Bishkek havosi eng ifloslangan shahar deb topildi
Qirg‘iziston poytaxti Bishkek havosi ifloslanganligi bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinni egalladi. Bundan World Air Quality (“Dunyo havosi sifati”) xalqaro tashkiloti saytida e’lon qilingan tadqiqot natijalari darak bermoqda.
Havosi eng ifloslangan shaharlar ro‘yxatida 2-o‘rinni Kobul (Afg‘oniston), 3-o‘rinni esa Daqqa (Bangladesh) egallamoqda.
Bishkek ushbu ro‘yxatda oxirgi hafta ichida ikkinchi marta 1-o‘rinni egallamoqda. Bungacha Qirg‘iziston poytaxti 2- va 3-o‘rinlarni egallagan.
Bishkekda havo ifloslanishi bilan bog‘liq vaziyat oxirgi 3 yil ichida keskinlasha boshlagan. Mutaxassislar bunga bir necha sababni keltirishmoqda: birinchidan, Bishkek issiqlik elektr stantsiyasining sifatsiz rekonstruktsiya qilinishi; ikkinchidan, shaharda shamollar aylanishini hisobga olmagan holda ko‘p qavatli uylarning betartib qurilishi; uchinchidan, avtomobillarning ko‘pligi.
Ba’zi jamoat tashkilotlari havo ifloslanishi sababli Bishkekda favqulodda vaziyat rejimi kiritishni talab qilishmoqda.
Izoh: Italiyaning Renco kompaniyasi tomonidan Armaniston poytaxti Erevanda 250 MVt quvvatga ega, gazda ishlovchi kombinatsiyalashgan tsiklga ega yangi IES qurish – eskisini modernizatsiya yoki ta’mirlash emas, balki noldan yangisini barpo etish – 285 million dollarga baholanib, foydalanishga topshirildi.
Bizda esa Bishkek IES rekonstruktsiya qilish 386 million dollarga tushdi. Xitoyning TVEA kompaniyasi tomonidan Bishkek IES rekonstruktsiyasi bo‘yicha tekshiruv olib borilganda Xitoy kompaniyasi sotib olingan buyumlarni o‘ta qimmat ko‘rsatgani aniqlandi (bir dona ombir 600 dollarga baholangan). Chunki, tuzilgan shartomada qirg‘iz hukumati xitoylik kompaniyaning mablag‘ni qanday sarflashini nazorat qilmasligi belgilab qo‘yilgan edi. Natijada 250 mln. dollarlik ish 386 million dollarga aylandi. Xitoyning “Eksimbank”idan olingan qarz 2033-yilga qadar 480 million dollar qilib qaytarilishi kerak. Ammo ushbu rekonstruktsiya ham o‘zini oqlamadi. Foydlanishga topshirilgan yiliyoq IESda avariya sodir bo‘lib, Bishkek aholisi qahraton qishda issiqliksiz qolgan edi. Bu ish ortidan bir qator amaldorlar jinoiy javobgarlikka tortildi, ammo, xalq zimmasidagi qarz kamayib qolmadi.
Bundan tashqari, shuncha mablag‘ evaziga rekonstruktsiya qilingan IES avval ko‘mir va mazut bilan qanday ishlatilgan bo‘lsa yana shundayligicha qoldi. Uni gaz yoki boshqa ekologik jihatdan zarari kam bo‘lgan yoqilg‘i turlaridan foydalanish to‘g‘risida o‘ylab ham ko‘rilmadi. Natijada Bishkek havosi ifloslangan shaharlar bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinni egalladi. Mutaxassislar tomonidan olib borilgan ko‘plab tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, insonning qoniqarsiz sifatga ega havodan nafas olishi yurak-qon tomir tizimi va nafas olish organlarining bir qator kasalliklarini keltirib chiqaradi. Shuningdek, aholining nisbatan zaif guruhiga salomatligi kuchsizlangan insonlar, bolalar va katta yoshli kishilar taalluqlidir. Aniqlanishicha, nafas olinuvchi havodagi zaharli moddalarning ta’siri ancha keng va u asab tizimida ham o‘z izlarini qoldiradi… Rasmiy hukumat oddiy xalq zimmasiga ulkan qarzlarni yuklagani etmaganidek, xalq, kelajak avlod sog‘ligini ham xatar ostida qo‘ymoqda.
Abdurahmon Odilov