Xalifalik tiklanishiga eng kuchli to‘siqlardan biri mavjud hokimlardir
Islom Ummati o‘z tarixi davomida kufr ahlidan ba’zi zarbalarga duch kelganligi tarixdan ma’lum. Mug‘ullar va salbchilardan kelgan zarbalar kabi. Biroq Ummat uchun bu zarbalarni engib oyoqqa turishi unchalik uzoq davom etmadi. Chunki Salohiddin Ayyubiy, Sayfiddin Qutuz va Zohir Beybars qabi etakchilar hamda Izzuddin Abdussalom va ibn Yasin kabi ulamolar boshchiligida Ummat bir tan-u bir jon bo‘lib qisqa vaqt ichida o‘z sharafini qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Ammo 1924 yil 3 mart kuni Xalifalik davlatining qulatilish zarbasi Islom Ummati uchun umri davomida olgan eng og‘ir zarba bo‘ldi. Mana 100 yildiki, Ummat zulmatlar qa’rida qolib ketmoqda.
Albatta Xalifalik davlati qulatilishi ortidan vaqti-vaqti bilan uni qaytarishga urinishlar bo‘ldi. Chunki u davrdagi Musulmonlar Allohning hukmlari ijro qilinmaydigan hayot tarzini tasavvurlariga ham keltira olmas edilar. Shuning uchun Xalifalikni qaytarish maqsadida turli joylarida qo‘zg‘olonlar bo‘lib o‘tdi. Biroq bu urinishlar bir qancha omillar sababli muvaffaqiyat qozona olmadi. Natijada Ummat bugungi kunda ham davom etayotgan zulmatda qolib ketdi.
Ummatning bunday zulmatdan qutilishiga to‘sqinlik qilayotgan eng kuchli omillardan biri uning ustiga o‘rnashtirib qo‘yilgan yoki Ummatdan hokimiyatni zo‘ravonlik bilan tortib olgan hokimlardir. G‘arb «bo‘lib tashla, hukmron bo‘l», degan qoidaga asosan Xalifalik davlatini 50dan ortiq mayda davlatlarga parchalab, har bir davlatchaga o‘ziga tobe hokimlarni tayin qilib qo‘ygan. Bugungi kunda mustamlakachilar Islom yurtlaridan zohiran chiqib ketgan bo‘lsa-da, ammo har bir davlatchaga o‘zlarining aytganini so‘zma-so‘z bajaradigan, buyruqlariga so‘zsiz itoat qiladigan hokimlarni o‘rnashtirib qo‘ygan. Ular mustamlakachilarning manfaatlarini ta’minlab beruvchi va ularga mamlakatlar boyligini talon-taroj qilishiga hamda xohlaganicha nufuzini yoyishga imkoniyat yaratib beruvchi posbonlardir. Bugungi kunda birorta Islom o‘lkasi yo‘qki, boyliklari talon-taroj qilinmayotgan bo‘lsa.
Bu hokimlarning Islom Ummatiga qilgan xiyonatlarini sanab adog‘iga etib bo‘lmaydi. Chunki bu kimsalar o‘z hokimiyat kursilarini saqlab qolish uchun har qanday xiyonatga tayyordirlar. Ulardan arab bo‘lganining ham, bo‘lmaganining ham, asosiy vazifasi xujayinlarining Islom o‘lkalaridagi manfaatlarini himoya qilishdir. Ummatning manfaati esa, ular uchun bir tiyinga qimmat. Bugungi kunda Musulmonlarning boyliklarini tashib ketishi uchun G‘arbga barcha imkoniyatlarni yaratib qo‘yilganligini hech kim inkor qilmaydi.
Amerika bo‘lsin yoki boshqasi bo‘lsin, Islom va Musulmonlarga zarba berishda yoki Islom yurtlarini ishg‘ol qilib mol mulkini talon-taroj qilishda albatta mana shu Musulmonlarning hokimlariga suyanadi. Aks holda ular bunga aslo qodir bo‘la olmaydi. Bu holatga o‘z ko‘zlarimiz bilan guvoh bo‘lib turibmiz. AQSh Iroq va Afg‘onistonga bostirib kirganda barcha Islom o‘lkalarining hokimlari uning yonida turdi. Eronning sobiq prezidenti Ali Akbar Rafsanjoniy ham bu haqida ochiq aytdi.
“Agar Eron kuchlari Tolibonga qarshi jangga kirmaganda edi, amerikaliklar Afg‘oniston botqog‘iga botib qolishgan bo‘lardi, Eron xalqi va armiyasi bo‘lmaganida, AQSh kuchlari Tolibondan hukumatni tortib olishga qurbi etmagan bo‘lishini Amerika unutmasligi kerak”, dedi u Germaniyaning Bonn shahrida so‘zlagan nutqida.
Shuningdek, Amerika rasmiylari ham Turkiya hukumatining qo‘llab quvvatlovi bo‘lmaganda AQShning Suriyada muvaffaqiyat qozona olmasligini bir necha bor tan oldi. Jumladan AQSh Markaziy kuchlar qo‘mondoni general Jozef Votel Turkiyaning yordami bo‘lmasa, AQSh Suriyadagi juda ko‘p faoliyatlarini amalga oshira olmasligini bildirar ekan, “Turkiyadan kelayotgan kundalik dastak bo‘lmaganda edi, yaqin o‘tmishda Suriyada amalga oshirgan ko‘plab faoliyatlarimizni bajara olmagan bo‘lardik”, dedi.
Ayni paytda Suriya, Yaman, Liviya hodisalarida ham xuddi shunday holat davom etmoqda. Masalan Suriyada erkagu-ayol, yoshu-qari demay qirg‘in qilayotgan Rossiyaning o‘q-dori va qurol-aslaha yuklangan harbiy kemalari Chanaqqala bo‘g‘ozidan o‘tib rus askarlarining qo‘liga etib bormoqda. Suriyani bombalagan samalyotlar Turkiyadagi Injirlik havo bazasidan uchmoqda. Yamanda esa Saudiyaning o‘zi bevosita Musulmonlarni qirg‘in qilmoqda. Ammo bular yahudlarga qarata hatto ov miltig‘idan bo‘lsa ham bitta o‘q uzib qo‘yishga jur’at qila olmaydi.
Bu malay hokimlarning xo‘jayinlaridan olgan muhim vazifalaridan yana biri Ummatni tarqoq holda ushlab turishdir. Shuning uchun ular gohida «Mustaqillik» va «o‘z taqdirini o‘zi hal qilish» niqobi ostida Ummatni tafriqaga bo‘lib tashlayotgan bo‘lsa, gohida “vatanni mudofaa qilish” kabi soxta shiorlar orqali Ummat orasiga fitna urug‘ini ekishadi. Gohida esa, “milliy qadriyatlarni muhofaza qilish” shiorlarini olg‘a surib, Musulmonlar o‘rtasida o‘zaro nafrat uyg‘otishga harakat qilishadi. O‘rtada o‘zaro chegara simlarini tortib, hatto ba’zi holatlarda atayin qonli nizolar ham keltirib chiqarishadi. Xullas, har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham, Islom Ummatining birlashib ketishiga aslo yo‘l qo‘ymaydi. Ular “Suriyada bo‘layotgan hodisalar suriyaliklarning muammosi”, “Iroqda bo‘layotgan hodisalar esa iroqliklarning muammosi”, “Afg‘onistonda bo‘layotgan hodisalar afg‘onlarning muammosi” va hokazo, Ummat ongida shunday tasavvurni paydo qilishga harakat qilishadi. Agar ularning qarshiliklari bo‘lmaganda edi, sharqdagiyu-g‘arbdagi Musulmonlarning birlashib ketishi bunchalik qiyin kechmas edi. Chunki Musulmonlar o‘zlarining bitta jism ekanligini his qiladigan Ummatdir.
Shuning uchun Musulmonlar bu malay hokimlardan voz kechib, butun Ummatni va Islom o‘lkalarini bitta davlat soyasi ostida birlashtiradigan Xalifalik davlatini tiklash uchun jiddiy harakatga kirishmasalar tarqoqlik yana davom etaveradi. Ummatning tarqoqligi esa musibatlarning davom etayotganligini anglatadi. Bu tarqoqlikka barham beradigan birdan-bir chora Xalifalik davlatini tiklashdir.
Ey ulamolar, ey da’vatchilar, ey Mo‘minlar, siz har doim Musulmonlar birlashishlari vojibligini ta’kidlab kelasiz. O‘zingizga ma’lumki, faqat Xalifalik bo‘lsagina Ummat birligi vujudga keladi. Shunday ekan, agar so‘zingizda samimiy bo‘lsangiz, Islom Ummatining birligiga kafil bo‘lgan va u bo‘lmasa Islom Ummatining birligi aslo yuzaga kelmaydigan Xalifalik davlatini tiklash uchun harakat qilishga shoshiling.
Hizb ut Tahrir – Qirg‘iziston matbuot bo‘limi