EOII bosh vazirlari Olma-otada yig‘ilishdi
31 yanvar kuni Olma-otada an’anaviy ravishda tor va kengaytirilgan shaklda Evrosiyo hukumatlararo kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya, Qozog‘iston, Armaniston, Belarus va Qirg‘iziston bosh vazirlari: Mixail Mishustin, Asqar Mamin, Nikol Pashinyan, Sergey Rumas, Muxammedkalыy Abыlgaziev ishtirok etdi. Bu haqda “Sputnik” Qozog‘iston xabar qildi.
Tor doiradagi uchrashuvda Qozog‘iston, Rossiya va Belarus hukumatlari rahbarlari, Armaniston va Qirg‘iziston bosh vazirlarining o‘rinbosarlari “Global iqtisodiyotning raqamli kelajagi” forumida ishtirok etishdi. Bu yil uning asosiy mavzusi – katta ma’lumotlar va sun’iy intellekt asosida mintaqaning barqaror rivojlanishini yo‘llari bo‘ldi.
Olmaotadagi uchrashuvda bosh vazirlar 12 ta masalani muhokama qilishlari kutilmoqda. Evroosiyo iqtisodiy ittifoqining (EOII-EAES) faoliyati va uning me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish munozaraning asosiy yo‘nalishi hisoblanadi.
“Hukumat rahbarlari xalqaro qoidalar va boshqa integratsiya birlashmalarining tajribasini hisobga olgan holda, EOIIning maxsus himoya, antidemping va qoplash choralarini qo‘llash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha bir qator masalalarni, shuningdek, a’zo davlatlarning tegishli me’yoriy-huquqiy bazani o‘zgartirish bo‘yicha takliflarini ko‘rib chiqadilar”, – dedi Rossiya xukumati apparati rahbarining o‘rinbosari Elьmir Tagirov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, EOIIning yagona tovar bozori samaradorligini oshirish maqsadida “fitosanitariya va veterinariya nazorati sohasida milliy kuzatuv ma’lumot tizimlari va axborot tizimlarining integratsiyasini muhokama qilish”, shuningdek davlat xaridlari sohasidagi milliy rejim faoliyatining ayrim jihatlari muhokama qilinadi.
Izoh: Rossiya boshchiligida tashkil etilgan EOII doirasida turli darajada – davlat rahbarlari, Oliy iqtisodiy kengash yoki bosh vazirlar darajasida bo‘lishidan qat’iy nazar – uchrashuv va yig‘ilishlar o‘tkazib kelinayotgan bo‘lsada, bu yig‘ilish va uchrashuvlardan biror natija kutish kerak emas. Garchi, EOIIning asosiy tamoyili “to‘rt erkinlik” – ishchi kuchi, kapital, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishdan iborat bo‘lishiga qaramay bu erkinliklar asosan Rossiya va ittifoqqa a’zo boshqa iqtisodiy qudratliroq bo‘lgan davlat rahbarlarining xohish irodasiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Ular istagan vaqtda “fitosanitariya va veterinariya nazorati” bahonasi o‘z hududlariga tovarlar kirishini cheklab qo‘yishmoqda va bu ittifoqdan faqat Rossiyagina foyda ko‘rmoqda.
Evrosiyo iqtisodiy komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilning yanvar-sentyabrь oylari mobaynida Qozog‘iston EOIIning boshqa a’zolariga 4 mlrd. dollarlik mahsulot eksport qilgan, ulardan esa deyarli 9.3 mlrd. dollarlik tovar va xizmatlar import qilgan. Tashqi savdo manfiy salьdosi 5.3 mlrd. dollarga teng.
Belarusning tashqi savdo manfiy salьdosi 4.7 mlrd. dollar (eksport 9.4 mlrd. dollar, import – 14.1 mlrd. dollar), Qirg‘izistonniki – 925 mln. dollar (eksport – 391,6 mln. dollar, import – 1.3 mlrd. dollar), Armaniston – 513.6 mln. dollar (eksport – 465.4 mln. dollar, import – 979 mln. dollar).
Ittifoqqa a’zo mamlakatlardan faqat Rossiyaning savdo balansi ijobiy. Rossiya hisobot davrida 11.2 mlrd. dollarlik ijobiy salьdo ko‘rsatgan. Bunda eksport hajmi 24.4 mlrd. dollar bo‘lsa, import 13.2 mlrd. dollarni tashkil qilgan.
Abdurahmon Odilov