AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili O‘zbekistonga tashrif buyuradi
AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod Pokiston, Qatar va O‘zbekistonga tashrif buyurib, Afg‘onistondagi “tinchlik jarayoni”ni muhokama qiladi. Bu haqda AQSh Davlat departamenti xabarida aytilgan.
Afg‘oniston masalasi Rossiya va AQSh o‘rtasidagi asosiy strategik nuqta xisoblanadi. Chunki, AQShning Markaziy Osiyodagi manfaatlarni qo‘lga kiritishida, Rossiyaning bo‘lsa o‘z ta’sirini ushlab qolishida Afg‘oniston muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston esa xozirda ikki yirik xalqaro siyosiy o‘yinchilar o‘rtasida qoldi. O‘zbekiston strategik jihatdan muhim nuqtada joylashgan bo‘lib, Markaziy Osiyoning asosiy strategik yo‘nalishiga ta’sir ko‘rsata oladigan va tabiiy resurslarga boy davlatdir. AQSh, Rossiya va Xitoy o‘rtasida borayotgan xalqaro siyosatdagi geosiyosiy kurashi Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston ustida to‘qnash kelmoqda.
AQSh Markaziy Osiyoni Afg‘oniston orqali olamiy bozorlarga olib chiqish bilan, ham iqtisodiy, ham siyosiy manfaatlarni qo‘lga kiritmoqchi. Bu loyiha amalga oshsa, AQSh butun mintaqani Rossiyaning iqtisodiy ta’siri ostidan olib chiqa oladi. Chunki bu butun olamga aynan faqat Rossiya orqali chiqish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar uchun alternativ yo‘l bo‘lib, Markaziy Osiyoni Rossiya va Xitoyning iqtisodiy mustamlakasi ostidan chiqarib yuborishi mumkin. Bu AQSh uchun ham iqtisodiy, ham siyosiy manfaat olib kelishi mumkin bo‘lgan muhim loyihalardan hisoblanadi. Buning uchun esa Afg‘onistonda tinchlik hukm surishi zarur. Shu sababli ham Amerika Tolibon bilan tinchlik muzokaralariga kirishib, minglab toliblarni ozod qilinishiga rozi bo‘ldi. O‘zbekistonni esa shu tinchlik muzokaralarida vositachilardan biri qilib tanladi.
Abudrahmon Odilov