Amerikalik negrlarning buyuk migratsiyasi», deb atalgan hodisa qayd etilgan. O‘shanda 6 million qora tanli amerikalik qotillik va irqchilikdan qochib, Janubiy Amerikadan Shimoliy Amerikaga ko‘chib o‘tgan. Chunki ajdodlari qul bo‘lib yashagan janubiy viloyatlarda holat ancha yomon bo‘lgan.

Qo‘shma Shtatlarda 1882 yildan 1968 yilga qadar sud hukmisiz qatl qilingan 4743ta holat rasmiylashtirilgan. Qurbonlar osib yoki yoqib yuborilgan, ba’zi kimsalar jasadlarning a’zolarini esdalik sifatida kesib olgan. Aksar ishtirokchi va tomoshabinlar qilmishlaridan shu darajada faxrlanishganki, dahshatli manzaralarni hatto suratga olishgan. Hujjatlarning birida bunday deyiladi: «Bir necha yuz kishilik olomon Merining to‘pig‘idan bog‘lab, oyog‘ini osmondan qilib daraxtga osishdi va uni benzin va motor moyi bilan yoqib yuborishdi… Olomondan biri Merining qornini pichoqlaganda hali uning joni uzilmagan edi… Shu vaqt Merining qornidan hali tug‘ilmagan chaqalog‘i erga tushdi… Olomon uni oyoqlari bilan tepkiladi… Merining tanasiga qarata yuzlagan o‘q otildi». Meri Terner qora tanli ayol bo‘lib, aybi faqatgina xuddi sudsiz qatl qilingan boshqalar qatori o‘z erini ham osib o‘ldirishda ishtirok etganlarga qarshi qonuniy jazo qo‘llanishi bilan tahdid qilgani edi. Sudsiz qatl qilinganlarning deyarli barchasi qora tanlilar bo‘lgan, yana ba’zilar esa, qora tanlilarga yordam bergani uchun o‘ldirilgan. Amerikada qora tanlilar hamon o‘ldirilayotgan ekan, haqiqiy raqam aslida ancha katta bo‘lishi mumkin.

O‘tgan yilning xuddi shu vaqtida Amerika yirik norozilik namoyishlari, tartibsizliklar va talon-torojlarga guvoh bo‘layotgan edi. Bular Minneapolis shahrida Jorj Floydning politsiya tomonidan o‘ldirilishi ortidan kelib chiqqandi. Qora tanli bu yigit Talsa qirg‘inining to‘qson to‘qqiz yilligi xotirasidan bir necha kun oldin millatchi politsiya ofitseri qo‘lida o‘ldi. Bu xotira birinchi marta keng miqyosda xotirlanayotgan edi. Talsaliklar qirg‘in sodir etilgan yo‘lga «Black Lives Matter» (Qora tanlilar hayoti muhim) so‘zlarini yozishdi. Butun yoz oylari davomida Amerikaning hamma erida vaziyat shu darajada taranglashdiki, odamlar xavotirlanib, navbatdagi fuqarolar urushi boshlanishi to‘g‘risida gapira boshlashdi.

Muntazam irqchilik amerikalik qora tanlilar hayotining kundalik haqiqatiga aylangan. Yurtning eng kambag‘ali ham, eng kam ta’lim oladigani ham, hayotdan erta ko‘z yumayotgani ham mana shu qora tanlilardir. Yaqinda o‘tkazilgan ommaviy so‘rovda qora tanlilardan 48 foizi Amerika jamiyatidagi politsiyaning kelajakda oq tanli bilan qora tanli fuqaroga teng muomala qilishi ta’minlanishiga ishonishi qiyinligini yoki mutlaqo ishonmasligini bildirgan.

Roya gazetasining 2021 yil 9 iyun chorshanba kungi 342-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.