بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Liviya ustidagi kurash regional urush keltirib chiqaradimi?!
Yaqin Sharq mintaqasi va Shimoliy Afrikadagi eng xavfli kurashlardan biri, bugun Liviyada bo‘layotgan kurashdir. Uning eng xavfliligiga sabab, avvalo ayni mintaqa strategik ahamiyat kasb etadi hamda Misrga yaqin bo‘lib, Shimoliy Afrikadagi bir necha davlatlarning o‘rtasida joylashgan. Bu davlatlardan biri Jazoir. Shu bilan birga, Liviya ko‘plab tabiiy boyliklarga, asosan, neftga boy davlat hisoblanadi. Ikkinchidan, bu mintaqada, ayniqsa, 2011 yil qo‘zg‘olonidan so‘ng davlatlararo siyosiy kurash ketmoqda va bu kurashda xalqaro pozitsiyada faol davlatlar qatnashyapti, asosan AQSh va Evropa davlatlari. Bu kurash xavfini yanada orttirayotgan narsa unga regional okeandan bir necha davlatlar bilan birga Fors Ko‘rfazi davlatlari ham harbiy jihatdan aralashyapti. Hali bu kurash yanada kuchayib, kelajakda ayni davlatlar o‘rtasida regional urushga aylanishi mumkin.
Darhaqiqat, bir necha rasmiylar Liviya nizolashayotgan guruhlar o‘rtasidagi bu kurashning xavfli regional kurashga aylanishidan, uning olovi bir necha qo‘shni davlatlarga ham tutashib ketishidan ogohlantirdi. Masalan, 2019 yil 23 dekabrda «Vashington post»da nashr qilingan «Regional urushni Rossiyaning Liviyaga aralashuvi keltirib chiqaradi», nomli maqolada bunday deyilgan: « Rus yollanma askarlarining Liviya sharqini nazorat qilayotgan armiya qo‘mondoni Xalifa Haftarga berayotgan yordami qator hodisalarni keltirib chiqardi. Masalan, ruslar yordami poytaxt Tripolini egallashga qaratilgan urush olovini alangalatib, mintaqada geografik va ideologik hamda neftь va gaz zaxiralari bilan bog‘liq urushni qo‘zg‘atishi mumkin». 2020 yil 4 yanvarda Liviya parlamenti deputati Said Img‘ib o‘z bayonotida Turkiyaning aralashuvidan va buning turk parlamenti tomonidan ma’qullanganligidan ogohlikka chaqirib, bunday dedi: «Endi bu masala faqat Liviya xalqiga tegishli emas. Zero, turk parlamenti buni ma’qullar ekan, bu masala butun olamga aloqali ishga aylandi. Chunki ularning bu ishi qo‘shni davlatlarning va O‘rta er dengiziga tutash boshqa davlatlarning milliy xavfsizligiga tahdid hisoblanadi». Arab davlatlari Ligasiga kelsak, u ham turk parlamenti qarori ortidan chiqargan bayonotida «bunday jangovar keskinlik u erdagi tang vaziyatni yanada kuchaytirmoqda hamda Liviya qo‘shinlari va umuman mintaqaga, shu jumladan, O‘rta er dengizi xavfsizligi va barqarorligiga tahdid solmoqda», dedi. So‘ng «Liviyaga xavfsizlik va barqarorlikni qaytarishning yagona echimi siyosiy echim bo‘lib qolayotgani»ga e’tibor qaratdi.
Liviyadagi kurashni hal etish masalasi, faqat Liviyaning masalasi emas. Maqsad faqat Liviyaga hukmron bo‘lish ham emas. Bu erda xalqaro siyosatda faol yirik davlatlar, ayniqsa, AQShning ko‘zlagan maqsadlari bor. Jumladan: Butun Shimoliy Afrikaga hukmron bo‘lish hamda Liviyadan u erga kirishda darvoza sifatida foydalanish. Binobarin, ayni mintaqada uzoq yillardan beri hukmron bo‘lib kelayotgan Evropaning, xususan, Britaniya va Frantsiyaning nufuzini pasaytirish.
Misr bilan Jazoir ham bu kurash xavfidan ogohlikka chaqirishdi. Bevosita bo‘lmasa ham, aralashishdi. Jazoir mojaroni hal etish yo‘lida tomonlar ishtirokida bir konferentsiyaga mezbonlik qildi.
Jazoir prezidenti Abdulmajid Tabbun 2020 yil 19 yanvarda Berlinda o‘tkazilgan Liviyaga oid konferentsiyada bunday dedi: «Liviya inqiroziga ajnabiy davlatlarning aralashishi hamda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoganning Suriyadan Liviyaga terrorist va jangarilarni yuborishi, bularning barchasi yurt inqirozini yanada murakkablashishiga hissa qo‘shdi. Zotan, Jazoirni Livan bilan ming kilometrga yaqin chegaralar bog‘lab turadi. Shu bois men noma’lum tomonga adashmaslik uchun yo‘l xaritasini belgilashga chaqiraman». Jazoir Tashqi ishlar vaziri Sabriy Buqadim ham 2020 yil 17 fevralda «Bilad» gazetasiga bergan intervьyusida Liviyadagi xorijiy aralashuvlar bu yurtda davom etayotgan «vakillik urushi»ni kuchaytirayotganini ta’kidladi. Jazoir hukumati liviyalik birodarlar o‘rtasida yana bir muloqot va yarashuv yig‘iniga mezbonlik qilish tashabbusi bilan chiqdi, dedi».
Misr Tashqi ishlar vazirligi 2020 yil 2 yanvarda chiqargan bayonotida bunday deyildi: «Misr Arab Respublikasi Turkiyaning Liviyaga bo‘lgan har qanday aralashuvi va uning oqibatlaridan ogohlantiradi. Bunday aralashuv O‘rta er dengizi mintaqasining barqarorligiga salbiy ta’sir qiladi, buning javobgarligi esa, to‘liq Turkiya zimmasiga tushadi. Turkiyaning Liviyaga harbiy aralashuvi ehtimoli, umuman arab milliy xavfsizligiga, xususan, Misr milliy xavfsizligiga tahdid soladi. Bu esa, bizni arab manfaatlarini ayni tahdidlardan himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rishga undaydi».
Ma’lumki, Fayz Sarroj bosh vazirlik qilayotgan Liviya Vifoq hukumati xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan. Shu bois, Amerika ham, boshqa davlatlar ham unga o‘z dushmanligini ochiq-oshkor qilolmayapti. Shuningdek, Amerika o‘z malayi Haftarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlolmayapti, balki Sisiy va Erdogan singari boshqa malaylari orqali qo‘llab-quvvatlamoqda. Masalan, Turkiyaning Liviyaga aralashuvi, xuddi Suriyaga aralashuviga o‘xshaydi, ya’ni, Haftar foydasiga kelajakdagi siyosiy echimlarni ta’minlayapti. Bu haqda AQSh elchixonasining Mavaqqat ishlar vakili Joshua Xarris 2020 yil 4 martda Liviyadagi Vifoq hukumati ichki ishlari vaziri Fathiy Boshog‘a bilan uchrashib, bunday dedi: «Elchixonamiz Liviyadagi tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikka tahdid soluvchi shaxslarga nisbatan jazo qo‘llashga va’da beradi». Xarris Qo‘shma Shtatlarning o‘t ochishni to‘xtatishga qaratilgan Liviya xatti-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini hamda yurtdagi barcha tomonlar o‘rtasida tinchlik dialoglari uyushtirishini ta’kidladi. Shuningdek, elchixonamiz AQShning 13726 sonli farmonini to‘liq bajarishni ta’minlash uchun vazir Fathiy Boshog‘a bilan birgalikda harakat qilishini ta’kidladi. Bu farmonda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikka tahdid soluvchi shaxslarga jazo qo‘llash aytilgan.
Xo‘sh, Evropa o‘zining yurt ichkarisiyu tashqarisidagi tobelari bilan Liviyadagi «qonuniy» Vifoq hukumatining AQSh hukmronligi va siyosiy fitnalari qarshisida yiqilayotganini ko‘rib turib, bu holga jim turadimi?! Qo‘shni davlatlar, ayniqsa Jazoir Haftar bilan uni qo‘llab-quvvatlovchi qo‘shni davlatlarning Liviyaga hukmronlik qilishayotganini va yurt kelajagiga nisbatan tahdid solayotganini ko‘rib, bunga sukut qilishadimi?!
Gap shundaki, Liviyadagi kurash eng xavfli kurashlardan biri bo‘lib, Shom va Yamandagi kurashlardan xavf-xatar jihatidan kam emas, hatto undan ham xavfliroq. Ichki tomondan ham, xalqaro va regional jihatdan ham qo‘llab-quvvatlanayotgan bu kurashning juda xavfli regional kurashga olov yoqishi, olov xususan Misr bilan Jazoirga tutashib ketishi, uning alangasidan Tunis va Marokash ham zarar ko‘rishi ehtimoldan xoli emas.
Ammo taassuf qo‘zg‘atayotgan va yuraklarimizni og‘ritayotgan narsa shuki, musulmon o‘lkalardagi bu kabi qonli kurashlar G‘arbning, ayniqsa, kofir nasroniy davlatlarning siyosatiga va mustamlakachilik maqsadlariga, xizmat qilmoqda. Bir vaqtda esa, yahudiylar Falastinning chor atrofida bemalol izg‘ib, ekinzoru nasllarni vayron qilib, kechayu kunduz fasod tarqatib, muborak Aqso masjidini toptashyapti-yu, biroq Turkiyaning Falastinga yordam berish uchun aralashayotganini eshitmayapmiz.
Qachongacha xalqlar bu ruvaybizalarga qul bo‘lib sukut qilaveradilar. Nahotki, Ummat uchun o‘z elkasidan bunday iflos hukmdorlarni yiqitish va o‘zlari o‘rtasida Alloh Azza va Jallaning hukmini joriy qilish vaqti kelmagan bo‘lsa?! Alloh Azza va Jallaning ushbu kalomida aytilganidek, Ummat qayta insonlar uchun chiqarilgan eng yaxshi Ummatga aylanmaydimi?!
كُنتُمْ خَيْرَ أُمَّةٍ أُخْرِجَتْ لِلنَّاسِ تَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَتَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنكَرِ وَتُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ
«(Ey ummati Muhammad), odamlar uchun chiqarilgan ummatlarning eng yaxshisi bo‘ldingiz. Zero, ma’rufga buyurasiz, munkardan qaytarasiz va Allohga imon keltirasiz» [Oli Imron 110]
Roya gazetasining 2020 yil 18 mart chorshanba kungi 278-sonidan