Jeenbekov Islom taraqqiyot bankidan yordam so‘radi

545
0

Jeenbekov Islom taraqqiyot bankidan yordam so‘radi

 Qirg‘iziston Islom taraqqiyot bankidan yordam so‘radi. Prezident Sooronbay Jeenbekov 8-aprelda bank prezidenti Bandar Hajar bilan telefon orqali so‘zlashib, koronavirus tarqalishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yumshatish uchun Qirg‘izistonga yordam ko‘rsatish imkoniyatlarining ko‘rib chiqishni iltimos qildi.

 Bandar Hajar koronavirus dunyo mamlakatlari aholisi va iqtisodiyoti uchun jiddiy tahdid solayotganini ta’kidlab, Qirg‘izistonga tegishli yordam ko‘rsatish masalasi ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

 Shuningdek, Jeenbekov 8-aprel kuni Evropa tiklanish va taraqqiyot banki vitse-prezidenti Alan Pillu bilan ham telefon orqali muloqot qilib, hamkorlik va yordam ko‘rsatish masalalarini muhokama qildi.

 Bunga qadar Jeenbekov koronavirus pandemiyasi mamlakat iqtisodiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini aytib, Jahon banki, Evropa ittifoqi, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta fondidan yordam so‘ragan edi.

 Izoh: Qirg‘iziston hukumati o‘z ichki imkoniyatlarini hisobga olmay koronavirus olamiy vahimasi karvoniga qo‘shilib, mamlakatda favqulotda holat e’lon qilib oldi. Buning natijasida davlat va fuqarolarning iqtisodiy hayoti deyarli to‘xtab, fuqarolar ishsiz va daromadsiz qoldi. Jeenbekov bu iqtisodiy inqiroz holatidan chiqish uchun duch kelgan xalqaro tashkilot va banklar eshigiga bosh urib, qarz va yordam so‘rashi ortidan Qirg‘iziston xalqi va davlatini qarz botqog‘iga botirib bormoqda. Shubhasiz, bu tashkilot va banklar ajratadigan yordamlar evazsiz bo‘lmaydi. Qolaversa, olinayotgan bu qarz va mablag‘larni o‘z o‘rniga sarflanishi dargumon. Masalan, qirg‘iz hukumati Jahon bankidan olgan 12,15 million dollarning 9 millioni aynan koronavirusga qarshi kurashish uchun ajratilgani xabar qilingan edi. Ammo, bugungi kunda Qirg‘izistonda koronavursga qarshi kurashda birinchi safda turgan tibbiyot xodimlarining bu illatni o‘zlariga yuqtirib olmaslik uchun himoya kiyimi va vositalari bilan to‘la ta’minlanmagani ortidan hozir tibbiyot xodimlari orasida kasallikka chalinganlar 30tadan oshib ketdi, 100dan ziyod tibbiyot xodimi observatsiyada yotishipti. Uzoq va yaqin qo‘shnilar tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamlar ham haqiqiy muhtojlarga etib borayotganini savol ostida. Masalan, O‘zbekiston yordam tariqasida 1000 tonna un (20 000 qop) bergani xabar qilingan edi. Ammo Bishkek meriyasi xodimlari fuqarolar xonadoniga ayoq kiyimi bilan kirib borib, ikkita oilaga 10 kilogramm unni bo‘lishib olish sharti bilan tarqatib chiqishdi…

 Bir kun kelib koronavirus pandemiyasi ham tugaydi, in sha Alloh. Ammo xalq zimmasida ado etib bo‘lmas qarz qoladi. Shuning uchun ham qirg‘iz hukumati etakchi davlatlarga taqlid qilib xalqni yoppasiga uy qamog‘iga tashlagandek ushlab o‘tirmasdan bu illatga qarshi shar’iy yo‘l bilan qarshi turishi lozim. Ya’ni kasallik chiqqan erida izolyatsiya qilishi, bemorlarni karantinga olishi, ularni g‘amxo‘rlik bilan parvarishlab, sog‘lom odamlarni o‘z ishlarini davom ettirishlariga imkon berish zarur. Ijtimoiy va iqtisodiy hayot xuddi kasallik kelib chiqishidan oldin qanday bo‘lgan bo‘lsa, shunday davom etaverishi kerak.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.