Peskov: KXShTning bir a’zosiga bo‘ladigan tahdid barcha ishtirokchilar uchun xatarlidir

288
0

Peskov: KXShTning bir a’zosiga bo‘ladigan tahdid barcha ishtirokchilar uchun xatarlidir

 Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)ga a’zo istalgan davlatga bo‘ladigan tashqi tahdid barcha ishtirokchi davlatlar uchun xavf tug‘diradi, deb xabar qildi RF prezidenti matbuot-kotibi Dmitriy Peskov.

 Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko agar Ittifoq davlatning g‘arbiy chegarasida “qimirlashsa”, Minsk va Moskva qo‘shma qurolli kuchlar uyushmasini ishga solishlari haqida bayonot qilgan.

 Belarusda Rossiya o‘z harbiy bazasini joylashtiradimi, degan savolga javob berar ekan, Peskov bu masala kun tartibidan o‘rin olmaganini ta’kidlagan.

 Sal oldin RF TIV rahbari Sergey Lavrov, nega Rossiyani Belarusdagi voqealar tashvishga solayotgani haqida to‘xtalar ekan, “Minsk – RFning strategik sherigi” ekanligini qayd etib o‘tgan edi.

 Izoh: 9-avgust kuni Belarusda bo‘lib o‘tgan navbatdagi prezidntlik saylovida mamlakatni 1994-yildan beri boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko (80,08% ovoz bilan) g‘alaba qozonishi ortidan boshlanib ketgan norozilik namoyishlari bugunga qadar to‘xtagani yo‘q.

 Aleksandr Lukashenkoni g‘alaba bilan birinchi bo‘lib Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Si Tszinpin tabrikladi. Uning ortidan Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqaev va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ham Aleksandr Lukashenkoni g‘alabasi bilan tabrikladi. Ammo Lukashenkoning “g‘alabasi” AQSh va Evropa davlatlarini qonatlantirmadi. Shu sababli ham g‘arb davlatlari saylov natijalarini tan olmaslik yo‘lini tutishdi. Bu yo‘lda ular o‘zlarining ishonchili quroli “demokratik” huquqlarni ro‘kach qilishdi.

 Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy Belarus hukumati va namoyishchilarni ochiq muloqot qilishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, zo‘ravonlikning avj olishi “o‘ta og‘ir oqibatlarga olib keladi”.

 BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish mamlakat rasmiylarini “tinchlikni saqlashga va odamlarning tinch yig‘ilishlarga bo‘lgan huquqlarini hurmat qilishga” chaqirmoqda. Shuningdek, u fuqarolar bu huquqdan tinchlik va qonunni buzmasdan foydalanishning muhimligini ta’kidladi.

 AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo Belarusdagi saylovlarni erkin va adolatli emas deb atadi. AQSh hukumati Belarus hukumatini tinch yig‘ilishlar huquqini hurmat qilishga va kuch ishlatmaslikka chaqirdi.

 Evropa Kengashi Parlament Assambleyasi Xendrik Dams Belarus saylovlarining haqqoniyligini shubha ostiga qo‘ydi. U, shuningdek, “tinch namoyishchilar, faollar va jurnalistlarni keng qamoqda ushlab turilishi”ga e’tibor qaratib, “muddatidan oldin saylov o‘tkazishning barcha tartibi” ni shubha ostiga qo‘ydi.

 Germaniya Vazirlar Mahkamasining ta’kidlashicha, prezident saylovlari paytida demokratik saylovlar uchun minimal standartlarga rioya qilinmagan. “Shu munosabat bilan, Belarusь EXHT kuzatuvchilarining ishlashi uchun hech qanday imkoniyat bermaganidan juda afsusdamiz. Mamlakat siyosiy rahbariyati xalqning xohish-irodasini qabul qilishi kerak”, – dedi Germaniya Vazirlar Mahkamasining rasmiy vakili Shtefen Zaybert…

 Demak, bundan xulosa qilish mumkinki, endilikda AQSh va Rossiya manfaatlari belorus xalqi ustida to‘qnash kelmoqda. AQSh Belarusdagi saylov natijalarini tan olmaslik va qayta saylov o‘tkazish va shu yo‘l bilan hukumat tepasiga o‘ziga qarashli odamni olib kelish orqali imkon qadar Rossiyaning “tumshug‘i ostiga qadar” kirib kelishga harakat qilayotgan bo‘lsa, Rossiya garchi o‘rtadagi ayrim kelishmovchiliklar bo‘lsa ham Lukashenkoni saqlab qolish orqali o‘zining “himoya buferini” saqlab qolmoqchi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.