Qirg‘izistonda siyosiy bo‘shliq uzoq davom etsa “kontrrevolyutsiya” boshlanib ketishi mumkin
Qirg‘izistonda navbatdagi davlat to‘ntarilishi bo‘lib o‘tayapti. Prezident, bosh vazir, spiker singari rasmiy etakchilar qochib ketishdi yoki berkinib olishdi. Lekin har bir siyosatchi va partiya etakchilari hokimiyatni o‘zi tomonga tortish uchun harakatlar olib borayapti. Ularning deyarli har biri o‘z tarafdorlarini Bishkekka chaqirib olib, to‘palonchi yosh kuchlar vositasida mamlakatni shantaj holatida ushlab turish yo‘li bilan o‘zlari uchun mansab talab qila boshlashdi.
Bir tomonda Adaxan Madumarovni boshliq qilib saylab olgan koordinatsiyalik kengash tuzilgan bo‘lsa, ikkinchi tomonda Sadir Japarovni qo‘llagan kuchlar parlament vakillarini to‘plab, uni bosh vazir qilib saylab oldi. Uchinchi tomonda maydonga minglagan g‘arbparast yosh-kuchlar to‘planib Tilek Toktogazievni bosh vazir bo‘lishini talab qilishyapti. Ularning birortasi ikkinchi tomonni tan olmay, har biri o‘z tarafdorlarini poytaxtda ushlab turish bilan xalqqa va boshqa alternativ kuchlarga bosim o‘tkazmoqchi bo‘lishyapti. Bu holat mamlakatda o‘ta havfli vaziyatni paydo qilib, agar holat o‘zgarmasa, to‘palonchi yoshlar o‘rtasida moddiy, balki qurolli to‘qnashuvlar paydo bo‘lishi mumkin.
Qirg‘iziston xalqiga murojat qilib shuni aytamizki, bu tuzumni isloh qilish yoki mavjud siyosatchilarni biror kresloga o‘tirgizib qo‘yish farzandlarimizning jonini tikib yuborishimizga arzimaydi. Bu tuzum asosidan “hokimiyat xalqniki” degan yolg‘on aqidaga qurilgan bo‘lib, etakchi guruhlar bir biri bilan hokimiyat talashayotganida xalqning quvvatidan foydalanishga harakat qilishadi xolos. Boshqaruv sistemasida esa hatto xalq bilan maslahatlashish mexanizmi mavjud emas. Bunga misol sifatida Bishkekda to‘palon olib borayotgan siyosatchilarning har biri, ortida turgan to‘palonchi olomonning talabini xalq talabi deb ko‘tarishayapti. Agar bu guruh yoki jamoaning talabi xalq talabi bo‘lsa, yonida turgan boshqa guruhlar yoki uyida o‘tirgan boshqa fikrda bo‘lgan odamlarning fikri kimning fikri deb qaraladi. Demak xalqning nomidan gapirayotgan bu olomonni bir shaxs yoki guruh o‘z maqsadi yo‘lida boshqaryapti.
Qirg‘iziston davlatchiligi krizis holatida turibdi, mamlakatda siyosiy bo‘shliq paydo bo‘ldi. Bunga sabab G‘arbparast tahlilchilar aytishayotganidek xalqning mintaliteti yoki siyosiy ongining zaifligi emas! balki G‘arb berkitishga harakat qilayotgan uning kapitalizmga asoslangan boshqaruv sistemasining yaroqsizligidir.
Hozir siyosiy etakchilikka yana yangi kuchlar kelishyapti. Hali hokimiyatga kelmay turib ularning har birida har xil yolg‘on, firibgarlik, xudbinlik elementlari ko‘rina boshladi. Bu ularning shaxsiyatlarining buzuqiligi kasofatidangina emas, balki ular bu sistemada hokimiyatga kelishning boshqa chorasini topa olishmayotganidandir. Demak hokimiyatga kelgan hatto toza niyatli siyosatchi ham, boshqaruvda yolg‘on va xiyonat yo‘liga qadam qo‘yishdan boshqa chora topa olmaydi! Hatto bizning mamlakatlar intilayotgan G‘arbdagi etuk davlatlarda ham ahvol xuddi shunday. Ko‘rinishlar, holat va uslublar boshqacharoq bo‘lishi mumkin, lekin boshqaruv mexanizmi va boshqaruvni qo‘lga kiritish yo‘llari asosda ham, boshqaruvda ham bir xil. Ular ham xalqini “boshqaruv xalqniki” degan yolg‘on shiorlar bilan aldab, shaxsiy maqsadlari yo‘lida ko‘chaga olib chiqishadi.
Xulosa qilib aytsak, hokimiyatga qaysi bir guruhning kelishi bilan muammo tubdan echilib ketmaydi. Har qanday etakchi shaxs ko‘p o‘tmay Akaev, Bakiev, Atambaev, Jeenbekovning yo‘liga tushib oladi. U ham, tashqi qarzlarni to‘lash uchun strotegik joylarni sotishga majbur bo‘ladi. Atrofidagi kuchli guruhlarni rozi qilish uchun korruptsiyaga yo‘l beradi. Byudjetni to‘ldira olmay qolganida tashqi davlatlardan har xil yolg‘on bahonalar bilan qarzlar olishga majbur bo‘ladi. Bu olamiy boshqaruv sistemasining o‘zgarmas mexanizmi bo‘lib, hech kim inkor qila olmaydigan haqiqatdir! Demak faqat siyosiy shaxslar, yangi ochko‘z nafslar o‘zgaradi xolos!
Abdurazzoq Mo‘’min.