O‘zbekiston xavfsizlik sohasida Rossiya bilan hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda
O‘zbekiston Rossiya bilan mintaqa xavfsizligi sohasida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor.
Bu haqda respublika mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov rossiyalik hamkasbi Sergey Shoygu bilan muzokaralar davomida ma’lum qildi.
“Biz Rossiya bilan strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarimizni aniq amaliy mazmun jihatdan to‘ldirish bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama aloqalarimizni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdormiz. Shu bilan bir qatorda ta’kidlamoqchimanki, O‘zbekiston, shuningdek, Rossiya bilan mudofaa va mintaqa xavfsizligini ta’minlash sohasida har tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor”, – deya Qurbonov so‘zlaridan iqtibos keltirgan RIA Novosti.
Qurbonov ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar strategik hamkorlikning yangi sifatli darajasiga ko‘tarilganini qayd etdi.
“Bugun Rossiya O‘zbekistonning yirik savdo va investitsiya hamkoridir”, – deya qo‘shimcha qildi u.
Izoh: AQSh Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketishini e’lon qilganidan so‘ng Rossiya mintaqada o‘z harbiy nufuzini yanada mustahkamlash harakatini boshlab yubordi. Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu o‘tib borayotgan haftada Tojikiston va O‘zbekistonga safar qildi.
Shoygu 26-aprel kuni Tojikistonga safari davomida Rossiya va Tojikiston Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlarini birlashtirishga va davlat chegara xavfsizligini oshirishga kelishib oldi.
O‘zbekistonga rasmiy safar bilan kelgan Sergey Shoygu 28 aprel kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov bilan 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan harbiy sohadagi strategik hamkorlikka doir ikki tomonlama dasturni imzoladi. Shuningdek, rasmiy Kreml O‘zbekistonni KXShT doirasidagi tadbirlarga jalb etmoqchi ekanini ham ma’lum qildi.
Ma’lumki, AQSh Afg‘onistonda olib borgan salkam 20 yillik urushi davomida katta moddiy va insoniy yo‘qotishlarga duchor bo‘ldi. Amalda AQSh Afg‘onistonda mag‘lubiyatga uchradi. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay u mintaqadagi harbiy ishtirokini saqlab qolishga intilmoqda. U afg‘on zaminini tark etar ekan u erga olib kelgan ulkan harbiy texnika va qurol-yaroqlarni yana ortga qaytarib olib ketish niyatida emas. Shu sababli ham u o‘zi uchun mintaqada bir harbiy baza barpo etish harakatida yuripti. Shu sababli ham u tojik, qozoq va o‘zbek rasmiylari bilan harbiy baza bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Ushbu muzokaralar Rossiyaga yoqmasligi aniq. Rossiya AQShning mintaqada harbiy jihatdan qolishiga rozi bo‘lmaydi. O‘z vaqtida AQShni Qirg‘izistondagi “Manas”, O‘zbekistondagi “Xonobod-Qarshi” harbiy bazalarini yo‘q qilishiga erishganidan keyin, yana qayta bunday bazalar barpo etilishiga yo‘l qo‘ymaslikka intiladi. Rossiya mintaqada harbiy ishtirokini kuchaytirish uchun esa odatdagidek, “diniy ekstremizm” va “terrorizm” tahdidini bo‘rttirib ko‘rsatish orqali ish olib boradi.
Abdurahmon Odilov