Sadir Japarov davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga ketdi
11 mart kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan jo‘nab ketdi.
Japarov O‘zbekistonga o‘zi bilan 20 chog‘li mulozimni olib ketgan, ular orasida tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbaev, bosh vazir o‘rinbosari Ulukbek Karmishakov, qator vazirlik va idoralar rahbarlari, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchisi Ibragim Junusov va parlamentning bir deputati bor.
Izoh: Karimov prezidentligi davrida milliy xavfsizlik va islomiy tahdidning oldini olish bahonalari ostida mintaqa davlatlari bilan aloqalarini deyarli uzib tashlagan edi. Qo‘shni davlatlar bilan chegaralarni bir tomonlama yopib tashlagan, ba’zi qo‘shnilar bilan viza rejimini joriy etgan, qarindosh-urug‘, quda-andachilik aloqalari uzilishiga sabab bo‘lgan edi. Bularning barchasiga uning tabiatidagi qo‘rqoqlik va har bir holatdan o‘z hokimiyati uchun xatar ko‘rishi sabab edi.
Mirziyoev hokimiyat tepasiga kelgach, o‘zini xalqaro hamjamiyat oldida islohotchi sifatida namoyon qilish ilinjida ichkarida bir qator qisman islohotlarni o‘tkazib, xalq uchun ozroq engillik berish bilan bir qatorda qo‘shni davlatlar bilan ham aloqalarni yaxshilashga kirishdi. Karimov davrida yopib tashlangan chegaralar ochildi, bordi-keldi engillashdi, davlatlar o‘rtasida oliy darajadagi tashriflar, turli uchrashuv va yig‘ilishlar bo‘lib o‘tdi.
2016-yilning 22-31-oktyabr kunlari Botken va O‘sh shaharlarida O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston va Qirg‘iziston Hukumat delegatsiyalari ishchi guruhlarining uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. 2017-yil 13-14-mart kunlari Toshkentda O‘zbekiston-Qirg‘iziston vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundi bo‘ldi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev prezident Almazbek Atambaevning taklifiga binoan 2017 yil 5-6 sentyabr kunlari davlat tashrifi bilan Qirg‘iziston respublikasida bo‘ldi. Javob tashrifi sifatida Almazbek Atamboev 5-6 oktyabr kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga bordi. Atambaevdan keyin prezidentlik lavozimini egallagan Sooronbay Jeenbekov 2017-yil13-14-dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Tashrif davomida moliya, fan va bojxona sohalaridagi hamkorlik jihatlari muhokama qilinadi hamda tomonlar tegishli hujjatlarni imzolandi.
2018-yil 30-martida Farg‘onada O‘zbekiston va Qirg‘iziston bosh vazirlari raisligida ikki davlat chegaradosh viloyatlari rahbarlari kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvlarda ko‘tarilgan asosiy masala – chegara muammolari bo‘ldi. Biroq, ikki davlat rahbarlari ham, rasmiylari ham bu muammoni xal qilish uchun nima qilish kerak degan masalada, chegara chiziqlarini belgilash, baxsli hududlar muammosini o‘zaro er almashtirish orqali xal etishga e’tibor qaratishdi-yu, ammo dini bir, qiblasi bir, bozori va mozori bir bo‘lgan ikki qardosh xalq o‘rtasidagi sun’iy chegaralarni batamom yo‘q qilish masalasi haqida o‘ylab ham ko‘rishmadi. Chunki, ikki xalq vakillari hech bir to‘siq va qiyinchiliklarsiz o‘zaro bordi qilish imkoniga ega bo‘lishlari uchun chegaralarni yo‘q qilish ular imkoniyatidagi ish emas. Buning uchun ularda siyosiy iroda ham, siyosiy erk ham yo‘q. Ular o‘zaro yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini ham qudratli davlatlar, xususan, Rossiya manfaatlariga zid kelmaydigan yo‘sinda olib borishadi. Masalan, 2016-yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar – barcha nazorat o‘tkazish punkt (KPP)larni ochish, har ikki davlat fuqarolari chegaralardan shaxsiy ehtiyoji uchun tovar va maxsulotlarni erkin olib o‘tishi – yil oxiriga borib deyarli to‘xtab qoldi. Sababi, bu kelishuvlarga o‘zbek kuch organlari, ayniqsa Davlat xavfsizlik xizmati roziligisiz erishilgan edi. Ma’lumki, O‘zbekiston DXXsi mamlakatda qudratli kuchga ega va bu xizmatga Rossiyaning ta’siri kuchli…
Shu sababli ham bu kabi ta’sir ostidagi davlat rahbarlari uchrashuvidan katta o‘zgarish va natijalarni kutish kerak emas. Ular uchrashuvlarda standart iboralarni ishlatib, tuziladigan bitim va shartnomalarida ham xojalarining “dumini” bosib olmalikka harakat qilishadi.
Abdurahmon Odilov