بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Iroq Kurdistoni korruptsiyachilarga qarshi Oktyabr inqilobi yo‘lidan ketmoqda
Ustoz Ali Badriy qalamiga mansub
Iroq Kurdistoni viloyatida chorshanba kunidan buyon namoyishlar kuzatilmoqda. Namoyishda ishchilarning maoshlari to‘lanishi talab qilinmoqda. Shuningdek, korruptsiyaga va davlat pullari talon-toroj etilishiga, viloyatdagi neftь boyliklarining hokimiyat partiyalari etakchilari va ularning oilalari manfaatiga xizmat qilishiga barham berilishi ham talab qilinmoqda. Zum o‘tmay namoyishchilar bilan xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuv boshlandi va unda olti nafar inson halok bo‘ldi, o‘nlabi jarohatlandi, yana o‘nlabi hibsga olindi. Shuningdek, partiyalar qarorgohlari yoqildi va vaziyat yanada murakkablashdi. Namoyishchilar viloyat hukumati va Bag‘doddagi Ittifoq parlamentidagi uchta kurd partiyasi qarorgohini yoqib yuborishdi. Ular Mas’ud Barzoniy etakchiligidagi Kurdiston Demokratik partiyasi, Iroqni vafot etgan prezidenti Jalol Talaboniy tomonidan ta’sis etilgan Kurdiston Milliy Ittifoqi partiyasi va vafot etgan kurd siyosatchisi Nishirvon Mustafo ta’sis etgan Tag‘yir harakatining qarorgohlari edi. Keyin namoyish ko‘lami kengayib, Sulaymoniya yaqinidagi oltita shaharchaga qadar yoyildi. Shuningdek, mahalliy manbalarga ko‘ra, namoyishlar Shimoliy Dahuk shahrigacha etib borgan. Poytaxt Arbilda norozilik namoyishlari oldi olinib, xavfsizlik kuchlari safarbar qilindi. Mahalliy manbalarga ko‘ra, Kurdistondagi Dahuk aholisi guruhlari hukmron partiyalarga qarshi namoyishlarda qatnashish chaqirig‘ini qabul qilishgan hamda to‘planishga urinishgan. Ammo Barzoniy partiyasiga qarashli xavfsizlik kuchlari ularning to‘planishini oldini olib, o‘nlabini hibsga olgan. Manbalar Barzoniy partiyasining Kurdiston viloyati poytaxti Arbil shahriga namoyishlarning etib kelishini oldini olish uchun kuchaytirilgan tartib-choralar ko‘rilganini qo‘shimcha qilishdi.
Namoyishchilar Kurdistondagi ikkala partiyani Bag‘doddan maosh uchun har oy yuborib turiladigan pullarni o‘zlashtirishda aybladilar. Bundan tashqari, viloyatdagi barcha boyliklarni monopoliya qilayotganlikda, muhim vazifalarga Barzoniy va Talaboniyning qarindoshlarini tayinlayotganlikda, shuningdek, viloyat neftini qonunga zid ravishda millionlab dollarda komissiya olish evaziga ajnabiy doiralar foydasiga garovga qo‘yayotganlikda ham aybladilar. Viloyatdagi ishchilarga ko‘ra, kurd hukumati Laham shahridagi ishchilar uchun Bag‘doddan 36 oyga maosh olgan, ammo uni o‘zlariga tegishli tomonlarga sarflab yuborishgan. O‘z navbatida, siyosiy tahlilchi Muhsin Adib «Hurra» veb-saytiga bergan intervьyusida «kurdlarning va ishchilarning vaziyati g‘oyat og‘ir… axir, ishlayotgan odam bir yillik maoshini besh yil davomida olishi aqlga sig‘adimi?!» dedi. «Siz dunyoda 12 yilda to‘rt marta maosh olgan ishchini eshitganmisiz?!», deya qo‘shimcha qildi. Keyin quyidagilarni ta’kidladi: «Turmush darajasi juda yomon. shu bois, demokratiya va viloyatda hokimiyat almashinuvi yo‘q bo‘lib turgan bir paytda namoyishchilarning siyosiy partiyalar va hukumat doiralariga tegishli qarorgohlarni yoqib yuborishlari tabiiy hol».
2014 yilda neftь narxi pastlab ketgandan beri Kurdiston viloyati ishchilari maosh ololmaslikdan qattiq qiynalmoqdalar. Bu Arbil bilan Bag‘dod o‘rtasida neftь daromadlari va uning chegara tushumlari bilan bog‘liq kelishmovchilik sababli bo‘lmoqda. Ya’ni, Bag‘doddagi markaziy hukumat umumiy byudjetdan mintaqa ajratmalarini, shu jumladan, Kurdiston viloyati ishchilarining maoshlarini yuborishdan oldin, Iroq neftini eksport qilish uchun har kuni mintaqaning chorak million barrel neftini «SOMO» kompaniyasiga yuborishini Kurdiston viloyati hukumatiga shart qilmoqda. Viloyat hukumati ayni shartga rozi bo‘lmayapti. Chunki Sulaymoniyadagi aksar kurdlarning fikricha, Barzoniy partiyasi ularning Bag‘dod bilan bo‘lgan kelishuviga to‘siq bo‘lyapti, shu orqali Bog‘dodni kurdlarning haq-huquqini buzayotgan qilib ko‘rsatib qo‘yyapti. Buning natijasi o‘laroq, Sulaymoniyadagi bir necha doiralar ayni krizisdan chiqish uchun turli tanlovlarni ilgari surishmoqda. Masalan, ba’zilar – qaysar Arbil bilan kelishish qiyin bo‘layotgan bir paytda, ishchilar maoshlari xususida markaziy hukumat bilan bevosita va alohida kelishuvga borish kerak, degan tanlovni ilgari sursa, boshqalar – Sulaymoniyani Kurdiston viloyatidan ajratib, mustaqil viloyat qilish kerak, degan tanlovni aytishyapti. Bu ikkinchi tanlov Iroq dasturida muayyan shartlar asosida ruxsat berilgan. Bir vaqtning o‘zida, kurd muxolafati Barzoniy va Talaboniy partiyalarini Kurdiston viloyatidan qazib olingan neftdan kuniga 500 ming barrelini Turkiyaga yashirin sotayotganlikda ayblayapti. Yashirinligini ushbu 500 ming barrel ulushning aksar qismining tushumlari ochiqlanmagan holda maxfiy hisoblarga ketayotgani bilan izohlamoqda. Bundan tashqari, davlat xizmatlari evaziga keladigan «neftdan tashqari daromad», deyilayotgan to‘lovlar, soliqlar hamda Turkiya va Eron bilan bo‘lgan chegara tushumlari ham borki, bularning barchasi Kurdiston viloyatini g‘oyat boy qiladi va shuncha boyliklar bo‘la turib, ishchilar maoshining berilmayotgani shubha paydo qiladi. Darhaqiqat, «Navay Nve» (Yangi Avlod) harakati asoschisi Shasvar Abdulvohid ikkala kurd partiyalarining chegara punktlaridan oladigan tushum-daromadlari oyiga 200 million dollarni tashkil qilishini oshkor qildi. U viloyat boyliklarining talanayotganiga birinchi javobgar Kurdiston Demokratik partiya bilan Milliy Birlik partiyalari ekanini ta’kidlar ekan, Mas’ud Barzoniyning o‘g‘li Masrur Barzoniy chegara punktlarida kontrabanda bilan shug‘ullanib, turk savdogarlariga neftni noqonuniy ravishda sotganligini, neftning qolgan qismini esa, yahudiy vujudiga jo‘natganligini, bu sharmandali ishlarni ikkala kurd partiyalari etakchilari yaxshi bilishlarini aytdi. Shasvarning ta’kidlashicha, ushbu «savdo»lardan tushgan daromadlar viloyat moliya daromadlari ro‘yxatiga kiritilmay, Bag‘doddagi Markaziy bankka o‘tkazilmay, viloyat neftь vaziri ekanligi aytilayotgan Ashtiy Hurramiyning bank hisobiga hamda Barzoniy oilasining Turkiya va Evropa banklaridagi hisoblariga joylangan.
Kurdiston viloyatidagi hokimiyat jinoyatlari faqat neftь kontrabandasiga hamda muassasalarga egalik qilishga cheklanmagan. Balki, Kurdiston Demokratik partiyasidan bo‘lgan deputat ayol Hasina Kahradiyning ochiqlashicha, hokimiyat jinoyatlari davlat bo‘g‘inlaridagi «kelgindilar», deyilayotgan poraxo‘rlargacha cho‘zilgan. Hasina o‘tgan yillar mobaynida xalq nonini tortib olib, viloyat tanasini qurtdek kemirayotgan korruptsiyachilar va «osmonda yuruvchilar» haqida so‘z yuritdi. Uning ta’kidlashicha, bittadan beshtagacha maosh oluvchilar soni 86 ming shaxsni tashkil qiladi, 152 shaxs vazir darajasida xizmatlarini tugatishgan va hech qanday vazirlik lavozimida ishlamagan holda Kurdiston viloyati mahalliy hukumatida pensiya oladi. Ushbu maxsus darajadagilar hukumatdan har oyda besh million maosh oladi. 101 mingdan ziyod shaxs bittadan ko‘p maosh oladi, «kelgindi ishchilar» 55 ming shaxsni tashkil qiladi, temir yo‘l ishchilari bundan mustasno. Viloyat temir yo‘lidagi ishchilar soni ikkala partiya kadrlaridan 32 nafar qayd etgan. Vaholanki, u erda bitta ham poezd yo‘q, faqat davlat molini o‘marishyapti, xolos. Binobarin, Iroqdagi moliyaviy va iqtisodiy korruptsiya haqida gap ketganda bundan Shimoliy Iroq viloyati hokimiyatidagi korruptsiya ham mustasno emas. U erda ham Barzoniy bilan Talaboniy partiyalarning oilalari viloyat hokimiyatidagi hamma bo‘g‘inlarni o‘z qo‘llariga olishgan. Kurdiston Demokratik partiyasi rasmiylari va viloyatning sobiq rahbari qarindoshlari viloyatdagi barcha iqtisodiy va moliyaviy boyliklarga ega chiqishgan… Ular neftь, uning kontrabandasi, chegara postlari daromadlari, aeroportlardan tortib, investitsiya, telekommunikatsiya va internet kompaniyalarigacha, hatto ommaviy axborot vositalarigacha hukmronlik qilishadi. Masalan, ommaviy axborot vositalari Mas’ud Barzoniy oilasi qo‘lida. Ular yigirma yilga yaqin vaqt qudratda turgan otalari nufuzidan foydalangan holda, oldilarida nima uchrasa yamlamay yutuvchi ulkan kitlarga aylanishgan.
Demak, kurdlar muammosi bir davlat qurish yoki mustaqil bo‘lish echimi bilan aslo hal bo‘lmaydi. Chunki bu albatta G‘arb himoyasi ostidagi echimdir. Bundan tashqari, bu echimga kurdlar mavjud bo‘lgan davlatlarning ham roziligi kerak bo‘ladi, chunki bu narsa ayni davlatlar erining birdamligiga tahdid soladi va bo‘linishiga olib keladi. Shuning uchun kurdlar va boshqa millatlarning muammosi faqat Islom Ummati loyihasi doirasida echiladi. Chunki kurdlar ham musulmon, turklar ham. Aksar arablar ham musulmon. Shuningdek, forslar, berberlar, afg‘onlar, pokistonliklar va shularga o‘xshashlarning barchasi Muhammad alayhissalomning Ummatlaridir. Shu bois, ularni Allohning Kitobi bilan Rosulining Sunnatlari asosida birlashishga va roshid Xalifalik ichida bitta Islom Ummatini barpo qilishga da’vat qilmoq kerak. Roshid Xalifalik barchalarini huquq va vazifalarda barobar bo‘lgan fuqarolar sifatida Allohning shariati bilan boshqaradi. Rosululloh ﷺ
«أَلَا لَا فَضْلَ لِعَرَبِيٍّ عَلَى أَعْجَمِيٍّ … إِلَّا بِالتَّقْوَى»
«Arabning ajamdan afzalligi faqat taqvo bilandir», deya marhamat qilganlar. Roshid Xalifalik ularning boyliklariga beparvo qaragan va o‘g‘irlagan har qanday kimsaning qo‘lini kesadi va buzilgan haqlarini, tortib olingan boyliklarini qayta olib beradi, hammalarini farovon hayot va yaxshi boshqaruv bilan ta’minlaydi. Boylik hech qachon qurib bitmaydi, balki u insonlar ehtiyojini bittama-bitta to‘liq qondirishga etarlidir. Asosiy masala bu boyliklarning fuqaro o‘rtasida yaxshi taqsimlash va boyliklar ustidan fuqaroning ega chiqishlariga imkon yaratishdir. Buni kafolatlaydigan, fuqaroga yaxshi turmush tarzi va baxtli hayot beradigan tuzum faqat Islomni hokimiyatga olib chiqish bilan barpo bo‘ladi.
So‘zimiz nihoyasida bugungi kundagi arab, ajam va kurd musulmonlarga aytar so‘zimiz shuki, anavi hukmdorlariga qarshi qo‘zg‘alsinlar va musulmonlarga past nazarda qarayotgan va ularni turli azob-uqubatlarga solayotgan bugungi zaif davlatchalarni ildizi bilan yo‘q qilish orqali islomiy hayotni qayta boshlashga otlansinlar, shuningdek, Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalik davlatini barpo etish uchun Hizb ut-Tahrir bilan birga harakat qilsinlar.
لِمِثْلِ هَذَا فَلْيَعْمَلْ الْعَامِلُونَ
«Bas, harakat qilguvchilar mana shunday (mangu baxt saodat) uchun harakat qilsinlar!» [Soffot 61]
Roya gazetasining 2020 yil 16 dekabr chorshanba kungi 317-sonidan