بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
FIQH
Fiqhga ulamolar: «fiqh – tafsiliy dalillardan istinbot qilinadigan amaliy shar’iy masalalarni bilish» deb ta’rif berishgan. Faqih esa, hukmlarni biluvchi olim bo‘lib, hukmlarni bilib qo‘yishning o‘zi emas, balki shar’iy hujjatlardan chiqib kelishini bilish, shar’iy hukmlarga nisbatan malaka xosil bo‘lishidir. Ya’ni mana shu hukmlarni shar’iy nususlardan qanday chiqib kelayotganini, qaysi voke’likka qarata shar’iy taklif qilinayotganini bilish va ular haqida chuqur izlanish hamda bu shaxsda malaka xosil bo‘lish darajasiga etishdir. Shu malaka (qobiliyat)ni paydo bo‘lishining o‘zi, uni “faqih” deb nomlashga kifoyadir. Barcha hukmlarni hammasini bilishi shart emas. Biroq nazar yuritish va dalil keltirish bilan far’iy shar’iy hukmlardan biror majmu’asini bilishi zarur. Shuning uchun bitta yoki ikkita hukmni bilish fiqh deb nomlanmaydi. Hamda “Qur’on”, “hadis” yoki “ijmo” kabi dalillarning turlarini hujjat ekanligini bilish ham fiqh deb nomlanmaydi. Gohida fiqh so‘zi ishlatiladi va undan fiqh kitoblari, ya’ni tafsiliy dalillardan istinbot qilingan far’iy, amaliy hukmlar majmu’asi iroda qilinadi. Gohida fiqh ilmi deyiladi va undan far’iy amaliy hukmlar majmu’asini bilish iroda qilinadi.
Haqiqiy mo‘mindan har bir ishni qilishdan avval Xojasi – Alloh Taolo – ning shu masaladagi hukmni bilib, so‘ng o‘sha talabga muvofiq holda amalga kirishishi qat’iy talab qilinadi, chunki «amallardagi asl shar’iy hukmga bog‘lash»dir. Masalan: bir nechta ishchilar xoh mehnatda, xoh mulkda mo‘minlarga loyiq sherik bo‘lib ishlashlari, Alloh Taolo man qilgan harom sherikchilikka qadam qo‘yishlaridan saqlanishlari uchun avvalo Islomdagi sherikchilik turlarini, hukmlarini yaxshilab o‘rganishlari, so‘ngra Islomdagi o‘sha sherikchilik turlaridan qay biri o‘zlariga muvofiq bo‘lsa, o‘sha sherikchilikni tanlab olib, o‘sha asosida sherikchilik ishlarini boshlashlari Allohga bo‘lgan qulliklarini tan olishdir, ya’ni haqiqiy mo‘minlikdir.
Fiqh Islom siyosatining asosidir, usiz Islom siyosatini yurgizib bo‘lmaydi. Shuning uchun siyosat bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan mo‘min Islomdagi iqtisod, ijtimo, ta’lim-tarbiya, boshqaruv yoki ajrim(sud) ishlarini yaxshilab o‘rgangandan keyingina siyosat maydonida shariat ko‘rsatmasi asosida harakat qilishga qodir bo‘ladi. Aksincha uning olib borgan siyosati kufr siyosati bo‘ladi va odamlarda nafratlanishni namoyon qilayotgan siyosatlardan farq qilmaydi. Chunki islomiy siyosat odamlarning aloqa va munosabatlari(ishlari)ni islomiy ahkomlar va muolajalar asosida boshqarmoqdir. Muslim Abu Hozimdan keltiradi: Men Abu Hurayra bilan besh yil hamsuhbat bo‘ldim va u kishidan Rasululloh(s.a.v)ning shunday deganlarini eshitdim:
«كَانَتْ بَنُو إِسْرَائِيلَ تَسُوسُهُمُ الأنْبِيَاءُ, كُلَّمَا هَلَكَ نَبِيٌّ خَلَفَهُ نَبِيٌّ, وَإِنَّهُ لا نَبِيَّ بَعْدِي, وَسَيَكُونُ خُلَفَاءُ فَيَكْثُرُونَ,
قَالُوا: فَمَا تَأْمُرُنَا؟ قَالَ فُوا بِبَيْعَةِ الأوَّلِ فَالأوَّلِ, أَعْطُوهُمْ حَقَّهُمْ فَإِنَّ اللَّهَ سَائِلُهُمْ عَمَّا اسْتَرْعَاهُمْ»
«Banu Isroilga payg‘ambarlar siyosat yurgizardi. Qachon bir payg‘ambar halok bo‘lsa, ortidan boshqa bir payg‘ambar kelardi. Mendan keyin esa payg‘ambar yo‘q. Xalifalar bo‘ladilar. Ular ko‘p bo‘ladilar. Sahobalar bizni nimaga buyurasiz? – deb so‘rashdi. Aytdilarki: Eng birinchisining, yana birinchisining bay’atiga vafo qilinglar. Ularga haqlarini beringlar. Zero, Alloh ulardan fuqarolarini qanday boshqarganlari haqida so‘raydi».
Rosululloh(s.a.v) buyuk siyosiy arbob bo‘lganlar, hatto kufr ahli ham buni tan oladi. Lekin biror ishni vahiydan tashqarida – o‘z bilganicha, johiliy urf bo‘yicha yoki boshqa xalqlar siyostidan olib – qilmaganligi hammaga ayon. Har bir qilgan ish-amallari, gap-so‘zlari, hatto ashoblarining ba’zi ishlariga sukut qilishlari ham faqat vayhdandir. Bunga vahiy ma’lum bir muddat to‘xtab qolgan vaqtda Rosululloh(s.a.v) vahiyni kutishdan boshqa hech bir ish qilolmagan hodisalarni dalil qilishimiz mumkin. Alloh Taolo aytadi:
وَمَا يَنْطِقُ عَنْ الْهَوَى() إِنْ هُوَ إِلَّا وَحْيٌ يُوحَى
U o‘z havoyi-xohishi bilan so‘zlamas. U faqat vahiy qilinayotgan vahiydir. [53:3-4].
Endi vahiy kutishga hojat yo‘q, risolat mukammal bo‘lib, Qiyomatgacha vahiy to‘xtalilgan. Islom insonning hayotdagi hamma ishlarini mukammal bayon qilgan. Bu sohada ozgina shubha qilish kufr ekanligiga quydagi oyat asos bo‘ladi:
وَيَوْمَ نَبْعَثُ فِي كُلِّ أُمَّةٍ شَهِيدًا عَلَيْهِمْ مِنْ أَنفُسِهِمْ وَجِئْنَا بِكَ شَهِيدًا عَلَى هَؤُلَاء
وَنَزَّلْنَا عَلَيْكَ الْكِتَابَ تِبْيَانًا لِكُلِّ شَيْءٍ وَهُدًى وَرَحْمَةً وَبُشْرَى لِلْمُسْلِمِينَ
(Qiyomat kuni) har bir ummat orasidan o‘zlaridan bo‘lgan bir guvohni (ya’ni, payg‘ambarni) keltirurmiz. Sizni esa (ey Muhammad), ana u (o‘z ummatingizga) guvoh qilib keltirdik va sizga — hamma narsani bayon qilib beruvchi, hidoyat, rahmat va musulmonlar uchun xushxabar bo‘lgan Kitobni – Qur’onni nozil qildik. [16:89]
Siyosatni yoki iqtisodni boshqa xalqlardan o‘rganish fosiqlik bo‘lib, “siyosatni yoki iqtisod nizomini boshqalardan o‘rganib, o‘zimizni kuchaytiramiz yoki kamchiliklarimizni to‘ldiramiz” deb qasddan aytgan har qanday insonni dindan chiqib qolishiga yuqorida keltirilgan oyat dalil bo‘ladi. To‘g‘ri Islom iqtisod ilmiga emas, balki iqtisodiy tuzumga, ya’ni iqtisod siyosatiga e’tibor qaratadi, boylikdan foydalanish va shu manfaatga egalik qilish kayfiyatini bahs mavzusi deb biladi. Ammo boylikni ishlab chiqarish, o‘stirishga hamda manfaatning vositalariga mutlaqo aralashmaydi. Shundan ma’lum bo‘ladiki, neft, yog‘och yoki temir kabi narsalarni qanday ishlatish va boyitishni boshqa xalqlardan olish joiz, chunki Anas(r.a.) dan rivoyat qilinishicha, Rasululloh(s.a.v) xurmoni changlatish mavzusida shunday deganlar:
«أَنْتُمْ أَعْلَمُ بِأَمْرِ دُنْيَاكُمْ»
«Dunyoviy ishlaringizni sizlar yaxshiroq bilursizlar». Va yana rivoyat qilinishicha, Rasululloh(s.a.v) ikkita musulmonni qurol ishlab chiqarishni o‘rganish uchun Yamanga jo‘natganlar.
Lekin iqtisod siyosatini boshqa xalqlardan olish mutlaqo harom. Chunki Islom mulkka ega bo‘lishni mehnat, meros, yashash uchun mol-mulkka bo‘lgan ehtiyoj, davlat o‘z mollaridan xalqqa berishi va shaxslar mol yoki mehnat sarflamay oladigan mollar bilan cheklab qo‘ygan. Ya’ni mulkka egalik: «Egasiga biror narsadan foydalanishga va uning evaziga boshqa narsa olishiga imkon berilishini taqozo qiluvchi, foyda yoki narsa bilan belgilangan shar’iy hukm», deb ta’riflanadi. Shunga binoan mulkka egalik – foyda yoki narsa bilan belgilangan shar’iy hukm, ya’ni u Ollohning iznidir. Iqtisodiy siyosat insonlar ishlarini rejalashtirishni muolaja qiladigan hukmlardan ko‘zlangan maqsaddir. Islomdagi iqtisodiy siyosat har bir shaxsning barcha asosiy ehtiyojlarini to‘liq qondirilishini kafolatlash hamda shaxslarga kamoliy ehtiyojlarini mumkin qadar qondirish imkonini berishdan iborat. Shuning uchun Islom siyosatini boshqalardan o‘rganish mumkin emas, shar’iy jihatdan esa haromdir. Chunki Rosululoh(s.a.v) hatto Muso(a.s.)ning siyosatini o‘rganishni ham qattiq man qildilar. «Rasululloh (s.a.v.) Umar ibn Xattob Tavrotning bir bo‘lagiga qarab turganini ko‘rib g‘azablandilar va: «Buning o‘rniga oppoq, sof Kitobni keltirmadimmi?! Agar birodarim Muso tirik bo‘lganida, faqat menga ergashgan bo‘lar edi», – dedilar».
Islomiy yurtlardagi xozirgi siyosat – hokimlar Ummatning huquqlarini oyoq osti qilgan yoki Ummat oldidagi o‘z vazifasi va burchlarini bajarishga sovuqqonlik bilan qaragan yoki Ummatning ishlaridan birortasiga beparvolik qilgan yoki Islom ahkomlariga zid siyosat yurgizgan paytda ularga qarshi chiqish, noto‘g‘ri ishlarini ochib tashlash, ularni muhosaba qilish va qarshilik ko‘rsatishlarda, hamda ularning kufr qonun va nizomlarini tatbiq qilishga asoslangan boshqaruvni yo‘q qilib, o‘rniga Islom boshqaruvini barpo qilishga harakat qilishda namoyon bo‘ladi. Har bir musulmonga hayotida zarur bo‘ladigan shar’iy hukmlarni bilish farzi ayndir. Chunki u o‘z ishlarini shariat hukmlariga muvofiq qilishga buyurilgan. Siyosat bilan shug‘ullanishni maqsad qilgan mo‘minga esa, Ummat hayotidagi hukmlarni ham bilishi zarur, ya’ni fiqhni bilish farzdir. Buxoriy Muoviya ibn Abu Sufyondan rivoyat qildi: Rosululloh dedilar:
«مَنْ يُرِدِ اللَّهُ بِهِ خَيْرًا يُفَقِّهْهُ فِي الدِّينِ»
«Alloh kimga yaxshilikni ravo ko‘rsa uni dinda faqih qilib qo‘yadi».
G‘arib Muslim.