NATO sammitida Turkiyaga Afg‘oniston missiyasi yuklatildi
Bryusselda tashkil qilingan NATO sammitida AQSh prezidenti Jo Bayden va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘rtasida qisqa uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda AQShning istagiga binoan Anqaraga Afg‘oniston missiyasi yuklatildi.
Ma’lumki, AQSh prezidenti Jo Bayden hokimiyatga kelgandan buyon Amerikani o‘ziga yaqin hamkor deb bilgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuvni paysalga solib kelayotgan edi. Vanihoyat oradan bir qancha oylar o‘tib, ikki rahbar Bryusselda uchrashdi. Uchrashuvdan so‘ng Erdo‘g‘an suhbat nihoyatda samimiy va samarali o‘tganligini, AQSh va Turkiya munosabatlarida hal qilinmaydigan hech qanday muammo yo‘qligini va bundan so‘ngra Turkiya Afg‘onistonda faoliyat yuritishga tayyorligini bildirdi. Bayden esa “suhbatimiz yaxshi o‘tdi”, deyishdan nariga o‘tmadi. Uning o‘rniga Oq uy milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan uchrashuv davomida Kobul aeroporti xavfsizligini ta’minlashda Turkiyaning etakchi rol o‘ynashi masalasida kelishilganini ma’lum qildi.
“Ikki prezident Qobul aeroporti xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Turkiyaning missiyasi haqida batafsil gaplashdilar. Buni amalga oshirish uchun birgalikda ishlashga qaror qildilar”, “Prezident Erdog‘an ham bundan mamnunligini bildirdi”, dedi jumladan Sallivan.
Izoh: Islomiy mamlakatlar ichida NATOga a’zo bo‘lgan yagona mamlakat Turkiyadir. U Afg‘onistonda o‘ziga topshirilgan NATO istagiga doir sharmandali vazifalarni a’lo darajada bajarib keldi. NATO bosh kotibi Yens 2014 yil 9 oktyabrda Turkiya haqida: «Men Turkiyaning Afg‘oniston va Kosovadagi rolini hamda afg‘on kuchlariga mashq o‘rgatish, ko‘mak va maslahat berish bo‘yicha kelajakda o‘ynaydigan rolini yuksak baholayman. Umid qilamanki, Turkiya NATOning xavfsizligini himoya qilishda asosiy tayanch bo‘lib qolishi yo‘lida biz bilan hamkorlik qilishda davom etadi», degan edi.
Bugunga kelib Afg‘onistondan chiqib ketishga majbur bo‘lgan AQSh ma’muriyati o‘zi mag‘lub bo‘lgan Tolibon qarshisiga Turkiya kuchlarini qo‘yib, shu orqali Afg‘onistondagi nufuzini saqlab qolmoqchi. Biroq Tolibon harakati xorijiy askarlardan hech birini Afg‘onistonda qolishiga izn bermasligini qayta-qayta takrorlamoqda. O‘tgan hafta Tolibon vakili “AQSh qo‘shinlarini olib chiqib ketish” kelishuvga binoan Turkiya ham o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketishi shartligini bildirgan edi. Uning ta’kidlashicha, Afg‘onistonda qolgan har qanday xorijiy kuchlarga, shu jumladan Turkiya kuchlariga ham bosqinchi kuch sifatida muomala qilinadi.
Amerika Islomiy o‘lkalardan birortasi eplay olmaydigan nozik rollarni bajarishda Turkiyadan foydalanadi. Chunki Turkiya hukumati o‘zi ilmoniy bo‘lsa ham, soxta islomiy to‘nni kiyib, o‘zini musulmonlarga xizmat qilayotgan “xaloskor” qilib ko‘rsatishda muvaffqiyat qozondi. Shuning uchun Turkiya hukumati musulmonlar yurtlarida AQSh loyihasiga xizmat ko‘rsatish yo‘lida yuritilayotgan adashtiruvchi siyosatni amalga oshirishda birinchi o‘rinni egallaydi desak mubolag‘a bo‘lmayli. Siyosatida, iqtisodida, ijtimoiy hayotida, ta’lim tarbiyasida haqiqiy Islomning “I”si ham topilmaydigan Turkiya hukumatini Islom olamiga namuna qilib ko‘rsatishdan ko‘zlangan maqsad ham musulmonlarni to‘g‘ri islomiy faoliyatdan chalg‘itishdir.
Islomiy ko‘rinishlarni nomayon qilib Musulmonlarning Islomiy tuyg‘ularini suyiiste’mol qilib hokimiyatga kelgan Erdogan esa, ilk lahzalardan tortib bugungacha AQShga xizmat qilib kelmoqda. U o‘z siyosiy hayotida amerikaparastlik siyosatidan bir lahza ham voz kechmadi, AQSh chizgan chiziqdan qilcha ham chetga chiqmadi. Faqat bugungi kunda o‘zgargan narsa shu bo‘ldiki, Erdogan ilgari kufrga xizmatini yashirincha qilib kelgan bo‘lsa, hozirda esa oshkora xizmat qilyapti. Chunki u oldida o‘zini muhosaba qilib, tiyib qo‘yadigan ummatni ko‘rmayapti. Shunday ekan, Islom Ummati ko‘zini kattaroq ochishi va rahbarlar tarafidan berilayotgan bayonotlar bilan amalda bajarilayotgan ishlarni taqqoslashi lozim. Bu Ummat bir teshikdan qayta-qayta chaqilaveradigan Ummat emas. Lekin u buning uchun o‘zligini tanimog‘i, o‘z aqidasiga mahkam yopishmog‘i va aqidasidan balqib chiqayotgan nizomlarni o‘z hayotiga tatbiq etmog‘i lozim.
Qiyomuddin Sharif