Qirg‘iziston Xitoydan qarzlarni to‘lashda engillik berilishini iltimos qildi

421
0

Qirg‘iziston Xitoydan qarzlarni to‘lashda engillik berilishini iltimos qildi

 Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov xitoylik hamkasbi Van I bilan 26 mayda telefon orqali qilgan muloqotida Xitoyga qarzni to‘lash masalasini muhokama qildi.

 “Chingiz Aydarbekov koronavirusning Qirg‘iziston iqtisodiyotiga keltirgan zararini hisobga olgan holda, hamkasbi Van Ini Xitoydan olingan qarzlarni to‘lashda engillik berish masalasiga e’tibor qaratishga chaqirdi”, – deyiladi Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotida.

 Joriy yilning aprelida prezident Sooronbay Jeenbekov ham Xitoy rahbari Si Tszinьpin bilan telefon orqali suhbatlashib, Xitoydan olingan qarzlarni to‘lashda Qirg‘izistonga engillik berilishini iltimos qilgan edi.

 Izoh: Rasmiy xabarlarda aytilishicha, Qirg‘izistonning tashqi qarzi 4 milliard 700 million dollarni tashkil qiladi. Bu qarzning 1 milliard 700 million dollari Xitoydan olingan. Moliya vazirligining xabariga ko‘ra, Qirg‘iziston joriy yilda tashqi qarzlarni to‘lash uchun 28 milliard som (350 million dollar) ajratishi zarur. Avval Jeenbekov, endilikda tashqi ishlar vazirining Xitoydan qarzlarni to‘lashda engillik berishini iltimos qilishidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, to‘lanadigan tashqi qarzning katta qismi Xitoyga berilishi kerak bo‘ladi. Ammo, Xitoy hukumati hozircha Jeenbekov iltimosiga hech qanday munosabat bildirmadi. Xitoy bergan qarzidan voz kechmasligi aniq, faqat to‘lov muddatini kechiktirib turish ehtimoli bo‘lishi mumkin. Shunda ham Xitoy Qirg‘izistondan evaziga biron narsa talab qiladi. Masalan, o‘z vaqtida Qirg‘iziston Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT)da Xitoyning Shinjonda olib borayotgan siyosatini qo‘llab chiqqan va bu orqali o‘zini Xitoy oldida “tili qisiqligi”ni oshkor etgan edi.

 Ma’lumki, Xitoy kabi yirik davlatlar Qirg‘iziston singari “uchinchi dunyo” davlatlariga hech qachon sanoat rivoji uchun qarz berishmaydi. Chunki ular qarz berishdan avval beriladigan mablag‘ni san’at, madaniyat, obodonlashtirish yoki sport majmualari kabi davlatga daromad keltirmaydigan sohalarga sarflashni shart qilib qo‘yadi. Natijada qarz muddati tugagach, olingan mablag‘ u yoqda tursin, hatto uning ustama foizini to‘lashdan ojiz bo‘lib qolgan mamlakat mustamlakachi davlatga qaram bo‘lib qolaveradi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.