“So‘z erkinligi” atamasi nimani anglatadi?

327
0

“So‘z erkinligi” atamasi nimani anglatadi?

G‘arb o‘z hazoratini musulmonlarga tiqishtirish asnosida turli jimjimador so‘zlardan foydalanishga harakat qiladi, masalan “so‘z erkinligi” kabi. Ayrim musulmonlar “so‘z erkinligi” deganda faqat hokimiyat tabaqani bemalol muhosaba qilish, ular qilayotgan ishlarning noqonuniy ekanligini ochiq ayta olish, hech qanday tazyiqsiz siyosatchilarni tanqid qila bilish va shunga o‘xshash narsalarni tushunadilar. Ayniqsa, bu tushuncha hokimiyat tabaqa qarshisida o‘z fikrini ayta olmaydigan, aytgan taqdirda ham fikri bir chaqaga olinmaydigan, bu ham etmaganday tazyiq va quvg‘inlarga uchraydigan musulmonlar ongida “so‘z erkinligi”ga nisbatan yaxshi tasavvur paydo qiladi. Bu esa, aksar musulmonlarda “so‘z erkinligi” Islomga zid emas, degan tushuncha yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Aslini olganda so‘z erkinligi haqidagi bunday fikrlash juda tor fikrlashdir. Agar biroz kengroq fikr yuritiladigan bo‘lsa, G‘arb olg‘a surayotgan “so‘z erkinligi”  umuman islomga zidligi ayon bo‘ladi. Chunki bu siyosatchilarni tanqid qilish bilan cheklanib qolmaydi. Balki, “so‘z erkinligi” kufr so‘zlarini ochiq aytish, Islomiy aqidaga zid keladigan har qanday fikrga chaqirish, sudxo‘rlik, zinokorlikni targ‘ib qilish, shuningdek teleseriallar orqali turli xil buzg‘unchiliklarni ziynatlab ko‘rsatish, va hokazolarni ham o‘z ichiga oladi.

Bundan tashkari Islomda hokimlarni muhosaba qilish so‘z erkinligi doirasiga kirmaydi, balki bu amri-ma’ruf va nahi-munkar bo‘lib, Musulmonlarning vazifasidir. Agar so‘z erkinligi bo‘lganda, istagan kishi hokimlarni muhosaba qilib, istamagan qilmay qo‘yaverishi mumkin bo‘lardi. Vaholangki Rosululloh A shunday marhamat qildilar:

“مَنْ رَأَى مِنْكُمْ مُنْكَرًا فَلْيُغَيِّرْهُ بِيَدِهِ، فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِلِسَانِهِ، فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِقَلْبِهِ، وَذَلِكَ أَضْعَفُ الْإِيمَانِ”

“Qay biringiz biron yomon ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin. Bunga kuchi etmasa, tili bilan o‘zgartirsin. Agar bunga qodir bo‘lmasa, qalbi bilan o‘zgartirsin. Bunisi esa iymonning o‘ta zaifligidir”. (Muslim rivoyati).

Hadis umumiy bo‘lib hokimlarni muhosaba qilishni ham o‘z ichiga oladi.

To‘g‘ri, musulmon kishi har qanday ishda va har qanday masalada o‘z fikrini bildirishi mubohdir. Biroq, u o‘z fikrini namoyon etar ekan, Islomiy aqida doirasidan chiqmasligi shart. Masalan “o‘z fikrini bildirish muboh” deya shar’iy ahkomlarni tanqid qilinishiga aslo yo‘l qo‘yilmaydi.

Ammo shuni unutmaslik kerakki, G‘arbning musulmonlarga tiqishtirayotgan “so‘z erkinligi” aldov va hiyladan boshqa narsa emas. G‘arb qachon Musulmonlarni haqorat qilsa, “so‘z erkinligi”ni ro‘kach qiladi, o‘zlariga kelganda esa, “so‘z erkinligi”ni unutadi. Masalan bugungi kunda Payg‘ambarimiz ni karikatura qilinganda so‘z erkinligi deb vaysashmoqda. Ammo tarixchi Devid Irving yahudiylar kuydirilgan natsistlar krematoriylarini inkor qilganligi va xolokost masalasiga e’tiroz bildirganligi uchun uch yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Frantsuz faylasufi Roje Garodi ham sionistlarning da’volarini rad qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi, “so‘z erkinligi” esa chetga surib qo‘yildi.

Shuni aytib o‘tish lozimki, BMTning xalqaro huquqlar kengashi 2008 yil maxsus qaror qabul qilgan. Mazkur qarorning 19-moddasi “Islom dinini tahqirlashga ortiqcha erk berib yuborishni ta’qiqlash” haqidagi talablarni rad etish uchun chiqarildi. Bu modda har qanday insonga hech qanday tazyiqsiz dinlarni erkin tanqid qilish huquqini beradi. Biroq ayni qarorning 20-moddasida esa “diskriminatsiya, dushmanlik, zulmga targ‘ib qilishni ifodalaydigan milliy, irqiy va diniy nafratga bo‘lgan har qanday chaqiriq taqiqlanadi”, deyilgan.

Buni qarangki, qachon Islomga hujum qilish, uni tahqirlash va obro‘sizlantirish yuz bersa yoki Rosululloh A karikatura qilinsa 19-moddadagi so‘z erkinligi olg‘a suriladi. Ammo Islom ahkomlarini hayotga tatbiq qilishga da’vat qilinsa 20-moddaga ko‘ra boshqa dinlarni tahqirlash, deb topilib darhol ta’qiqlashga kirishiladi. Mana shundan ko‘rinib turibdiki, so‘z erkinligi kabi yaltiroq so‘zlar va xalqaro qonunlar mustamlakachi G‘arb davlatlarining mafaatiga xizmat qilish uchun bir qurol vazifasini o‘taydi, xolos. Shuning uchun Musulmonlar ko‘zlarini yana-da kattaroq ochib bunday soxta da’volarni rad etishlari va Islomdan boshqasidan yuz o‘girishlari lozim.

Qiyomuddin Sharif

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.