بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Tinchlik kelishuvimi yoki Sudan ahli qiyinchiliklaridan daromad olib yaralariga tuz sepishmi?!
«Sudan Tribune» veb-saytida (hijriy 1442 yil 29 rabiulavval yakshanba kuni) bunday xabar nashr qilindi:
«Yakshanba kuni Sudan poytaxti Qo‘zg‘olon Fronti etakchilarini qabul qildi, ulardan ba’zilari Xartumni tark etganiga yigirma yil bo‘lgan edi.
Joriy yil 3 oktyabrda hukumat bilan tinchlik kelishuvi imzolagan etakchilarni qarshilash uchun Hurriyat maydonida minglab sudanliklar to‘plandi.
Aeroportga birinchi bo‘lib Mani Arko Munoviy delegatsiyasining maxsus samolyoti qo‘ndi. Undan keyingi reysda Qo‘zg‘olon Frontining Hodiy Idris, Molik Aqqor va Jibril Ibrohimlar etakchiligidagi delegatsiya etib keldi. Ikkala delegatsiya Vazirlar mahkamasi qarorgohiga kelishlaridan oldin ularning sharafiga aeroportda – juda qattiq xavfsizlik choralari bilan birga – rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi.
Bosh vazir Abdulloh Hamduk Qo‘zg‘olon Fronti etakchilarini kutib olib, «Bugun qochqinlar lagerlaridagi azob-uqubatlarni tugatish uchun birinchi qadam tashlanadi», dedi.
«Biz Sudan tarixida birinchi marta shunday bir tinchlikka erishmoqdamizki, shu orqali Sudan inqirozining ildizlarini real shaklda yo‘q qilamiz. Shuningdek, Sudan davlatchiligini qurish masalasiga ham e’tibor qaratib, urush, beqaror rivojlanish va marginalizatsiya bilan bog‘liq muammolarni asl kelib chiqishini hal qilishga harakat qilamiz», deya qo‘shimcha qildi».
Roya:
Bu haqiqiy tinchlik kelishuvi emas. Balki, bu o‘rinlarni qo‘lga kiritish hamda hukumat bilan qurolli harakatlar doxil siyosiy kuchlar o‘rtasida mansablarni bo‘lishib olish kelishuvidir. Bu erda tomonlar butun Sudan viloyatlarini qiynayotgan muammoning ildizini muhokama qilishmadi. Shuningdek, bu qurolli harakatlar ham, qolgan Sudan viloyatlari nomidan imzo chekkanlar ham, o‘tish davri hukumati ham, hech biri Sudan ahlini tamsil etmaydi. Yo‘q, ular mustamlakachi davlatlarning qo‘g‘irchoqlaridan boshqa narsa emaslar. Mustamlakachi davlatlar esa, o‘zlarining shu qo‘g‘irchoqlari vositasida «tinchlik» niqobi ostida Sudanni bo‘lib-parchalashga qaratilgan o‘z rejalarini amalga oshirishga harakat qilishmoqda.
Bundan tashqari, ayni kelishuv – hukumat odamlarni ishontirayotganidek – iqtisodiy vaziyatni aslo yaxshilamaydi. Aksincha, iqtisodiy krizisni murakkablashtirishi mumkin. Masalan, yangi vazirlik ochiladi va 300 yoki undan ko‘p a’zo doxil qonunchilik kengashi tuziladi va suveren kengashda ham qo‘shimcha 3 o‘rin tashkil etiladi. Bu shaxslarning barchasi hokimiyatdan yog‘li ulushga ega bo‘lishni istashadi. Masalan, ular egallaydigan o‘rin va maoshlarni odamlar turli to‘lov va soliqlar bilan to‘lashadi, bu esa, ularning yanada kambag‘allashishlariga, azob-uqubatlar tortishlariga olib keladi.
Roya gazetasining 2020 yil 25 noyabr chorshanba kungi 314-sonidan